“Navbahor”ni tark etgan Inatsning jamoadagi ko‘rsatkichlari

  • 13.06.2018 18:49
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol

Joriy mavsum arafasida Namanganning “Navbahor” klubiga yaxshi niyatlar bilan taklif etilgan serbiyalik hujumchi Nenad Inats bilan tuzilgan shartnoma har ikki tomonning kelishuviga muvofiq, bekor qilindi.

Bu haqda “lochinlar” ustozi Ilhom Mo‘minjonov 15-tur doirasidagi “Navbahor” – “Qo‘qon-1912” (3:0) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida xabar berdi.

Inats joriy mavsumning ilk bahslarida jamoaning o‘yiniga unchalik kirishib keta olmadi. Endigina “Navbahor”ga moslashganida esa jarohat oldi. Qisqasi, serbiyalik forvard o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish etolmadi. Shu sababli, u bilan tuzilgan shartnoma bekor qilindi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Inats Pepsi Superliga bahslarida “Navbahor” tarkibida 8ta o‘yinda maydonga tushib, 459 daqiqa harakat qildi. Nenad 6ta o‘yinda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, keyin alishtirilgan bo‘lsa, 2ta uchrashuvda zaxiradan maydonga tushirildi. Mazkur 8ta o‘yinda serbiyalik hujumchi 1ta golga mualliflik qilib, 1ta sariq kartochka oldi.

Inats o‘z golini 7-tur doirasidagi “Navbahor” -  “Bunyodkor” (2:1) uchrashuvida urib, namanganliklarning g‘alabasiga munosib hissa qo‘shgandi. Ajablanarlisi, Nenad aynan mazkur bahsda ogohlantirilgandi.

Bundan tashqari, serbiyalik forvard O‘zbekiston kubogi 1/16 final doirasidagi “Andijon” – “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda ham zaxiradan maydonga tushib, 36 daqiqa harakat qilgandi. Afsuski, o‘sha bahsda namanganliklar 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib, kubok bahslaridan chiqib ketishdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!