
"Navbahor"ning "Nasaf"ga qarshi o‘yini oldidan viloyat hokimi futbolchilarga uning ismlari yozilgan soat sovg‘a qildi (Foto)
Kecha “Navbahor” o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingohda yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrullo Bozorov, Namangan shahar hokimi, “Navbahor” PFK prezidenti Olim Isaev, klub vitse-prezidenti Oybek Samatov, shuningdek, rahbariyat, “Markaziy” o‘yingoh direktori Nabixon Abdug‘aniev, jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilar ishtirok etishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, koronavirus pandemiyasi sababli, butun dunyo, shu jumladan, O‘zbekistonda ham futbol o‘yinlari vaqtincha to‘xtatilganligi, 13 iyundan yurtimizda yana Coca Cola Superliga bahslari restart olayotganligi quvonarli holat ekanligi, jamoa oldiga joriy mavsumda yuksak maqsad, ya’ni Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilganligi, buni amalga oshirish uchun futbolchilar bahamjihat, maydonda jonkuyarlik bilan to‘p surishlari lozimligi, muxlislarga o‘z g‘alabalari bilan quvonch ulashish futbolchilarga bog‘liq ekanligi, jamoaga yuragida o‘ti bor, “Navbahor” sha’ni uchun kurashadigan o‘yinchilar kerakligini ta’kidladi.
Shuningdek, Xayrullo Hayitbaevich Igor Golbanni O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilganligi bilan qutlab, uning faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Shundan so‘ng, klub prezidenti Olim Isaev so‘zga chiqib, futbolchilar xalqqa xursandchilik baxshida etadigan kasb sohiblari ekanligi, koronavirus pandemiyasi davrida muxlislarga o‘zlarining g‘alabalari bilan quvonch hadya etishlari lozimligini aytib o‘tdi.
So‘ngra, “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis, jamoa sardori Azimjon Ahmedov, etakchi futbolchilardan biri Azizbek Turg‘unboev so‘zga chiqib, “Navbahor”ga yaratilayotgan sharoitlar uchun Xayrullo Bozorov, shuningdek, klub rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib, bu yil jamoa o‘z oldiga qo‘ygan maqsadini amalga oshirishi, ishonchni oqlash uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilishlarini ta’kidlashdi.
14 iyun kuni Coca Cola Superliga 4-turidan o‘rin olgan, safarda Qarshining “Nasaf” jamoasiga qarshi kechadigan bo‘lajak o‘yin oldidan futbolchilarni ruhlantirish maqsadida, klub rahbariyati tomonidan jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilariga ism-shariflari yozilgan esdalik qo‘l soatlari sovg‘a qilindi hamda uni Namangan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov topshirdi.
Yig‘ilish so‘nggida jamoaga Qarshidagi hamda joriy mavsum davomidagi uchrashuvlarda omad yor bo‘lishi, OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishini tilashdi.
Fikrlar