
"Neftchi" bilan muvaffaqiyatsizlikka uchragan Bahrom Haydarov!
Farg‘onaning «Neftchi» klubi o‘z tarixida ilk bor pro-ligaga tushib ketdi va bu yil u erda ishtirok etmoqda. O‘tgan yili Superligada omadsiz ishtirok etishi oqibatida muxlislarining xafsalasini pir qilgani ham rost. O‘tgan yildan boshlab «Neftchi» bosh murabbiyi sifatida ishga kirishgan Bahrom Haydarov yaqinda o‘z arizasiga binoan iste’foga chiqdi. Aslida o‘tgan yilgi muvaffaqiyatsizlikka qaramasdan Haydarov jamoada qolgandi va bu yil «Neftchi»ni Superligaga qaytarish uchun ishni boshlagandi. Biroq mavsum farg‘onaliklar uchun muvaffaqiyatsiz boshlandi. O‘z maydonida ketma-ket ikki marta yutqazib qo‘yishdi. Keyin esa Bahrom Haydarovning ishdan bo‘shaganligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Afsuski, «Neftchi» ushbu murabbiy boshchiligida omadsizlikka yuz tutdi. Natijada Haydarov hammasini boshidan boshlab, o‘zi jamoani Superligaga qaytarish istagida yurgandi. Biroq bu istak unga nasib qilmagan ko‘rinadi. Yaqinda esa uning otasi vafot etdi. Aytish mumkinki, u hayotning turli qiyinchiliklariga duch keldi. Kuni kecha o‘zi bilan muloqotda bo‘ldik. Murabbiy jamoadan nima uchun ketgani, klubda qanday ishlagani va yana boshqa masalalarda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Hayotda futboldan ham azizroq narsalar bor»
- Biz yaxshi niyatlar bilan yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlagandik, - deya gap boshladi, Haydarov. - Shunga yarasha bir qator Superligada o‘ynagan futbolchilarni taklif qildik va ular bizning taklifimizga yo‘q deyishmasdan «Neftchi»ga kelishgandi. Rahbariyat ham oldimizga Superligaga qaytish vazifasini qo‘ygandi. Afsuski, chempionatning birinchi turida «Xorazm»ga yutqazib qo‘ydik. Shundan keyin oilamda muammolar bo‘ldi. Buning natijasida jamoamning mashg‘ulotlar jarayonlarida ishtirok eta olmadim. O‘ylab qarasam, bosh murabbiyning asosiy ishi baribir o‘z jamoasida bo‘lishi kerak. Agarda bosh murabbiylikdan tashqari yana boshqa ish bilan shug‘ullansangiz ham bu jamoaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ishingizning ham samarasi bo‘lmaydi. Oilaviy sharoitim shuni taqozo etdiki, men doim ham jamoa bilan birga bo‘la olmasdim. Natijada klubdagilar bilan hammasini maslahatlashdik va ularga o‘rnimga boshqa murabbiy qo‘yinglar deb aytdim. Shundan so‘ng o‘z xohishim bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozdim. Lekin ko‘pchilik mening qoniqarsiz natija tufayli ketdi deb iste’foga chiqqanimni noto‘g‘ri talqin qilishyapti. Men bunday qarorga kelish uchun ko‘p o‘yladim. Ham o‘zim uchun, ham jamoam uchun shunday yo‘l tutdim. Hayotda shunday holatlar borki, u kasbingizdan ham, futboldan ham azizroq. Albatta, «Neftchi»ni yaxshi ko‘raman. Biroq men uchun bundan-da azizroq narsalar bor. Bu qarorga kelishdan oldin esa hammasini rosa o‘ylab chiqdim.
«Muammolarga qaramasdan oxirigacha kurashdik»
- Futbolchi sifatida «Neftchi»da yanada yaxshiroq tanilgan bo‘lsam, murabbiylikda ham «Neftchi»da nom qozondim deb o‘ylayman. Klubda olti yil ishlagan bo‘lsam, o‘tgan vaqt davomida faqat halol mehnat qildim. «Neftchi» jamoasida ishlaganimdan sira ham afsuslanmayman. Jamoa uchun borimni berib ishladim. Lekin murabbiylarga juda qiyin. Ko‘pchilik murabbiylik kasbini tushunmaydi, ammo biz hammasiga chidashimiz kerak. Futbolchi sifatida o‘ynab ko‘plab murabbiylarning qiynalganini ko‘rganmiz. O‘zim ham bu sohada ishlab ko‘plab qiyinchiliklarni boshimdan o‘tkazdim. Ishqibozlarga maslahatim bor, ular jamoadagi ichki holatni bilmay turib, haqoratlab, tanqid qilaverishlari kerak emas. Muxlis hamma vaqt o‘z jamoasini qiyin paytda ham qo‘llab-quvvatlab turishi lozim. Hech kimga yashirishning keragi yo‘q, o‘tgan yilgi mavsumning yarmidan boshlab jamoada qiyinchiliklar bo‘ldi. Ayniqsa, moliyaviy tarafdan muammolarga duch keldik. Bunday holat «Neftchi»ning tarixida bo‘lmagandi. Biz yutqazgan o‘yinlarimizda ham oxirigacha mardonavor kurashdik deb bemalol ayta olaman. Klubning obro‘sini o‘ylab, har xil qing‘ir ishlarga aralashmadik, ya’ni, kelishilgan o‘yinlardan uzoqda bo‘ldik. Biror marta noto‘g‘ri yo‘ldan yurmadik va «Neftchi»ning obro‘siga putur etadigan ish qilmadik. Oxirigacha klubni saqlab qolishga harakat qildik. To‘g‘ri, mavsum biz uchun omadsiz kechdi va afsuski, «Neftchi» quyi ligaga tushib ketdi. Biroq boya aytganimdek, biz oxirigacha vijdonan kurashdik. Shuning uchun har doim yuzimizni tik tuta olamiz.
«Neftchi» pro-ligada eng kuchlisi»
- «Neftchi» jamoasi hozir yaxshi holatda. Pro-liganing «A» guruhida «Neftchi»ni eng kuchli jamoa deb hisoblayman. Ochig‘i, yuzim yorug‘, ko‘nglim xotirjam. Klubni tark etganimdan vijdonim qiynalayotgani yo‘q. Yaxshi tarkibni to‘plagandik. Faqat futbolchilarning o‘zlari ham maqsadga erishishni ich-ichlaridan xohlashlari kerak. Buning uchun astoydil mehnat qilishlari talab etiladi. Agar borlarini berib o‘ynashsa, Superligaga chiqish albatta ularning qo‘lidan keladi. Jamoada yosh iqtidorli futbolchilar bilan birga tajribali o‘yinchilar ham bor. Boyagi aytgan gapim rost, chindan ham «Neftchi» o‘z guruhida eng kuchlisi. Faqat buni amalda isbotlashlari kerak. Agarda klubdagi o‘yinchilar mas’uliyatni chuqur his qilib, o‘z o‘yinlarini ko‘rsatishsa, hattoki murabbiysiz ham o‘ynab maqsadga erishishlari mumkin.
«Biz «Neftchi»da halol ishladik»
- O‘tgan yili «Neftchi»ni qabul qilib olganimda jamoada 4 ochko bor edi. O‘sha paytda menga jamoada bosh murabbiylik qilishni taklif qilishganida hali yosh murabbiyman, keyinchalik muvaffaqiyatsizlik bo‘lsa, menga qanday ta’sir qilarkin, degan narsalarni ham o‘ylaganman. Chunki bunday paytda ko‘pchilik hatto ishni boshlamay turib qo‘rqadi. Ayniqsa, yosh va yangi ish boshlagan bosh murabbiylar baribir hayiqishadi. Chunki mabodo, klub quyi ligaga tushib ketsa, bu murabbiylik faoliyatimga ta’sir ko‘rsatmasmikin degan xadik baribir bo‘ladi. Lekin menda bunday narsa bo‘lmadi. Har doim qandaydir ishga qo‘rqmasdan qo‘l uraman. Ishim qiyinchilikdan iborat bo‘ladimi yoki engillikdanmi, buni menga farqi yo‘q. Qachondir, baribir bosh murabbiylikdagi ishimni boshlashim kerak edi. Hech kim sizga tayyor jamoani berib qo‘ymaydi-ku, to‘g‘rimi? Ochig‘i, «Neftchi» garchi pro-ligaga tushib ketgan bo‘lsa-da, u erda ishlab murabbiy sifatida tanildim deb o‘ylayman. Yana qaytaraman: biz klubda halol ishladik. Agar halol ishlasangiz har doim yuzingiz yorug‘ bo‘laveradi. Murabbiy hech qachon o‘zining ish joyini yo‘qotishdan qo‘rqmasligi lozim. Ertaga ishdan bo‘shab ketsam nima bo‘ladi, degan qo‘rquvli tushunchalarni murabbiy o‘zlaridan yo‘qotishlari kerak. Hozircha murabbiylikdagi ishlarimni o‘ylab, tahlil qilyapman.
Fikrlar