"Neftchi" ishonch bildirgani uchun shu klubga keldim, Prosinechki menga yangi jamoadagi faoliyatimda omad tiladi" - Vladimir Yovovich

  • 21 fevral, 12:20
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bilasiz, “Neftchi” yangi mavsum oldidan tarkibini katta nomlar va tajribali futbolchilar bilan kuchaytirdi. Ularning orasida Chernogoriya terma jamoasi a’zosi Vladimir Yovovich ham bor.

O‘tgan yili “So‘g‘diyona”dagi o‘yinlari orqali hammaning e’tiborini qozongan bu yigit chempionatimizdagi eng kuchli legionerlardan biri bo‘lib turibdi. “Neftchi” esa o‘tgan yilning oxirlaridayoq Yovovich bilan kelishuvga erishib bo‘lgandi.

Kuni kecha Vladimir yangi klubidagi dastlabki taassurotlari borasida Sports.uz ga fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Sizni “Neftchi”da qanday qabul qilishdi va moslashuv jarayoni qanaqa davom etyapti?

- Aytish kerak, hammasi yaxshi va men ko‘plab o‘yinchilarni oldin ham taniganim uchun ko‘nikma hosil qilish jarayoni muammosiz kechmoqda.

- Siz uchun “So‘g‘diyona”dagi eng esda qolarli voqea nima?

- Men uchun oldingi klubimdagi yil yaxshi o‘tdi va o‘sha erda kechgan har bir lahzani eslab qolaman.

- “Neftchi”da qaysi raqamni tanladingiz?

- Raqam men uchun hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Bu erda ham qanday raqam olishimning farqi yo‘q.

- Vodiyda futbol o‘ynash oson emas. O‘ziga yarasha bosim ham bo‘ladi. Siz hammasiga tayyormisiz?

- Faoliyatim davomida bosim ko‘p bo‘lgan. Professional futbolchi bunday holatni sezib yurishi kerak.

- Superligada qaysi jamoaning o‘yini sizga ko‘proq yoqadi?

- “Neftchi”dagilar menga ishonch bildirishdi va shuning uchun bu klubga keldim.

- Chernogoriya terma jamoasidagi faoliyatingiz qanday?

- Terma jamoada 13 yildan beri o‘ynab kelaman va u erdagi faoliyatim oxirlab borayotganini ham sezib turibman.

- Terma jamoangizda asosiy yulduz futbolchilar kimlar?

- Bizda zo‘r futbolchilar ko‘p va aksariyati nomdor klublarda o‘ynaydilar. Ammo ularning orasidan tanlashim kerak bo‘lsa, Savich bilan Yovetichni  ko‘rsata olaman.

- Terma jamoa bosh murabbiyi Robert Prosinechki. Klubingizni o‘zgartirganingizga munosabati qanday bo‘ldi?

- Prosinechki bilan munosabatim a’lo darajada va u menga yangi jamoadagi faoliyatimda omad tiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!