
"Neftchi"da ham, "Andijon"da ham to‘p surgan sobiq futbolchilar qaysi tomonning g‘alabasini xohlashmoqda?
Nihoyat, PFL tomonidan “Neftchi” – “Andijon” ishtirokidagi pley-off bahsi qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, bu o‘yin 15 dekabr kuni o‘sha “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tadi. Faqat uchrashuv muxlislarsiz tashkil etiladi. Bu bitta o‘yindan iborat bo‘ladi va g‘olib jamoa kelasi yili Superligada qatnashadi.
Xabaringiz bor, “Neftchi” klubi aslida pro-liga peshqadami sifatida Superligaga juda yaqin kelgandi. Biroq oxirgi ikkita uchrashuvda yutqazdi. Holbuki, ularni bir ochko ham qoniqtirardi. Ammo og‘zidagi oshni oldirib qo‘ydi. Ustiga-ustak “Turon”ga qarshi o‘yinda yuz bergan voqealar sababli O‘FA klubni jazoladi. Ayni paytda jamoada bir qator muammolar bor. Masalan, O‘FA besh nafar futbolchisini diskvalifikatsiya qilganidan xabardorsiz. Ulardan uch nafari asosiy tarkib futbolchisi edi. Buning ustiga jamoaga 100 million so‘m miqdorida jarima ham belgilandi. Bosh murabbiy esa iste’foga chiqarilgan.
Ayni paytda klub mana shunday qiyinchiliklar bilan o‘yinga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biroq bu vodiy derbisi bo‘lib, bunda jamoalar har qanday holatda ham g‘alaba uchun oxirigacha kurashishadi. Xullas, mazkur o‘yinga qiziqish katta. E’tiborlisi, “Neftchi”da ham,” Andijon”da to‘p surgan taniqli sobiq futbolchilar bir talay. Ular sports.uzga jamoalarning imkoniyatlari borasida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Bahrom Haydarov: “Natija qanday bo‘lishini bilmaymanu, ammo tengma-teng o‘yin bo‘ladi”
- Birinchidan, bu bitta o‘yindan iborat. “Neftchi”ning pro-liga, “Andijon” bo‘lsa, Superliga jamoasi ekanini esdan chiqarishimiz kerak. Ushbu qarama-qarshilik faqat bitta bellashuvdan iboratligi hisobiga jamoalar bir xil vaziyatda. To‘g‘ri, “Andijon” Superliganing, “Neftchi” esa pro-liganing saviyasida ishtirok etishdi. Lekin boya aytganimdek, bitta uchrashuvga bu narsalar ta’sir qilmasligi mumkin. Odatda, bunday jamoalar to‘qnash kelganida, ularning qaysi ligada, qaysi o‘rindaligi va qanday futbolchilar to‘p surayotganining farqi yo‘q. Natija qanday bo‘lishini bilmaymanu, lekin tengma-teng o‘yin bo‘lsa kerak. Axir bu derbi! “Andijon” Superligada pastki qatorlarga tushib ketgani uchun o‘zini bu uchrashuvda o‘zini oqlashga harakat qiladi. “Neftchi” jamoasi esa ikkita o‘yinda bir ochko olsa bo‘lgani edi. Qo‘lida turgan tayyor imkoniyatni yo‘qotgani uchun muxlislar oldida futbolchilar yana o‘zini isbotlashi uchun bor kuchini ishga soladilar. To‘g‘risi, ikkala klubda ham to‘p surganman. Bunday paytda birortasiga jiddiy muxlislik qilishim qiyin. Aslida ikkala klubni ham Superligada ko‘rsam yaxshi bo‘lardi. Biroq farg‘onalik bo‘lganim uchun baribir o‘sha kuni “Neftchi”ga ishqibozlik qilaman. Imkoniyatlarni 50x50 baholayman.
Sherzod Rayimjonov: “Farg‘onalik sifatida “Neftchi”ga muxlislik qilaman, lekin...”
- Yuz bergan voqealarni bir chetga surib, futbol ichidagi inson sifatida aytadigan bo‘lsam, avvalo uchrashuv muxlislarsiz o‘tadi. O‘zim “Neftchi”da 10 yil to‘p surdim va Rayimjonov sifatida tanildim. Boz ustiga farg‘onalikman. Shu bois tabiiyki, “Neftchi”ning Superligaga qaytishini istayman. Ayni paytda farg‘onalik muxlislar yuz bergan ishlardan aziyat chekishyapti. Shuni hisobga olganda, ishqiboz sifatida “Neftchi”ga muxlislik qilaman. Lekin degan joyi bor. Chunki Superliga bilan pro-liga o‘rtasida tafovut bor. Bir nechta faktorlar mavjud. “Neftchi” o‘z uyida o‘ynagani bilan muxlislarisiz harakat qiladi. Bu degani 12-o‘yinchisiz. Faqat futbol printsiplari bo‘yicha o‘yin bo‘ladi. “Andijon” 13-o‘rinni egallagan bo‘lsa ham ular Superligada qatnashdi. “Neftchi”ning pro-ligadagi raqiblariga hurmatni saqlagan holda aytish mumkinki, “Andijon” jamoasi oxirgi rasmiy bellashuvlarda “Nasaf”, “Paxtakor”, “Qo‘qon-1912” kabi raqiblar bilan bellashdi. Futbol faktori bilan qaraydigan bo‘lsak, “Andijon”da imkoniyat yuqoriroq. Chunki bu klub Superliga ishtirokchisi. Umuman olganda, bu uchrashuvni orziqib kutyapman. Ajoyib derbi bo‘ladi. “Neftchi”ning minus tomonini o‘z maydonida o‘ynayotgani yopib yuboradi, “Andijon”ning esa safarda o‘ynayotganini uning saviyasi yopadi. Lekin bir jihatdan xursandmanki, o‘zbek futboliga vodiy futboli halollikni ko‘rsatib qo‘ydi. Nega deganda, “Neftchi” – “Turon” o‘rtasidagi bellashuvdan avval turli gap-so‘zlar ko‘payib ketgandi. Bunga javoban butun O‘zbekiston ushbu o‘yinning qanday halollik ostida o‘tganini ko‘rdi. “Neftchi” – “Andijon” bahsida ham ana shunday halol o‘yinni ko‘ramiz, deya ishonaman. Ikkala jamoaning imkoniyatini teng baholayman.
Akmal Xolmatov: “Kim kuchli bo‘lsa, o‘sha yutsin”
- To‘g‘risi, chiroyli futbol tarafdoriman. “Neftchi” yutadimi yoki “Andijon”mi, muhimi yaxshi o‘yin bo‘lsin. Kim kuchli bo‘lsa, o‘sha yutsin. To‘g‘ri, Xolmatov sifatida “Neftchi”da tanildim. Shunday ekan, ushbu jamoaga hayrixohman. Lekin futbolning o‘z printsipi bor: kim kuchli bo‘lsa, o‘sha yutsin. O‘tgan ishlar o‘tib ketdi. Endi bunday salbiy holatlar bo‘lmasin. “Andijon”ning “Nasaf” bilan o‘yinini ko‘rdim. Maydonning sifatsiz ekanini hisobga olsak, “Andijon” yaxshiroq o‘yin namoyish etdi. Har bir uchrashuv o‘ziga xos yangilik bo‘ladi. Masalan, kecha yaxshi o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsangiz, bugun buning aksi bo‘lishi mumkin. 15 dekabr kuni ikkala jamoaga ham omad tilayman. Kimda xohish va tayyorgarlik yaxshi bo‘lsa, o‘sha jamoa yutadi, deb o‘ylayman. Men ham, siz ham futbolning tarafdorimiz.
Abdumajid Toirov: “Andijon”ning imkoniyati baland”
- “Neftchi” o‘z maydonida o‘ynaydi. Ammo oxirgi voqealarni hisobga oladigan bo‘lsak, bu jamoada katta muammolar bor, tarkib, ruhiy tayyorgarlik, murabbiy masalalarida. Shuni ham aytish kerakki, har bir jamoa o‘zi ishtirok etayotgan musobaqadan kelib chiqib vazifa qo‘yadi. “Neftchi”ning tarkibi pro-liganikiga mos. “Andijon” esa Superligada 13-o‘rinni egallagani bilan uning tarkibi va imkoniyati baland. O‘ylashimcha, o‘sha uchrashuvda 60x40 “Andijon” foydasiga baholayman. “Neftchi”ning hozirgi holatini hisobga olganda baribir andijonliklarning imkoniyati yuqori. Lekin yaxshi o‘yin bo‘ladi. Har doim vodiy jamoalari ishtirokidagi uchrashuvlar juda murosasiz o‘tadi. Men bu o‘yinni kutaman. Agar imkoniyatim bo‘lsa, Sherzod Rayimjonov, Bahrom Haydarov va boshqa do‘stlarimiz bilan o‘yinni stadionda ko‘rmoqchiman. Eshitishimcha, stadionga muxlislar kiritilmaydi. Menda esa O‘FA tomonidan berilgan ruxsatnoma bor. Qolaversa, men “Paxtakor” selektsioneriman. Shuning uchun bu derbini kuzatish juda qiziq. Futbol ehtiroslar o‘yini. Ishonamanki, ajoyib uchrashuv bo‘ladi. “Neftchi”ning ayrim o‘yinlarini kuzatdim. Menga kerakli futbolchilar bu klubda to‘p surayotgani uchun tomosha qildim. “Turon”ni ham sinchkovlik bilan kuzatdim. “Andijon”ning tarkibini ham bilaman, kim qanday kuchga egaligi borasida tasavvurim bor.
Anvar Berdiev: “Pley-offda hamma narsa bo‘lishi mumkin”
- Derbi doim o‘z nomi bilan derbi. Bunda jamoalarning qaysi o‘rindaligini farqi yo‘q. O‘zim ham futbolchi sifatida ko‘plab bunday derbilarda qatnashganman. Bilasizmi, maydonda o‘zingiz kutmagan holatlar bo‘lishi mumkin. “Neftchi”da ham, “Andijon”da ham imkoniyat yaxshi. Bilasiz, uzoq yillar davomida “Neftchi” sharafini himoya qilganman. Agar “Andijon” pley-offda “Neftchi” emas, balki boshqa jamoa bilan o‘ynaganida andijonliklarga muxlislik qilardim. Albatta, ushbu klubda to‘p surganman. Ozmi-ko‘pmi, ashaddiy muxlislari bilan tanishganman. Ularni hech qachon yodimdan chiqarmayman. Bu jamoa ishqibozlarining O‘zbekistonda o‘z o‘rni bor. Ularga o‘zimning salomimni yo‘llamoqchiman. Faqat vaziyat shunday bo‘lib qoldiki, “Andijon” pley-offda “Neftchi”ga qarshi to‘p suradi. Albatta, kuchlisi yutishini istayman. Biroq faoliyatimning ko‘p qismini Farg‘onada o‘tkazganim bois “Neftchi” jamoasiga muxlislik qilaman. Lekin shuni unutmaslik kerakki, bu bitta o‘yindan iborat bo‘ladi, imkoniyatlar esa teng. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Ko‘p narsa tayyorgarlikka bog‘liq. Xohlaymizmi-yo‘qmi, Superliga bilan pro-liganing farqi bor. “Andijon”ning kubok doirasida “Nasaf”ga qarshi o‘yinini televizor orqali ko‘rdim. O‘sha kuni maydon egalari yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, menga yoqdi. Yana qaytaraman: pley-off bahsida har narsa bo‘lishi mumkin.
Fikrlar