Nihoyat, "Paxtakor" stadionida gavjumlik, "Metallurg"ning o‘yini muxlislarga qiziq emasmi yoxud tur ishqibozlari xususida
Superliganing 24-turi 1-4 noyabr kunlari o‘tkazildi. Turning oxirgi uchrashuvi 11 noyabrda bo‘lib o‘tadi. Ungacha 6 ta bellashuvga guvoh bo‘ldik. Har bir turda ishqibozlarning tashrifi alohida hisob-kitob qilinadi. To‘g‘ri, “Navbahor” -“Bunyodkor” o‘yini orqali tur yakuniga etadi. Lekin biz ungacha yuqoridagi 6 ta juftlikka to‘xtalib, stadionlardagi tomoshabinlar tashrifi xususida so‘z yuritmoqchimiz.
Doimgidek, qaysidir uchrashuvda ko‘proq, yana qaysidir o‘yinda kamroq muxlislarning tashrifi kuzatildi. Turning markaziy uchrashuvi shubhasiz “Paxtakor” – “Nasaf” o‘rtasidagi qarama-qarshilik bilan bog‘liq edi. Chempionlik uchun kurashayotgan ushbu ikkala jamoa o‘yini darhaqiqat barchaning jiddiy qiziqishlariga sabab edi. Buni tomoshabinlar tashrifidan ham bilsa bo‘ladi. Garchi muhtasham “Paxtakor” stadioni ishqibozlar bilan to‘lmagan bo‘lsa-da, anchadan beri 10 mingdan ziyod muxlisning tashrifi kuzatilmayotgandi. Bu safar “Nasaf”ga qarshi uchrashuvni stadionda 12365 nafar ishqiboz kuzatib bordi. Ularning orasida “Paxtakor”dan tashqari Qashqadaryodan kelgan “Nasaf” muxlislari ham bor edi.

Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tgan “Neftchi” – “Olimpik” bahsiga 7000 ga yaqin ishqiboz keldi. Aniqrog‘i raqamlar 6821 nafarni tashkil qildi. Bu borada eng ko‘p tomoshabin yig‘ish bo‘yicha “Neftchi” “Paxtakor”dan keyin bu turda ikkinchi o‘rinda qayd etildi. Aslida esa bu raqam farg‘onaliklar uchun pasayish o‘rnida qabul qilindi. Chunki bungacha “Istiqlol” stadioni kamida 10 mingdan ziyod muxlislar bilan gavjum bo‘layotgandi. Ishqibozlar tashrifining pasayishini “Neftchi”ning oxirgi paytlarda raqiblariga imkoniyatni boy berayotgani, ochkolar yo‘qotayotgani bilan izohlash mumkin.

24-turda eng kam muxlis Olmaliqdagi stadionda qayd etildi. “Metallurg” – “Surxon” o‘rtasidagi o‘yin ishqibozlarda jiddiy qiziqish uyg‘otmadi, deb hisoblasak bo‘laveradi. Boisi, stadionda bor yo‘g‘i, 423 ishqiboz jam bo‘ldi, xolos. Aksiga olib “Metallurg” kam sonli muxlislari qarshisida raqibiga yutqazib qo‘ydi. Bundan tashqari, Jizzaxda “So‘g‘diyona” – “Buxoro” bellashuvi ham katta qiziqishlarga sabab bo‘lmadi. Stadionda 969 nafar ishqiboz jam bo‘ldi va 1000 taga ham etgani yo‘q. Balki jizzaxliklarning ketma-ket mag‘lubiyatlari ishqibozlarning xafsalasini pir qilgandir. Ammo shu kuni “So‘g‘diyona” mag‘lubiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi.
“Navbahor” – “Bunyodkor” uchrashuvini hisobga olmaganda 24-turning oltita o‘yinini stadionlarda hammasi bo‘lib 23874 ishqiboz kuzatib bordi.
Tur muxlislarining tashrifi
OKMK – “Turon” – 2:1. 1235 tomoshabin
“Qizilqum” – “Andijon” – 3:0. 2061 tomoshabin
“Paxtakor” – “Nasaf” – 1:1. 12365 tomoshabin
“Neftchi” – “Olimpik” – 0:1. 6821 tomoshabin
“Metallurg” – “Surxon” – 0:1. 423 tomoshabin
“So‘g‘diyona” – “Buxoro” – 1:0. 969 tomoshabin



Fikrlar