Nodira terma jamoamizni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi

  • 21 sentabr, 2024, 00:11
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Shaxmat
BEPUL PROPAN

Vengriyaning Budapesht shahri mezbonlik qilayotgan shaxmat olamining eng nufuzli musobaqasi hisoblangan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar va xotin-qizlar terma jamoalari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Butun dunyodan 200 ga yaqin davlat terma jamoalar erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda g‘oliblik uchun kuch sinashyapti. Olimpiada ishtirokchilarining umumiy soni 630 nafar sportchini tashkil qilmoqda. Ulardan 246 nafar grossmeysterlardir.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi musobaqaning to‘qqizinchi turida o‘zbekistonlik shaxmat malikalari Serbiya vakillariga qarshi dona surdi.

Dastlabki ikki taxtada o‘ynagan Afruza Hamdamova hamda Nilufar Yoqubboeva kuchli raqibalari – Teodora Inyak va Marina Gaychin bilan durang qayd etdi. Marjona Malikova harchand qarshilik ko‘rsatmasin, Tiyana Manduraga yutqazib qo‘ydi.

Bu bahsda terma jamoamizni mag‘lubiyatdan Nodira Nodirjonova qutqarib qoldi. Tajribali shaxmatchimiz to‘rtinchi taxtada Yovana Erich bilan bellashdi. Uzoq davom etgan partiyani Nodirjonova 96-yurishdan keyin o‘z foydasiga hal qildi.

Nodiraning mahorati umumiy hisobda durangni ta’minladi – 2:2.

Eslatib o‘tamiz, musobaqa qoidasiga ko‘ra, har bir terma jamoa besh nafar shaxmatchilan tarkib topadi. Har turda ulardan to‘rt nafari dona suradi va bittasi zaxira o‘yinchisi vazifasini bajaradi. Musobaqa shveytsarcha tizimda 11 raunddan iborat bo‘ladi.  

Vaqt nazorati 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, o‘yin tugashigacha 30 daqiqa qo‘shiladi, har bir yurish uchun birinchisidan boshlab +30 soniya beriladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!