
Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov, Jahovir Sindarov va Nodirbek Yakubboev sovrin jamg‘armasi 1.9 million dollarni tashkil etuvchi "FIDE jahon kubogi 2023"da ishtirok etadi, raqiblar bilan tanishing
30 iyuldan 24 avgustga qadar Ozarbayjonning Baku shahrida shaxmat bo‘yicha FIDE tasnifidagi eng nufuzli musobaqalardan biri hisoblangan "FIDE jahon kubogi 2023" bo‘lib o‘tadi. Quvonarlisi, ushbu musobaqada o‘zbekistonlik shaxmatchilar Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov, Jahovir Sindarov va Nodirbek Yakubboev ham dona suradi.
206 nafar duyoning eng kuchli shaxmatchilarini o‘zida jamlagan musobaqaning sovrin jamg‘armasi 1.9 million dollarni tashkil etib, g‘olib 110 ming dollarga ega chiqadi. Shuningdek, top 3 shaxmatchilar 2024 yil jahon tojiga da’vogarlar turnirida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Magnus Karlsen, Hikaru Nakamura, Fabiano Karuana, qolaverda Nodirbek Abdusattorov kabi FIDE top 50 reytingidan o‘rin olgan ishtirokchilar bahslarni to‘g‘ridan to‘g‘ri 2-raunddan boshlaydi.
Musobaqa klassik shaxmatda, nokaut tizimida bo‘lib, har bir bosqichda 2 tadan o‘yin o‘tkaziladi. Kuchlar teng kelgan taqdirda, qo‘shimcha rapid yo‘nalishidagi bahslarga murojaat qilinadi.
Hamyurtlarimizning 1-raunddagi raqiblari bilan tanishing:
Shamsiddin Vohidov (2597) - Abdulla Gayimbali (2483) (Ozarbayjon)
Javohir Sindarov (2659) - Rehen Deng Sipriano (2147) (Shimoliy Sudan)
Nodirbek Yakubboev (2640) - Malek Koniahli (2296) (Suriya)
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Nodirbek Abdusattorov (2725) to‘g‘ridan to‘g‘ri 2-bosqichdan bahslarga kirishadi hamda Zdenko Kozul (2532) (Xorvatiya) va Vahap Sanal (2585) (Turkiya) juftligi g‘olibiga qarshi o‘ynaydi.
Fikrlar