
Nodirbek Abdusattorov superturnirda shaxmatchi ayolga yutqazib qo‘yishiga bir bahya qoldi
Buyuk Britaniyaning London shahri shaxmat bo‘yicha “WR Chess Masters Cup‑2024” superturniri bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqa qoidasiga ko‘ra, bellashuvlar pley-off tizimida o‘tkaziladi va yutqazgan shaxmatchi turnirni tark etadi. Bahslar asosan ikki partiyadan iborat va kuchlar teng kelgan taqdirda uchinchi uchrashuv o‘tkaziladi.
Ushbu nufuzli musobaqada 16 nafar shaxmatchi ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar orasida 15-jahon chempioni hindistonlik Vishvanatan Anand va FIDE yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni bolgariyalik Velesin Topalov ham dona surdi.
Superturnirda yurtimiz sharafini grossmeysterlar Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov himoya qilayotgan edi.
Birinchi turdan o‘rin olgan sakkizta qarama-qarshilikning faqat ikkitasi uchta uchrashuvdan iborat bo‘ldi. Har ikkisi o‘zbekistonlik shaxmat ustalari dona surdi.
Grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Shveytsariya sharafini himoya qilayotgan asli rossiyalik bo‘lgan ayol shaxmatchi Aleksandra Kostenyuk bilan bellashdi. Birinchi partiyada hamyurtimiz kutilmaganda yutqazib qo‘ydi.
Biroq keyingi partiyada Nodirbek Kostenyukni mot qilib, vaziyatni o‘ngladi. Uchinchi partida durang qayd etilgan bo‘lsa-da, Abdusattorov qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, chorak finalga yo‘l oldi.
Javohir Sindarov frantsiyalik Maksim Vishe-Lagrav bilan raqobatlashdi. Tajribali raqibga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvning dastlabki ikki partiyasida durang qayd etilib, kuchlar teng keldi. Hal qiluvchi bahsda omad raqib tomonida bo‘ldi.
Endi Nodirbek Abdusattorovda Javohir Sindarov uchun revansh olish imkoniyati bor. U yarim final yo‘llanmasi uchun bo‘ladigan bahsda aynan Maksim Vishe Lagrav bilan raqobatlashadi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari 18 oktyabr kuni aniqlanadi.
Fikrlar