
No‘’mon Hasanov "Xo‘jand"dagi talabi va maqsadi haqida nimalarni aytdi?
Xabaringiz bor, yaqinda Tojikistonning “Xo‘jand” jamoasida bosh murabbiy o‘zgardi va buning biz uchun e’tiborga molik jihati bor. Bir necha yil davomida klubga ustozlik qilgan Rustam Xodjaev iste’foga chiqdi. Uning o‘rnini hamyurtimiz No‘’mon Hasanov egalladi.
No‘’mon Nurmatovichni bu Tojikistondagi ilk ish faoliyati emas. Bilsangiz, o‘tgan yilning yarmida “Istaravshan” jamoasining boshqaruvini o‘z qo‘liga olgandi. Lekin o‘shanda uning jamoasi omadsizlikka yuz tutib, kuchlilar safini tark etgan. Biroq bu holat Hasanovning murabbiylik tajribasiga soya sola olmaydi. Shuning uchun ham unga bu safar yanada jiddiyroq klubdan taklif kelib tushdi va bunga murabbiy ham ijobiy javob qaytardi.
“Xo‘jand” klubini o‘zbekistonlik ishqibozlar ham yaxshi biladilar. Tojikistonda “Istiqlol”dan keyingi kuchli jamoa sifatida qayd etib kelinadi. O‘tgan yili OFK Kubogida qatnashgani va “So‘g‘diyona”ga qarshi bahs olib borganini ham eslasangiz kerak. Endilikda “Xo‘jand” o‘z oldiga qo‘ygan vazifasini hamyurtimiz bilan birgalikda amalga oshirmoqchi.
No‘’mon Hasanovning yurtimizdagi oxirgi ish joyi “Navbahor” bo‘lganini bilsangiz kerak. Undan avval “Qo‘qon-1912” jamoasiga bosh murabbiylik qilgan. Qolaversa, “Paxtakor”da ham bir necha yillar mobaynida ish olib borgan. U murabbiylikda to‘plagan bilim va malakalarini endi “Xo‘jand” klubida amalga tatbiq etishi kerak.
Tojikiston chempionatida 6 ta tur ortda qoldi. “Xo‘jand” klubi esa 1 g‘alaba, 4 durang hamda 1 mag‘lubiyat bilan musobaqa jadvalida 7 ochko jamg‘arib 8-pog‘onada boryapti. 4 may kuni Hasanov yangi jamoasida o‘zining debyut o‘yinini o‘tkazadi. “Xo‘jand” bu safar o‘z maydonida TsSKA-Pomir jamoasini qabul qiladi.
“Xo‘jand” klubi ijrochi direktori Murod Umarov yangi bosh murabbiyni tanishtirish chog‘ida shunday dedi: “Bizning umumiy vazifamiz shundayki, barchamiz birlashib, izchillik bilan muvaffaqiyatga erishamiz. Shuningdek, Rustam Xodjaevga jamoaga qo‘shgan hissasi va mehnatlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Uning boshchiligida jamoa birinchi bor OFK Kubogining guruh bosqichidan o‘tdi va Tojikiston Kubogi sohibiga aylandi. Uning murabbiylik faoliyatida omad tilayman”.
Jamoaning yangi bosh murabbiysi - No‘mon Xasanov jamoa raxbariyatiga bildirilgan ishonchi uchun minnatdorchilik bildirib o‘tdi va sovrinli o‘rinlardan birini egallashini aytib o‘tdi: “Mening talabim, ishonchli uzatmalar orqali kombinatsion o‘yin namoyish etish. Bizning asosiy maqsadimiz natijaga erishish. Lekin buning uchun tomoshabop o‘yin namoyish etishimiz kerak. Umid qilamanki, bunday kombinatsion o‘yinlar orqali “Xo‘jand” jamoasi muxlislari mehrini qozonib, qiziqish uyg‘ota olamiz”, - dedi Hasanov.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar