
"Norchaev haqidagi barcha ma’lumotlarni to‘plab kelganmiz, endi o‘zbek futboli bilan ko‘proq qiziqsak kerak" - "Alaniya" bosh murabbiyi SPORTS.UZ saytiga intervyu berdi
Yaqinda “Nasaf” tarbiyalanuvchisi Xusayn Norchaev “Alaniya” klubiga transfer qilindi. Endi hamyurtimiz Rossiyada faoliyat olib boradi. Vladikavkazning “Alaniya” klubi Rossiya birinchi divizionida etakchilardan biri va premer-ligaga qaytish asosiy maqsadi.
Jamoa bosh murabbiyi 41 yoshli Zaur Tedeev bo‘lib, futbolchi sifatida ilgari asosan “Alaniya” sharafini himoya qilgan. O‘tgan yildan beri mazkur klubni boshqaryapti. Undan oldin “Rostov”da faoliyat olib borgan.
Xullas, “Nasaf” hujumchisining “Alaniya”ga ko‘chib o‘tishi rasman hal bo‘lgach, Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev ushbu jamoa bosh murabbiyi Zaur Tedeev bilan bog‘landi.
Darvoqe, Zaur Eduardovich bilan saytimiz uchun suhbatni tashkil qilishda bizga yaqindan yordam bergani uchun “Alaniya” futbol klubi matbuot xizmati rahbari Konstantin Dzivaevga minnatdorchiligimizni bildiramiz. Zero, avvaliga Tedeev bilan aloqaga chiqqanimizda u dastlab matbuot xizmati bilan bog‘lanishimizni so‘radi. Shunga asosan Konstantin Dzivaevga taklifimizni bildirganimizda muammosiz suhbatlashishimiz mumkinligini aytdi.
- Avvalambor sizni Xusayn Norchaevning transferi ijobiy hal bo‘lgani bilan tabriklayman. Bu siz uchun qanchalik muhim edi?
- Rahmat. Aytishim kerakki, yaxshi futbolchini qo‘lga kiritdik. Umid qilamanki, bu biz uchun yaxshi xarid bo‘lib qoladi. Xusaynni anchadan beri kuzatib yurgandik. Ta’kidlashim joizki, selektsiya xizmatidagilar uni men hali klubda ish boshlamasimdan ham oldin kuzatib kelgan ekanlar. “Alaniya” selektsiya xizmati vakillari Norchaevning O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi va klubidagi o‘yinlarini sinchkovlik bilan kuzatib kelishganini menga aytishdi. O‘zim ham uning haqidagi barcha ma’lumotlarni ko‘rdim va yakunda birgalikda qaror qabul qildik. Muzokaralar yaxshi kechdi. Asosiysi, Xusayn tibbiy ko‘rikdan muvaffaqyatli o‘tdi.
- Norchaevni ilk bor qachon ko‘rgansiz va uning transferini hal qilish uchun qancha vaqt kerak bo‘ldi?
- Yuqorida aytdim va faqat shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, biz uning yoshlar terma jamoasi va “Nasaf”dagi o‘yinlarini obdon tahlil qilgach, yakuniy bir to‘xtamga kelganmiz. U hujumchi bo‘lgani bois raqib jarima maydonida qanday harakatlanishi va gollar kiritishini o‘rgandik. Sog‘ligi bilan bog‘liq ma’lumotlar ham e’tiborimizdan chetda qolmay oxiri u bilan shartnoma imzoladik. Umid qilamanki, Norchaev kiritadigan gollar yaxshiroq jamoaga aylanishimizda qo‘l keladi.
- Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Alaniya” klubi Xusayn Norchaev transferidan avval yaqinda “Andijon” bilan shartnoma imzolagan albaniyalik hujumchi Rubin Xebayga shartnoma jo‘natgan ekan...
- Ehtimol, selektsiya xizmatimiz ko‘plab hujumchilarin kuzatgan bo‘lishlari mumkin. Ayrimlari Albaniyadan ekanligi qulog‘imga chalingandi. Ammo aynan qaysi futbolchi ekanligini bilmayman. Lekin yakunda biz albaniyalik futbolchilardan biriga aniq taklif bilan chiqqanimiz yo‘q. Bu menga ma’lum bo‘lgan gaplar.
- Yana qaysi o‘zbek o‘yinchilari sizni qiziqtiradi?
- O‘zbek futbolchilaridan yana kimlarga qiziqib qolganimiz borasidagi savolingizga tayinli javob aytishim amrimahol. Lekin o‘z vaqtida Vladikavkazning “Spartak”, keyinchalik “Spartak-Alaniya” deb nomlangan klubida o‘zbekistonlik juda kuchli futbolchilar to‘p surishganini aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Gennadiy Denisovni yaxshi eslayman. U 1990 yillarda klubimiz safida 70 dan ortiq uchrashuvlarda ishtirok etgan. 1992 yili o‘ta kuchli futbolchi Igor Shkvirin ham jamoamizda bo‘lgan. Afsuski, u 10 ta o‘yinda qatnashgan. Ammo shunga qaramay, hisobiga 5 ta gol yozib qo‘ygandi. Albatta, O‘zbekiston va bemalol Osetiya futbolining afsonasi deya Mirjalol Qosimovni alohida aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. U Osetiyada futbolning rivoji uchun juda katta ishlarni amalga oshira olgan. Bundan barcha yurtdoshlarimiz hozirgacha minnatdor ekanliklarini ta’kidlab o‘tishim kerak. O‘zim ham “Alaniya”ning shonli yillari davrimda voyaga etganman. 1995 yili bizda aytish mumkin bo‘lsa, orzudagi jamoa bo‘lgan. Chetdan kelgan futbolchilardan tashqari mahalliy o‘yinchilarimizdan Inal Jioev, Alan Agaev, Baxva Tedeev, Aslan Degdev, Aslan Gorlaev, Artur Pagaev va Oleg Kornienko ham “Alaniya”ning 1995 yilgi Rossiya chempionatidagi g‘alabasiga barakali ulush qo‘sha olgandilar. Aytishim kerakki, o‘sha paytdagi “Alaniya” chin ma’noda orzular jamoasi bo‘lgan.
- Eshitishimcha, sizga Xusayn masalasida o‘zbek mutaxassis maslahat bergan ekan. U kim edi?
- Bu savolingizga ha, ushbu masalada falonchilar bilan gaplashgandim deya javob bera olmayman. Buning uchun futbolchining o‘zi bilan uchrashib, mazkur masalada gaplashishim va roziligini olishim kerak bo‘ladi. Shu bois keling, bu savolni javobsiz qoldirganimiz ma’qul, menimcha. Suhbatimiz avvvalida aytib o‘tganimdek, Norchaev haqidagi barcha ma’lumotlarni to‘plab kelganmiz va shundan so‘ng uni qo‘lga kiritishni ma’qul topdik.
- Umuman, futbolimizni qanchalik bilasiz va qaysi klublarni yaxshi taniysiz?
- O‘ylaymanki, jamoamizga Norchaev kelganidan keyin o‘zbek futboli bilan ko‘proq qiziqsak kerak. O‘zbekistonda ham futbol rivojlanib borayotganiga shubham yo‘q. Futbolingizda hammasi yaxshi bo‘lishini tilab qolaman. Ayniqsa, bu yosh futbolchilar uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi.
- Yuqorida Mirjalol Qosimov haqida ham to‘xtalib o‘tdingiz. U haqida yana nimalarni bilasiz?
- Mirjalol Qosimov haqida juda ko‘p gapirishim mumkin. Shuni faxr bilan aytishim joizki, bir paytlar unga maydondagi o‘yinini ko‘rib havas qilardim. “Alaniya” futbolchilariga maydon chetiga chiqib ketgan to‘plarni qaytarib berish mening sevimli mashg‘ulotim bo‘lgan. Keyinchalik katta futbolga kirib kelishim va “Alaniya”dagi ilk o‘yinim bilan bevosita bog‘liq voqealar ham Mirjalol Qosimov bilan bog‘liq. Bilsangiz kerak, “Alaniya”ning chempion bo‘lishida u barakali ulush qo‘shgan va keyinchalik jamoadan ketgan. Lekin faoliyatining oxirgi yillarida Qosimov yana Vladikavkazga qaytgandi. Mening klubdagi debyut o‘yinimda bahs oxirida aynan Qosimovning o‘rniga maydonga tushgandim. Bunday voqea bir umr esdan chiqmaydi. Unga yana bir bor katta rahmat aytishim kerak. Axir Qosimov Osetiya futboli uchun bemisl ishlarni qilgan. Biz uchun u qadrdon o‘yinchi bo‘lib qolaveradi. Sizga ham rahmat. Fursatdan foydalanib, siz orqali o‘zbek futboli muxlislariga ham o‘zimning samimiy tilaklarimni bildirib qolmoqchiman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar