
Norvegiya terma jamoasiga chaqirilgan o‘zbekistonlik dzyudochi haqida eshitganmisiz?
O‘zbekistonlik sportchilarning xorij mamlakatlarida ham nom qozonayotganligiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Bu haqida istalgancha misollar keltirish mumkin. Albatta, bu galgi suhbatdoshimiz ham ana shunday hamyurtlarimizdan biri ajoyib dzyudochi Farrux Zoitov bo‘ladi. Farrux hozirda Norvegiyada anchagina tanilib ulgurgan. Qiziq jihati, u Norvegiya chempionligini ham qo‘lga kiritgan. Biz bu qanday amalga oshganligi va Norvegiyadagi faoliyati haqida suhbat qurdik.
Ma’lumot uchun, Farrux Zoitov 1992 yil 16 yanvarda Toshkent shahrida tavallud topgan. 10 yoshidan buyon dzyudo bilan shug‘ullanib keladi. Hozirda Norvegiyaning Stavenger shahrida murabbiylik faoliyatini olib bormoqda.
- Assalomu alaykum. Farrux siz bilan bog‘lana olganimizdan xursandmiz!
- Assalomu alaykum. To‘g‘risi, men bilan qiziqqaninglar va e’tiboringlardan boshim ko‘kka etdi.
- Siz bilan bog‘liq qiziq voqelikka duch keldim. Hozirda Norvegiyada faoliyat yuritayotgan ekansiz?
- Ha, albatta hozirda Norvegiyaning Stavenger shahrida istiqomat qilmoqdaman.
- Sportdagi faoliyatingizni davom ettirayotgan ekansiz?
- Ha, bu erda 2016 yildan buyon "Stavenger judo" klubi bosh murabbiyiman.
- Men uchun qiziq jihati, Norvegiya chempionatida ishtirok etishingiz qanday amalga oshdi?
- 2011 yil Norvegiyaning “Ippon” klubidan taklif tushdi va shundan so‘ng Norvegiyadagi faoliyatim boshlandi.
- Demak, klublar borasidagi musobaqa uchun sizni taklif qilishgan?
- Ha, shunday desa ham bo‘ladi.
- Keyinchalik Norvegiya chempionatida ham ishtirok etdingiz?
- Keyinchalik emas, o‘sha yili ya’ni 2011 yil qatnashdim va 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim. 2013 yil ham g‘olib bo‘ldim. 2018 yil 3-o‘rinni egalladim. 2019 yil yana 1-o‘rinni oldim. 2020 yil Covid sababli musobaqalarda ishtirok etmadim.
- Demak, siz Norvegiya fuqarosisiz?
- 2023 yil fuqarolikni oldim. Umuman O‘zbekiston va Norvegiya fuqarosi sanalaman.
- Norvegiya terma jamoasiga ham chaqirilganmisiz?
- Ha, terma jamoada bo‘lganman. Lekin u vaqt fuqaroligim yo‘qligi uchun xalqaro turnirlarda qatnasha olmaganman.
- Demak, Norvegiya dzyudo federatsiyasi sizni yaxshi biladi?
-Albatta, bosh murabbiylikni ham taklif qilishgan. Biroq, o‘zim buni xohlamagandim.
- O‘zbekistonda qanday natijalar qayd etgansiz?
- Turli yosh toifalarida bir necha marta O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. 2006-2007 yil, 2008 yil, 2009-2010 yillar mamlakat chempioni bo‘ldim. Bir qator xalqaro turnirlar g‘olibi va sovrindori bo‘lganman. 2008 yil Rossiyaning Yakutiya shahrida yanglishmasam nomi “Osiyo bolalari” edi. Ushbu turnirda g‘olib bo‘lganman. Qolaversa, 2010 yil JAR sport majmuasida bo‘lgan sambo bo‘yicha Osiyo chempionatida ham g‘olib bo‘lganman.
- O‘zbekiston terma jamoasi safida bo‘lgansiz?
- Ha, 2007-2010 yillar O‘zbekiston terma jamoasi safida musobaqalarda ishtirok etganman.
- Umuman qaysi vazn toifalarida harakat qilgansiz?
-81 kg, -90 kg, 2019 yildan buyon -100 kgda harakat qilganman.
- Yana musobaqalarda ishtirok etish niyatidamisiz?
- Albatta.
- Shogirdlaringiz ham natija ko‘rsatyaptimi?
- Ha, bir necha bor Norvegiya chempioni bo‘lishdi. Xalqaro turnirlarda ham yomon ishtirok etishmayapti.
- Norvegiyada dzyudoning rivoji qanday?
- Asta-sekin rivojlanyapti. Biroq, O‘zbekistonchalik emas.
- O‘zbek dzyudosini ham kuzatayapsizmi?
-Ha, albatta. O‘zbekistonda dzyudo yangi rivojlanish bosqichiga chiqdi. Jahonning eng kuchli dzyudo mamlakatlaridan biriga aylandi. Bunga erishilayotgan natijalar ham isbot bo‘la oladi.
- Parijda Olimpiada start oldi. O‘zbekistonlik qaysi dzyudochilarning imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardingiz?
- Davlat Bobonov, Muzaffar To‘raboev va Alisher Yusupov g‘olib va sovrindor bo‘lishiga ishonaman. Fursatdan foydalanib, barcha o‘zbekistonlik Olimpiada ishtirokchilariga omad tilayman!
-Farruh suhbat uchun tashakkur. Faoliyatingizga omad tilayman!
- Katta rahmat.
Fikrlar