
Nursulton Ro‘ziboevning navbatdagi raqibi sobiq Bellator jangchisi bo‘ladi
Yurtimiz MMA olamining eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Nursulton Ro‘ziboevning navbatdagi jang sanasi va raqibi ma’lum bo‘ldi.
Yurtdoshimiz 5 fevral kuni Rossiyaning Barnaul shahrida tashkil etiladigan jang kechasida mezbonlar vakili Mixail Tsarevga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Ma’lumki, Nursulton Ro‘ziboev 12 dekabr kuni Qozog‘istonning Almati shahrida bo‘lib o‘tgan Open FC promoushenining navbatdagi turnirida o‘ziga tegishli bo‘lgan o‘rta vazn (84 kg) toifasidagi chempionlik kamarini Eduard Arustamyandan muvaffaqiyatli himoya qilgan edi.
Ma’lumot uchun, Tsarev faoliyati mobaynida 32 ta g‘alaba va 8 mag‘lubiyat qayd etgan. Yurtdoshimizning ko‘rsatkichi esa, 33 g‘alaba, 8 mag‘lubiyat va 2 durangga teng. Shuningdek, 1 ta hisobga olinmagan jang ham mavjud.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, Mixail Tsarev o‘z vaqtida Bellator promoushenida mashhur Duglas Limaga ham qarshi ham jang o‘tkazgan. Shuningdek, Rossiyaning o‘z vaqtidagi nufuzli ACB (hozirda ACA) promushenida ham bir necha bor oktagonga ko‘tarilgan va UFC jangchisiga aylangan Albert Duraevga qarshi ham bahs yuritgan. Har ikkisga mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa ham u juda jiddiy raqib desak yanglishmagan bo‘lamiz. Shunday bo‘lsa-da, Nursulton Ro‘ziboevning ushbu jangda ham muvaffaqiyatini davom ettirgan holda, chiroyli g‘alaba qozonishiga tilakdoshmiz!
Fikrlar