
Nyu-Yorkda "Mustaqillik kubogi" bo‘lib o‘tdi (foto)
2019 yilning 14 sentabr kuni AQShning Nyu-York shahridagi Kaizer o‘yingohida 4-marta Mustaqillik kubogi futbol turniri bo‘lib o‘tdi. 10 ta shtatdan 12 ta jamoa o‘zaro kuch sinashgan ushbu tadbir "Mahalla USA" nodavlat-notijorat tashkiloti tomonidan AQShda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar homiyligida tashkil etildi.
Tadbirda mazkur tadbir uchun O‘zbekistondan maxsus taklif etilgan o‘zbek futboli faxri, futbolimiz afsonasi Birodar Abduraimov ishtirok etdi va Vatanimiz mustaqilligi 28 yilligiga bag‘ishlangan Mustaqillik kubogi futbol turniri ishtirokchilarni samimiy qutladi.
Ushbu tadbirda O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar tashkilotidagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov, Nyu-Yorkdagi Bosh konsullik vakillari, Bruklin tumani ma’muriyati vakili va boshqa jamoat vakillari hamda faollar ishtirok etishdi.
Futbol bahona Nyu-York va yaqin shtatlarda yashovchi 700 dan ziyod o‘zbekistonliklar va Markaziy osiyoliklar uchun ochiq tabiat qo‘ynida dala sayli uyishtirildi va “Lazzat” restorani oshpazlari tomonidan katta doshqozonlarda tayyorlangan shohona to‘y oshi va boshqa milliy taomlar tortiq qilindi.
O‘zbekona kuy-qo‘shiqlar va raqslar yig‘ilganlar dilini xushnud etdi. Bolajonlar uchun tayyorlangan qiziqarli o‘yinlar farzandlarimizga olam olam quvonch baxsh etdi. Bayramona bezatilgan o‘yingohda milliy madhiya sadolari ostida tadbirning ochilish marosimi va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Gollarga boy o‘yinlar natijasida finalga Nyu-Yorkning "Paxtakor" va Kanzas shahrining "Lochinlar" jamoasi chiqdi va finalda 1-0 hisobi qayd etilib "Lochinlar" jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Pensilvania shtatining "Do‘stlik" jamoasi esa 3-o‘ringa loyiq topildi, eng tartibli o‘yin ko‘rsatgan "Chikago Uzbeks" jamoasi maxsus sovrin egasiga aylandi. Eng zo‘r darvazabon, eng zo‘r hujumchi va eng zo‘r o‘yinchi nominatsiyalari g‘oliblarini futbolimiz afsonasi Birodar Abduraimov maxsus sovrinlar bilan taqdirladi.
Tadbirni yuqori darajada uyishtirgan Mahalla USA jamoasi vakillariga, faxrli mehmon Birodar Abduraimov o‘zbekona to‘n va esdalik sovg‘alar bilan taqdirladi.
Qisqasini aytganda, “Mahalla USA” tashkiloti mahallada duv-duv gap bo‘lishiga sabab bo‘lgan katta tadbirni maromiga etkazib tashkil etdi. Mazkur turnir va dala sayli mahalliy OAVda keng yoritildi.
Fikrlar