
“Nyukasl”ning Husanov bo‘yicha rejasi ayon bo‘ldi
“Lans”da porlayotgan Abduqodir Husanov uchun kurashayotgan jamoalar qatorida “Nyukasl Yunayted” ham bor.
Yaqin o‘tmishda Angliya Premer-ligasining o‘rtamiyona va hatto autsayder jamoalaridan biriga aylanib qolgan”Nyukasl” Saudiya Arabistoni investitsiya jamg‘armasi qaramog‘iga o‘tganidan keyin yuqori o‘rinlar va Evrokuboklar yo‘llanmalari uchun kurashadishan klublar safiga qo‘shildi.
Katta maqsadlarga erishish uchun klub muntazam ravishda tarkibini kuchaytirib borishi talab etiladi. Ana shuning uchun ham jamoa bosh murabbiyi Eddi Xau yanvar oyi davomida yangi ijrochilarni olib kelishga qaror qilgan. “Qarg‘alar” mo‘ljalida turgan asosiy nishonlardan biri Abduqodir Husanovdir.
Sports.uz portali nufuzli manbalarning “Nyukasl”ni o‘zbek futbolchisi borasidagi transfer siyosati haqidagi pozitsiyalarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
Abduqodir Husanovning joriy mavsumda “Lans”da ko‘rsatayotgan o‘yini uning obro‘sini oshirib bormoqda. U markaziy himoyachi sifatida kuchli, tezkor va xotirjam o‘yini bilan ko‘plab klublar e’tiboriga tushdi. “Lans”ning mavsumdagi “quruq” o‘tkazgan uchrashuvlari asosan Husanovning mehnatlari samarasidir. O‘zbek futbolchisi hali yosh va agar shu darajada o‘ynashda davom etsa, tez orada uni katta klublarda ko‘ramiz.
Bir necha klublar qatorida “Nyukasl” ham uni kuzatib bormoqda. Yaqinda “qarg‘alar” bosh murabbiyi Jddi Xau yanvar oyida himoya chizig‘ini kuchaytirshni rejalashtirayotganini aytib o‘tgandi. Frantsiyalik taniqli jurnalist Sebastyan Denisning ma’lumotiga ko‘ra, “Nyukasl” Husanov nomzodiga “juda, juda qiziqyapti”.
“Lans” o‘z yulduziga 25-30 million evrodan kam bo‘lmagan mablag‘ to‘laydigan jamoa topish vazifasini mashhur futbol agenti Jorje Mendeshga yuklagan. Bu agent o‘yinchini “Nyukasl”dan tashqari “Manchester Siti”, “Tottenxem”, “Lester” kabi Angliya Premer-ligasi jamoalariga joylash imkoniyatini o‘rganib chiqmoqda.
Abduqodir Husanovning himoyachi sifatidagi xususiyatlari Premer-ligaga mos tushadi. Bu futbolchi baquvvat va tezkor, o‘yinni yaxshi o‘qiy oladi, standart vaziyatlarga raqib darvozasiga xavf sola oladi. 2023 yilning mayidan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasiga jalb qilinmoqda. Husanov terma jamoada 18 ta uchrashuvda ishtirok etgani uning xalqaro miqyosidagi faoliyatidan kelib chiqib, yuqori saviyadagi futbol ligalarida o‘ynash olishidan dalolat beradi.
“Nyukasl” o‘tgan yoz “Kristal Pelas” himoyachisi Mark Gexining transferini uddalay olmagan edi. Shundan keyin jamoa bosh murabbiyi Eddi Xau yangi himoyachi masalasini qishki transferlar oynasiga qoldirdi.
O‘rganishlar natijasida “Lans”da kashfiyotga aylangan Abduqodir Husanov nomzodi ma’qullandi.
“Nyukasl”da etakchi himoyachilar – Sven Botman va Jamol Lasselsning og‘ir jarohat olib, mavsumni o‘tkazib yuborayotgani Eddi Xauni murakkab vaziyatga solib qo‘ydi. Shu bilan birga klubda qishki transferlar davrida jamoa himoyasini kuchaytirish zaruratini uyg‘otdi.
Bundan tashqari, 33 yoshli himoyachi Fabian Sherning shartnomasi yozda tugaydi. Klub shvetsiyalik futbolchi bilan hamkorlikni uzaytirmoqchi emas, aksincha, uning o‘rniga yosh va uzoq yillar davomida himoyadagi muammolarni yopa oladigan o‘yinchini taklif etishga qaror qilgan. Bu himoyachi aynan Abduqodir Husanov bo‘lishi kutilmoqda.
Darhaqiqat, bundan buyon Abduqodir Husanov transferi uchun borgan sari kuchayib boradi. “Lans”ning moliyaviy ahvoli etakchi o‘yinchilarini, xususan, o‘zbek legionerini uzoq vaqt tarkibda saqlab qolish uchun etarli emas.
Demak, 20 yoshli himoyachimiz kelasi mavsumni boshqa klubda, hatto Frantsiyadan tashqarida davom ettirishi ehtimoli yuqori.
Fikrlar