OChL-2018. "Nasaf"ning guruhdagi ilk raqibi - "Persepolis" haqida nimalarni bilasiz?
Avval xabar berganimizdek 13 fevral kuni Qarshining “Nasaf” klubi Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichi ilk bahsini Eronda Texronning “Persepolis” klubiga qarshi o‘tkazadi.
Klub rasmiy sayti esa muxlislar uchun “ajdarlar”ning bo‘lajak raqibi haqida bir qator qiziqarli ma’lumotlarni e’lon qildi.
Tehron shahrining “Persepolis” professional futbol klubi 1963 yilda tashkil etilgan. Eron Pro-ligasida ishtirok etadi. Bu klub boy tarixga ega bo‘lib, Eronning eng kuchli klublaridan hisoblanadi. Eron chempionatida uchta klub sovrinlar yig‘ish bo‘yicha etakchi hisoblanishadi. Shu uch klubning bittasi, “Persepolis” klubidir.
Jamoaga ayni paytda xorvatiyalik mutaxasis Branko Ivankovich ustozlik qilmoqda. “Persepolis” jamoasi o‘z uy uchrashuvlarini Tehron shahridagi afsonaviy “Ozodiy” stadionida o‘tkazadi.
“Persepolis” o‘tgan mavsum OChLning yarim finalida Saudiya Arabistonining "Al-Hilol" klubi bilan bahs yuritgan. Tehronliklar yarim finaldagi dastlabki, o‘z maydonidagi uchrashuvda 2:2 hisobida durang qayd etadi va safardagi javob uchrashuvida, yirik 4:0 mag‘lubiyatga uchrab, final yo‘llanmasini qo‘ldan boy berishgan edi.
“Persepolis” Eronning 10 karra chempioni, 9 karra vitse-chempioni hisoblanadi. Jamoa shuningdek mamlakat kubogida 5 marta zafar quchgan.
Ushbu jamoa shuningdek 1991 yili Osiyo kubok egalarining kubogini qo‘lga kiritgan va bir marta ushbu musobaqaning finalchisi bo‘lgan.
Shu o‘rinda Eron Pro-ligasi haqida ham ikki og‘iz. Ushbu chempionat 16ta jamoa ishtirokida kuz-bahor tizimida o‘tkaziladi. 16ta jamoa ikki davradan iborat tizimda, uy-safar uchrashuvlarida o‘zaro bahslashadi.
Ayni paytda Eron pro-ligasining 23-tur bahslari davom etmoqda. “Persepolis” turnir jadvalidagi ta’qibchisidan 16 ochko oldinda bormoqda hamda yakka peshqadamlik qilmoqda.
“Persepolis” klubi Eronning amaldagi chempioni ham hisoblanadi. Jamoaning 70-raqamdagi hujumchisi Ali Alipur 17ta gol urib, Eron pro-ligasining to‘purari bo‘lib turibdi.
“Persepolis” tarkibida mahalliy futbolchilar qatori legioner futbolchilar ham to‘p tepishadi. Bular, nigeriyalik 90-raqamdagi hujumchi Godvin Mensha, 44-raqamdagi xorvatiyalik darvozabon Bujidor Radoshevich va 5-raqamdagi iroqlik o‘yinchi Bashar Buniyanlardir.
Eslatib o‘tamiz, “Persepolis” – “Nasaf” uchrashuvi 13 fevral seshanba kuni Tehron shahridagi “Ozodiy” stadionida, bizning vaqt bilan soat 18:15da boshlanadi.

Fikrlar