
Odil Ahmedov: Bu gol futbolchilik faoliyatimga juda katta ijobiy ta’sir qildi
Bundan roppa-rosa 10 yil avval, shu kuni Qatar maydonlarida "Osiyo kubogi-2011" musobaqasi start olgandi. Chempionatning ochilish uchrashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasi mezbon Qatar bilan kuch sinashgandi. O‘shanda Odil Ahmedov turnirning ilk golini urgandi va u hozirgacha barchaning yodida. Chunki golning jozibasi boshqacha edi.
Ushbu voqelikni terma jamoamiz sardori yana bir bor yodga oldi.
- Turnir boshlanishidan oldin bizga ishonchsizlik ko‘proq bo‘lgan. Nima bo‘larkin, degan xayol ko‘p qiynardi va hayajon kuchli edi. O‘yingacha juda ham qiynalganmiz. Chunki raqib mezbon Qatar va ularda o‘sha payt yaxshi tarkib jamlangandi. Maydonga tushgandan keyin, u erdagi atmosferani ko‘rib, futbol o‘ynash ishtiyoqi juda ham kuchli bo‘lgan. Menda ozgina kayfiyatimga ta’sir qiladigan narsa bu - himoyada o‘ynaganim edi. Lekin uchrashuvdan avval himoyachi bo‘lsam ham yuragim sezgan, gol uraman, deb maydonga tushganman.
Bellashuv boshlangach, birinchi taym 0:0 hisobida yakunlandi va bu holat meni oldinga undadi. Ko‘nglim sezganday bo‘ldi va men turgan joyga to‘p kelib qolsa, to‘g‘ridan turib tepish xayoli bo‘ldi. 30 soniya avval to‘p bizda edi, u yoqdan buyoqqa uzatildi. Shunda Azizning uzatmasiga tayyorlandim va shu payt kimdir tepma, pas ber, dedi. Biroq u pallada diqqatim faqat darvozaga qaratilgandi xolos. Tepdim, to‘p yo‘lda ketayotganda men qochishni boshladim, gol bo‘lishini sezdim. Qarasam, to‘p darvozani ichida va shu on ichimga sig‘magan darajada xursandchilik bo‘ldi. Chunki o‘zimda ishonch uyg‘otishi uchun ushbu gol muhim edi. Bu gol futbolchilik faoliyatimga juda katta ijobiy ta’sir qildi, deb bemalol ayta olaman, - dedi Odil Ahmedov.
Fikrlar