
OFK kubogining amaldagi sohibi "As Sib" OKMK uchun o‘tib bo‘lmas to‘sig‘mi?
Xabaringiz bor, 15 avgust sanasida Olmaliqning OKMK jamoasi OChL saralash o‘yini doirasida Ummoning "As Sib" klubini mehmon qiladi. G‘olib jamoa OChL guruh bosqichida ishtirok etish imkoniyatini taqdim etadigan hal qiluvchi bahsda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Xo‘sh, OKMKning "As Sib"ga qarshi imkoniyatlari qanday? Raqibning kuchli va kuchsiz tomonlari nimada? Bugun, imkon qadar kichik matn orqali Ummondan kelgan raqib jamoani tahlil qilamiz.
O‘yin uslubi
Rashed Jobir jamoasining o‘yin uslubi OKMK bilan u qadar katta farq qilmaydi. 4-4-2 yoki 4-2-3-1 sxemalaridan foydalanadigan jamoa asosan ekonom futbol namoyish etadi. Imkon qadar raqibni ertaroq (maydon markazida) kutib olgan xolda, qanotlar oqali hujumlar tashkil etishga urinadi. Vaziyatdan kelib chiqib, 4-2-3-1 sxemasi klassik 4-4-2 ga o‘zgarishi mumkin. Jamoa hujum chizig‘ida Ummon terma jamoasi a’zolari to‘p surishini inobatga olsak, "As Sib" hujum chizig‘i o‘z darajasidan balandroq ekanligini tan olish lozim.
Ayni damda "As Sib" OFK kubogini amaldagi sohibi sanaladi. 2022-yilda jamoa finalda Malayziyaning "Kuala Lumpur" klubi ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozongani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagani aniq. Jobir jamoasi maydonda juda tartibli bo‘libgina qolmay, chiziqlar orasidagi bog‘lamlarni ham a’lo darajada yo‘lga qo‘ygan. Kuchli jamoaviy o‘yin birinchi planga ko‘tarilgani bois, klub arablarga xos tendentsiyalardan biri - kuchli legionerga ehtiyoj sezmaydi. Ayni damda, "As Sib" safida 8 ta terma jamoadan muntazam chaqiruv oladigan futbolchilar mavjud.
Jamoa u qadar texnik kuchli futbolchilarga ega bo‘lmagani bois, asosiy urg‘uni jismoniy tayyorgarlikka qaratadi. "As Sib" safida o‘yinni o‘ziga oladigan texnikasi kuchli liderlar yo‘q, ammo kombinatsion futbol va qarshi hujumlarni yaxshi ijro eta oladiganlar etarlicha topiladi. Bundan tashqari, bahs davomida ustunlikni raqibga bermaydi va shu bilan birgalikda o‘zi ham dominantlik qilmaydi. Pastroq tempdagi futbol ular uchun ayni muddao. Soddaroq qilib aytsak, OKMKga ko‘p aspektlarda o‘yin strategiyasi borasida o‘xshab ham ketadi.
OKMK uchun g‘alaba kaliti nima?
Birinchi navbatda maydondagi tezkor futbolchilar. OKMK o‘yin tempi va futbolchilarning tezligi borasida raqibdan sezilarli darajada kuchliroq. Qo‘shimchasiga, ikkinchi qavatdagi o‘yin borasida ham Mirjalol Qosimov jamoasi raqibdan klass borasida kuchliroq. Ayni damda, Olmaliqliklar ichki birinchilikda nostabil o‘yin ko‘rsatayotganiga qaramay, Qosimov bitta o‘yinga jamoani tayyorlash borasida tajribali. Bu omil ham OKMK uchun qo‘shimcha plyus. Raqibdan farqli o‘laroq, yuqori tempda ham to‘p surishga qodir bo‘lgan Qosimov shogirdlari birinchi bo‘limning ilk daqiqalaridan oldinga tashlanishi aniq. Shunday bo‘lsada, "As Sib"ni erta safdan chiqarishga hali erta. Mehmonlar tarkibi deyarli 3 mavsumdan beri o‘zagini saqlab qolmoqda. Bu esa, Jobir shogirdlari Olmaliqdagi bahsda yuqori kontsentratsiya bilan to‘p surishini anglatadi.
Bundan tashqari, tartibli himoyalangan jamoa mudofaasini yorib o‘tish uchun OKMK yaxshigina kuch sarflashi lozim. Katta ehtimol, mehmonlar to‘p nazoratini mezbonlarga topshirgancha, maydonda ikkinchi raqamda harakat qiladi. Ikki jamoa ham tejamkor rejimda harakat qilishini hisobga olsak, bahs ekstra-taymlarga o‘tishi ham hech gap emas. O‘yinning ilk 15 daqiqasida hisob ochilmasa, bizni chinakam shaxmat parytiyasiga aylandigan bahs kutib turibdi.
Taxminiy tarkib
"As Sib": Al Vahaibi, Al Musalami, Al Habsi, Al Busaidi, Al Ajmi, Al Blushi, Al Yahyo, Al Farsi, Muhammad Habsi, Al Muqbali, Al G‘assoni
OKMK: Ergashev. Ahmadaliev, Rahmonov, Ismoilov, Denisov. Abdullaev, Tursunov, Haqnazari. Boake, G‘iyosov, Sanches.
Fikrlar