OFK rasmiy saytidan O‘zbekiston - Singapur o‘yini uchun prevyu

  • 6 iyun, 2021, 19:40
  • Javokhir Azimov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek futboli uchun yana hayajonli lahzalar etib keldi. Avvalgilaridan farqli o‘laroq, bu safar barchasi o‘z qo‘limizda. Oldimizda turgan 3 o‘yinni o‘z foydamizga hal qilish orqali keyingi bosqichga yo‘l olishimiz mumkin. Bir qarashda hozirgi tarkib bilan Jahon Chempionatida o‘ynashga 100% tayyormiz. Buni bir necha xorijlik mutaxassislar ham ta’kidlab o‘tganini saytimiz tomonidan uyushtirilgan intervyularda o‘qigan bo‘lsangiz kerak.

Demak, oldimizda turgan ilk sinov - Singapur. Birinchi davrada sharqiy osiyoliklar ustidan juda ishonchli hisobda g‘alaba qozonganmiz. Eldor Shomurodov katta sahnaga chiqqan edi o‘sha bellashuvda. Bu safargi o‘yin oldidan qit’a miqyosidagi birinchi manba prevyuni taqdim etdi. Quyida ushbu maqolani to‘liqligicha e’tiboringizga havola etishni maqsad qildik:

"Ikki tomonning 4-turdagi o‘zaro to‘qnashuvi O‘zbekistonning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Odil Ahmedovning jarima zarbasidan kiritgan tezkor goliga bo‘lim so‘ngida Ixsan Fandi javob qaytardi. Eldor Shomurodovning ikkinchi taymdagi dubli evaziga o‘zbeklar 3 ochkoga ega chiqdi.

o‘zb - singapur

Murabbiy Vadim Abramov shogirdlari "D" guruhida 9 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab, Saudiya Arabistonidan 5 ochkoga ortda qolmoqda. Ammo ular 1 ta kam o‘yinda maydonga tushgan. Keyingi ikki bellashuvda ular Singapur va Yamanga qarshi harakat qiladi va ushbu qarama-qarshiliklar "oq bo‘rilar" uchun juda muhim. Boisi, agar O‘zbekiston Saudiyaga qarshi o‘yinda ham g‘alaba qozonsa, guruhda birinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga yo‘l olish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Ayni paytda 6 bahsda maydonga tushgan Singapur 7 ochkoni qo‘lga kiritgan. Ular so‘nggi o‘yinda Falastinga 4:0 hisobida mag‘lub bo‘lganidan keyin, guruhdagi o‘rnini yo‘qotdi. Ammo bu safargi o‘yinda g‘alaba qozongan taqdirda, singapurliklar 2-pog‘onaga ko‘tarilib olishi mumkin.

o‘zb - singapur1

Murabbiy Tatsuma Yoshida uchun alohida tashvish mudofaa chizig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. Chunki 14 ta gol o‘tkazib yuborgan singapurliklar bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yaman bilan birgalikda eng yomon natijani qayd etmoqda. Juda yomon to‘plar nisbati ularga ancha qimmatga tushishi mumkin. Chunki Singapur ham so‘nggi saralash bosqichiga qadar etib borishni maqsad qilgan"-deya yozib qoldirgan OFK rasmiy sayti.

7 iyun kungi muhim o‘yin oldidan har ikki terma jamoa bosh murabbiyi ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda birinchi bo‘lib jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov ishtirok etdi va berilgan savollarga javob qaytardi:

"Birinchi o‘yinimizni kutyapmiz. Bu yangicha formatdagi turnir. Biz oldindagi o‘yinlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Ancha vaqt rasmiy o‘yinda maydonga tushmadik. Albatta, Saudiya Arabistoni bu turnirda ustunlikka ega. Lekin hammasi o‘z qo‘limizda. Bu futbol. Imkoniyat 50/50. Saudiyagacha yana ikkita uchrashuvimiz bor. Ushbu bahslarda ham g‘alaba qozonishimiz kerak.

Yo‘qotishlar yo‘q va hamma sog‘-salomat. Faqat Oybek Bozorovda diskvalifikatsiya bor", - dedi murabbiy.

abramov

Umuman olganda, barchasi joyida. Murabbiy so‘nggi o‘rtoqlik o‘yinidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida ta’kidlaganidek, o‘z qartalarini ochmoqchi emas. Bu holat pozitiv fikrlaydigan insonga yaxshi umidlar berishi turgan gap. Biroq muxlislar quruq gapning o‘zigagina qanoat qilmaydi. Shunga qaramay, yo‘qotish ham yo‘q emas. O‘zining ajoyib texnikasi va aqlli qarorlari bilan Superliga yulduziga aylanib ulgurgan Oybek Bozorov Singapurga qarshi o‘yinda ishtirok etmaydi. "Nasaf" vingeri U23 jamoasi safida Osiyo kubogining 3-o‘rin uchun bellashuvida qizil kartochka olib, maydonni erta tark etishga majbur bo‘lgandi.

Bugungi prevyu orqali vakillarimizning ushbu raqibga qarshi so‘nggi to‘qnashuvini yodga oldik. Navbatdagi o‘yin 3 ochkodan ko‘p narsa berishi turgan gap. Motivatsiya, sinov hamda muxlislar ishonchini taqdim etadigan uchrashuv 7 iyun kuni 23:00 da start oladi. SPORTS.uz bilan qoling, "oq bo‘rilar"ning ovini birgalikda kuzatib boramiz! 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Турсун Ғани
06/06/2021 23:25
Фақат ва фақат ғалаба ва +9 ачко олишини кутмоқдамиз МТЖ.дан. Олға йигитлар.