OFK tomonidan diskvalifikatsiyaga uchragan futbolchimiz haqida! Yoxud aslida nima bo‘lgandi?
Yaqinda OFKning tartib-intizom qo‘mitasining qarorlari e’lon qilindi. Unga ko‘ra o‘tgan yilning 6-10 noyabr kunlari Saudiya Arabistonida Osiyo chempionati saralash bahslari o‘tkazilgandi. O‘shanda terma jamoamiz guruhdagi oxirgi turda mezbonlarga qarshi bahs olib borgandi. Afsuski, biz uchun omadsiz yakunlangan mazkur to‘qnashuvda terma jamoamiz a’zosi Odil Abdumajidov hakam tomonidan qizil kartochka tufayli maydondan chetlatilgandi. Qolaversa, o‘yin paytida ham ikkala jamoa a’zolari o‘rtasida ayrim tortishuvli vaziyatlar ham bo‘lgandi. Xullas, OFK tartib-intizom qo‘mitasi Abdumajidov bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib chiqib, futbolchimizni ikki oyga futboldan chetlashtirdi va 2000 dollar miqdorida jarimaga ham tortdi.
- To‘g‘risini aytsam, o‘shanda buning chempionatga va klubimizga ta’siri bo‘lishi bilmagandim, - deya gap boshladi Abdumajidov. - O‘zim kutmagan narsa bo‘ldi. To‘g‘ri, aslida esa o‘sha Osiyo chempionati saralashidagi oxirgi uchrashuvdan so‘ng ikkita o‘yinga chetlatilishim mumkinligi haqida aytishgandi. Hozircha O‘FA tomonidan menga hech nima deyilmadi. Mening chetlatilishim borasida klubimizga xat kelgan. Men ham shundan so‘ng bu haqida xabar topdim. “Metallurg”dagilar esa menga katta dalda bo‘lishyapti va hech nima yo‘qotilmasligini, ikki oy sabr qilib turishimni aytishdi. Ammo o‘z ustimda ishlashni to‘xtatmayman. Aslida esa o‘sha uchrashuvda men raqibga nisbatan hech nima qilmaganimni o‘sha paytdagi murabbiylarimiz ham yaxshi bilishardi. Ammo menga atayin qizil kartochka ko‘rsatganini hamma ko‘rgan, bu videoda ham yaqqol ko‘rinib turgandi.
- Hammasi uyushtirilgan deb o‘ylaysizmi?
- Bu narsa uyushtirilgan deb o‘ylamayman. Ammo o‘shanda darvozamizga yo‘q joydan penalti belgilagan. O‘sha vaziyatda burchakdan to‘p o‘yinga kiritilganida hujumchimiz to‘pni qaytargan. Ularning o‘yinchisi esa bizning futbolchimizga borib urilgandi. Hakam esa shu vaziyatga penalti bergandi. Bundan hayron bo‘lgan holda 3-4 futbolchi bo‘lib hakamnig oldiga borib, o‘zbekchalab “nima bo‘ldi, hozir” deb gapirganmiz. Hakam esa shu payt menga qizil kartochka ko‘rsatdi. Holbuki, o‘sha vaziyatda hech qanday qizil kartochkaga tortadigan holat yuz bermagan. Masalan, men penalti belgilanishiga sababchi bo‘lib qolmagandim. Shunchaki, darvozamizga qo‘yilgan penalti uchun avstraliyalik hakamga o‘zbekcha gapirganim uchun meni maydondan chetlatgan. Mening harakterimni barcha murabbiylar ham biladi. Men hakamning yoniga borib uni haqorat qiladigan o‘yinchi emasman. U esa 3-4 ta o‘yinchi orasidan menga qizil kartochka ko‘rsatgan va bu tushunarsiz holat edi. Aslida o‘sha Saudiyaga qarshi uchrashuvda biz katta tayyorgarlik bilan maydonga tushgandik. Undan oldin 2002 yilda tug‘ilgan futbolchilar o‘rtasidagi saralash bahslarida ular tufayli biz guruhda qolib ketgandik. Shu sababli bu safar biz ularni guruhda qoldirib ketish niyatida edik. Buning uchun biz o‘yinga juda jiddiy tayyorlangandik. Murabbiylarimiz ham bizni o‘yinga ajoyib holatda ruhlantirishgandi. Maydonda jiddiy kurash kechgandi. Esimda, o‘sha bahsda biz har bir to‘p uchun qo‘rqmasdan kurashganmiz. Meni maydondan chiqarib yuborganidan keyin ham jamoadoshlarim bitta o‘yinchi kam bo‘lib qolishlariga qaramay saudiyaliklar bilan tengma-teng kurashishgandi. Murabbiylarimiz vatan uchun o‘ynash qanday bo‘lishini bizga juda yaxshi tushuntira olishgandi. Ortimizda xalqimiz bizni qo‘llab turganini bilib maydonga kuchli ishtiyoq bilan tushgandik. O‘sha penalti bergan vaziyat ham adolatdan emasdi. Echinish xonamizda birgina men emas, boshqa jamoadoshlarim ham yig‘lab yuborishgandi.
- Balki o‘sha vaziyatda hakam sizni haqorat qildi deb o‘ylagandir...
- Ha, balki hakam meni haqorat qilyapti deb o‘ylagandir. U faqat ingliz tilini bilardi. Ruscha gapiray desam ham u baribir tushunmasdi. Shundan keyin hakam mening ustimdan yozgan. Natijada OFK men bilan bog‘liq shunday qarorni chiqardi.Endi men ettita turni o‘tkazib yuboraman. Nasib qilsa, “Nasaf” bilan bo‘ladigan uchrashuvda maydonga qaytaman.
- Bu holatga klubdagilarning munosabati qanday bo‘ldi?
- Eng muhimi, “Metallurg” klubi va Andrey Shipilov meni qo‘llab-quvvatlayapti. Ularning daldasi meni ruhlantirib turibdi.
- Yoshlar terma jamoasiga Timur Kapadze bosh murabbiy etib tayinlangach, u sizni hozircha faqat bitta yig‘inga chaqirdi...
- To‘g‘ri, hozircha Timur Kapadze meni bitta yig‘inga chaqirdi. U ham mening oxirgi uchrashuvda qizil kartochka olganimni bilardi. Lekin undan oldingi murabbiy Otabek G‘ulomxo‘jaev ham juda yaxshi jamoani shakllantirib qo‘ygandi.
- U holda ikkala murabbiyning ish uslubi o‘rtasidagi farq bilinyapti, shundaymi?
- Umuman aytganda, Timur aka bilan Otabek akaning uslublari bir xil ekan. Kapadze ham pas o‘ynashni yoqtiradi. Balki mening yig‘inlarga chaqirmayotganining sababi ikkita uchrashuvda ishtirok eta olmasligim uchun o‘rnimga boshqa o‘yinchilarni ko‘rayotgandir.
- Shu yili Toshkentda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Kapadze boshchiligidagi jamoa tarkibidan joy olishingizga qanchalik ishonyapsiz?
- Albatta, har bir o‘yinchida vatan uchun o‘ynash bo‘yicha katta niyat va ishtiyoq bo‘ladi. Murabbiylarning ishonchini qozonib zimmamdagi vazifani bajarishga bor kuchimni sarflayman. Faqat buning uchun xozirgi holatni sabr bilan bosib o‘tishim kerak. Men yana o‘z ustimda ishlashda davom etaman va “Metallurg”ning ham asosiy tarkibiga kirishga harakat qilaman.

Fikrlar