
Og‘ir atletika. O‘zbekiston termasi Osiyo Kubogini umujamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunladi
Janubiy Koreyaning Yanggu shahrida og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo Kubogi hamda klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bahslari yakunlandi. Musobaqada qit’amizning 16 ta mamlakatidan 110 nafar sportchi ishtirok etdi. Uning so‘nggi kunida eng og‘ir vazndavgi polvonlar o‘zaro kurash olib borishdi.
105 kg. vazn toifasida terma jamoamizning bir yo‘la ikki a’zosi ishtirok etdi. Akbar Jo‘raev dast ko‘tarishda 173 kg, siltab ko‘tarishda 201 kg, ikkikurashga ko‘ra 374 kg. natijasi bilan birinchi o‘rinni egalladi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. Toshkent viloyatilik ushbu yosh sportchiga mutaxassislar o‘zbek og‘ir atletikasining kelajagi sifatida ta’rif berishayotgandi. Akbar Koreyadagi ajoyib muvaffaqiyati bilan bunday ta’rif unga bejizga berilmaganini amalda isbotlay oldi.
Musobaqada hamyurtimizga asosiy raqobatni Koreya va yaponiyalik atletlar yuzaga keltirishdi. Natijada mezbon sportchi Je Min Xo 366 kg. natija bilan kumush medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, kunchiqar yurt vakili Tada Yoshixiro summada 355 kg. og‘irlikdagi tosh ko‘tarib kuchli uchlikka yakun yasab berdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra erkaklar o‘rtasida tashkil etilgan bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi 16 ta davlat vakillari orasida umujamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rindan eronlik sportchilar joy olgan bo‘lsalar, musobaqa mezbonlari – koreyalik atletlarga uchinchi o‘rin nasib etdi.
Qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra terma jamoamiz Koreya termasidan so‘ng faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rinda esa Mongoliya terma jamoasi qayd etildi. Quvonarlisi, 58 kg. vazn toifasida oltin medalini qo‘lga kiritgan Muattar Nabieva ayollar o‘rtasida musobaqaning eng yaxshi sportchisi deb tan olindi.
Demak, og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yana bir xalqaro musobaqani muvaffaqiyatli yakunladi. 5 kun davomida sportchilarimiz tomonidan Koreyaning Yanggu shahrida jami 18 ta oltin, 12 ta kumush hamda 12 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi.
Fikrlar