«O‘liklar shahri»dan omon chiqqan qahramon!

  • 18 yanvar, 2021, 09:20
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqindagina Karlos Teves, agar «Boka» Libertadores kubogini tark etsa, butsalarini mixga ilishi haqida fikr bildirdi. Afsuski, argentinaliklar «Santos» klubiga mag‘lub bo‘ldi va turnirni tark etdi. Endi, Karlitos o‘z va’dasida turishi va futbolni tark etishi lozim. Biz esa, u katta futbolga kirib kelguniga qadar bosib o‘tgan yo‘l haqida fikr yuritamiz.

Tecno

karlitos

2006 yil. Hali hech kimga tanish bo‘lmagan Karlos Teves Argentina terma jamoasi safida Germaniyadagi mundialda ishtirok etish maqsadida ilk bor Evropaga tashrif buyurdi. U Gamburg ko‘chalarini avtobus oynasidan tomosha qilar ekan, o‘z-o‘ziga so‘z berdi.

«Karlos, bugun sen maydonda bor kuchingni namoyish etishing lozim! Sen yorib chiqish qiyin bo‘lgan «o‘liklar shahrida» chiqib kelding! Endi ortga yo‘l yo‘q!»

U shu so‘zlarni aytar ekan, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Fuerte Apacheda o‘tgan bolaligini yodga oldi.
Otasi Xuan ko‘chadagi to‘qnashuv sababli olamdan o‘tdi. Uning tanasiga jinoyatchilar 23 ta o‘q uzgan edi. Bu paytda, uning onasi – Trina Karlosga homilador ayol bo‘lib, uyda erini kelishini kutayotgan edi. Shu tariqa, Teves otasiz dunyoga keldi.

karlitos3

Yangi tug‘ilgan chaqaloq 6 oylik bo‘lgach, onasi uni tashlab ketdi. Yaxshiyam baxtiga amakisi bor ekan. U Karlitosni o‘z qarmog‘iga oldi. Bechora bolakay 10 oyligida ustiga qaynoq suvni to‘kib yubordi. Uni darrov shifoxonaga olib borishdi. Doktorlar qanchalar urinishmasin, bolakay ikkinchi darajadagi kuyishni boshidan o‘tkazib bo‘lgan edi. 10 oylik bolakay, 2 oy shifoxonada yotdi. Afsuski, yuzi va bo‘ynidagi chandiq unga butun umrga esdalik bo‘lib qoldi. Oradan bir necha yillar o‘tgach, Karlos o‘z chandig‘i haqida ilk bor so‘zladi.

«Bu chandiqlar mening o‘tmishimdan esdalik. Ularga qarar ekanman, hayotning eng qiyin sinovlaridan o‘tganimni eslatadi! Har safar unga tiklar ekanman, ich-ichimdan xursand bo‘laman! Sababi, men barchasini engib o‘tdim!»

Bolakay shifoxonadan chiqqach, uni yaqin atrofdagi hamma yomon ko‘rib qoldi. Yuzining pastki qismi kuyib ketgan yalangoyoqdan hamma qocha boshladi. Karlos buni avvaliga tushunmadi, biroq 10 yoshga to‘lganida berkinib yig‘ladi. U boshqalardan ajralib turishini o‘shanda his etgandir balki…
Germaniya ko‘chalarini Argentina terma jamoasi epikirovkasida kezib yurar ekan, Karlos negadir yana bolaligini esladi…

Fuerte Apache Argentinaning eng xavfli hududlaridan biri sanaladi. Bu erda, ko‘chalarda o‘liklarning yotishi va tinimsiz avtomat o‘qlarining ovozi odatiy holga aylangan. Ba’zida Karloslarning uyidagi oynalar ham daydi o‘qlar sababli chilparchin bo‘lib turadi. Oila a’zolari bunga ko‘nikib qolgan. Ularning uylari tagida otishmalar boshlansa, barcha oila a’zolari erga yotib olishar va tinimsiz ibodat qilishar edi. Atrofda doimo giyohvand va mast odamlar izg‘ib yurar, shu bois barcha ko‘chaga chiqishga qo‘rqar edi. Fuerte Apachedagi barcha kechasi bilan o‘g‘rilik va bezorilik qilar, tushgan pullarning barchasini giyohvand moddalarga sarflar edi. Ertasi kuni esa, yana barchasi takrorlanadi.
Yosh Teves uchun futbol jinoyat olamidan qutilib chiqib ketish va baxtli hayot uchun yagona chipta edi. Uning eng yaqin do‘sti Danilo Sanchesni ko‘chada otib ketishgach, Karlos anchagacha o‘ziga kela olmadi. U insonlarni hurmat qilishni va doimo kamtarin bo‘lishga intildi.

karlitos2

«Men tug‘ilib o‘sgan shaharning o‘z qonun-qoidalari mavjud. U erda faqat kuchlilar yashab qoladi. Ba’zi kunlarda uyda eyish uchun ovqat qolmas edi. Shu bois, doimo ortga yo‘l yo‘q ekanligini his etganman. Agar bir marotaba chekinsam, «o‘liklar shahri»da qolib ketishim aniqligini bilar edim. Shu bois, bolaligimdan har bir imkoniyat uchun kurash olib borishga ko‘nikib qolganman. Shu bois, yashil maydonda oxirigacha to‘p suraman. Shu bois, biz yirik hisobda engilayotgan bo‘lsak ham tinimsiz harakat qilaman. Bu men uchun hayotda yashab qolish uchun yagona imkoniyat edi. To‘g‘ri, u erdagi barcha yigitlarni yomon deb bo‘lmaydi, biroq shu kunga qadar mendan boshqa ayrim shaxslar ham Fuertadan tashqariga «yorib» chiqa olgan. Afsuski, buning uchun juda ko‘p narsadan voz kechish talab etiladi.»

2006 yilga qaytamiz. Yosh Teves mundialda jamoasi bilan ishtirok etdi. Afsuski, ular kutilganidek finalga qadar etib borishmadi. Hal qiluvchi uchrashuvlardan birida Germaniyaga mag‘lub bo‘lishdi. Shunday bo‘lsada, Karlos bilan Angliyaning «Vest Xem» jamoasi jiddiy qiziqib qoldi va u orzu qilganidek, Evropaga yo‘l oldi. Keyin «Manchester Yunayted» safiga o‘tdi va Evropa chempionlar ligasida g‘alaba qozondi. Ko‘p o‘tmay, «Manchester Siti» safida sayyoramizning eng badavlat futbolchilaridan biriga aylandi. Keyinroq Xitoyning «Shanxay Shenxua» klubi bilan shartnoma imzoladi va eng katta maosh oluvchi futbolchiga aylandi. O‘zi va oilasi uchun porloq kelajakni ta’minladi. Barcha rejalarini amalga oshirgach, futboldan lazzat olish maqsadida vataniga qaytdi. Bir qarashda kinolarda bo‘ladigan syujetdek ko‘rinishi mumkin, ammo maqsad sari etib borishning bundan osonroq yo‘li yo‘q. Hozirda, Teves o‘zi tug‘ilib o‘sgan shaharga tez-tez tashrif buyuradi. Katta bo‘lgan tumanida sayr qiladi. Bolalik xotiralarini yodga oladi. Ko‘z oldida jon taslim qilgan do‘stining qabrini ziyorat qiladi. U bu ishni doimo amalga oshiradi. Karlos bu odatini quyidagicha izohlaydi:

«Meni shaxs sifatida tarbiyalagan shahardan minnatdorman. To‘g‘ri, bu erda juda og‘ir kunlarni boshdan kechirdim, ammo aynan shu sinovli kunlar meni tarbiyaladi. Hayotning har bir daqiqasi Yaratgan tomonidan berilgan in’om ekanligini aynan shu shaharda anglab etganman. Hayot muammolaridan ezilsam, shu erga tashrif buyuraman. Bir burda nonni oila a’zolarimiz bilan bo‘lishib eganimizni xotirlayman. Fuerte shahri menga doimo futbolga tashlagan ilk qadamimni eslatadi. Ushbu shaharning «Santa Klaru» jamoasida to‘p surishni boshlagan paytlarim edi. Men bilan «Old Boyz» jamoasi murabbiyi uchrashdi va o‘zi bilan olib ketmoqchi ekanligni aytdi. Yosh bola edim. Shu bois, amakim nima desalar shu, dedim. «Old Boyz» skauti men bilan uyga keldi. Uni iliq kutib olishdi. Segundo amakim ularga meni qo‘yib yubora olmasligini aytdi. Skautlar ajablanishgan edi, darrov qo‘shib qo‘ydi: Uning oyog‘ida butsasi ham yo‘q! Qanday qilib qo‘yib yuboraman, dedilar. Shunda skautlar kulib yuborishdi…”

karlitos6

Aynan shu voqeadan so‘ng, Teves uchun yangi hayot boshlandi…

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!