
"Olimpik" durangga xursand, Sharich talabimizga javob bermayapti" yoxud Ilhom Mo‘minjonov yana muxlislardan uzr so‘radi
“Neftchi” – “Olimpik” (0:0) uchrashuvidan keyin farg‘onaliklar bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov savollarga javob qaytardi.
- Bugungi o‘yin uchun futbolchilarimga rahmat aytaman. Maydonda bor kuchlarini berishdi. Zaxiramiz juda kam. Shunga qaramay, Sunnat Abdullajonovni tushirdik, 90-daqiqada yana boshqasini qo‘ydik. Jarohat olgan futbolchilarimizdan 4-5 tasi 2-3 kundan keyin mashg‘ulotga qo‘shilishadi. Bugungi bir ochko bilan tabriklayman. Biroq yutsak bo‘lardi. “Olimpik” jamoasida deyarli xavfli vaziyat bo‘lmadi. Ikkita golli imkoniyatimizdan esa yigitlar foydalana olishmadi. “Neftchi”ga hozirgi joy yarashmaydi. Tushgan chuqurlikni o‘yinchilar yaxshi bilishyapti, hatto o‘yindan keyin ham uylariga borishmayapti. Xudo xohlasa, chiroyli o‘yinlar ko‘rsatib, ochkolar olamiz.
- O‘zgarish qilishga shoshilmadingiz va kech amalga oshirdingiz.
- O‘zgarishlarni o‘yin sifatiga qarab qildim. Ikkita futbolchimiz bor – Oybek Qilichev bilan Sunnat Abdullajonov.
- Mavsum boshida Shuhrat Rahmonov bilan Shodiyor Hojimatov “zayavka”ga kiritilmadi...
- Ular “Neftchi”da qoladigan bo‘lishdi. Superliga va pro ligadan variantlari bor edi. Hojimatovga shaxsan o‘zim javob bermadim. Chunki ikkinchi davrada bizga kerak, o‘ynaydi, deb o‘ylayman.
- Sharichni nega zaxiradan maydonga tushirmadingiz?
- Sharich hozirgi kunda talabga javob bermayotgan hujumchilardan bittasi. Shu bois uni qo‘ymadim. Hujumda Shahzod Ubaydullaev va Ulug‘bek Hoshimovdan foydalanyapmiz. Ko‘rib turibsizlar, oson o‘yinlar yo‘q. Muxlislarimizdan yana uzr so‘rayman. O‘tgan yili osmonda edik, bu yil pastdamiz. Jamoa yangi yig‘ildi. Bu erga kelgan futbolchilarga ham rahmat aytaman. Hali hammasi oldinda. Izlanishda davom etamiz. Keyingi uchrashuvga bir haftacha vaqt bo‘lsa-da, ertadan yana mashg‘ulotga kirishamiz.
- “Olimpik” biroz cho‘chib o‘ynadi...
- “Olimpik” – bu o‘tgan yilgi “Olimpik”. Faqat “Nasaf”dan va yana ayrim klublardan kimdir qo‘shildi. O‘tgan yili ham to‘rt marta o‘ynaganmiz. Bu yil ham uchrashdik. O‘tgan yili pro ligadagi futbolchilar bilan ishlashyapti. 18-19 yoshli o‘yinchilar. Terma jamoadagi har bir chiziqda to‘p surayotgan eng kuchli yigitlar jamlangan. Bosimda o‘ynadik. Birinchi bo‘limda raqib tezlik qildi. Lekin “Olimpik”da golli vaziyat bo‘lmadi. Ular bu durangga xursand. Biz ikki ochkoni yo‘qotdik. Yutishimiz kerak edi. Echinish xonasida ham futbolchilar xafa bo‘lib o‘tirishibdi.
- Keyingi turda “Neftchi”ni qiyin o‘yin kutib turibdi.
- Bizga hamma o‘yin qiyin. Superligada oson uchrashuvning o‘zi qolmagan. Jarohatlanganlardan Siroj Qo‘ziev qaytadi. Lufulla To‘raev 2-3 kundan so‘ng safimizda bo‘ladi. Izzat Abdullaev bilan Umar Adhamzoda 13 maydan mashg‘ulotlarga qo‘shilishadi. Qo‘ziev 4-5 kundan buyon mashg‘ulotda, faqat biroz jismoniy holatini tiklayotgani uchun bugun o‘ynamadi.
Fikrlar