
Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari va jahon chempionlari O‘zbekiston kubogi uchun kurashmoqda
Mamlakatimizning barcha hududlaridan 400 ga yaqin mahoratli og‘ir atletikachilar qatnashayotgan musobaqaning ilk kunida yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarga start berildi.
22 oktyabr kuni Chirchiqda og‘ir atletika bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasida boshlangan O‘zbekiston kubogi musobaqalarida sport ishtiqbozlari Olimpiya va qit’a o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarining g‘olib va sovrindorlari Ruslan Nurudinov, Rustam Jangabaev, Doston Yoqubov, Diyorbek Ermatov, Qurbonmurod Nomozov kabi nomdor polvonlar bellashuvlariga guvoh bo‘ladi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida 55 kilogramm vaznda o‘tgan musobaqalarda yurtimizning 30 ga yaqin sportchilari g‘oliblik uchun supaga chiqishdi.
Shiddatli kechgan bahslar natijasida samarqandlik Diyorbek Odilov (93+120) 213 kilogramm toshni buysindirgan holda shohsupaning eng yuqorisidan joy oldi. 2-o‘rin ham samarqandlik sportchiga nasib etdi. Kumush medalni qo‘lga kiritgan Zikrillo Mamirjonov (87+115) 202 kilogramm natijaga erishgan bo‘lsa, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan qashqadaryolik Javohir Sayfullaev (88+112) 200 kilogramm ko‘rsatkichni qayd etdi.
Og‘ir atletika bo‘yicha xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qiladigan O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlarni saralash maqsadida tashkil etilayotgan mamlakat kubogi 29 oktyabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziev
Fikrlar