
O‘rtoqlik o‘yini. "Neftchi" - "Xo‘jand" uchrashuvini birgina gol hal qildi
Vitaliy Levchenko shogirdlari bugun "Istiqlol" stadionida navbatdagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida Tojikistonning "Xo‘jand" jamoasini qabul qilishdi. Bundan oldingi o‘rtoqlik uchrashuvi kabi bugungi o‘yinda ham murabbiy har ikkala bo‘limda ikki hil tarkibni maydonga tushirdi.
Birinchi bo‘limda harakatlangan tarkib a’zolari o‘yinda ustunlikka erishgan bo‘lishlariga qaramay, hisobni ochishga muvaffaq bo‘la olishmadi 0:0.
Asosiy voqealar rivoji ikkinchi bo‘limda sodir etildi. Uchrashuvning 46-daqiqasida chap qanotdan qarshi hujumga yuqori tezlikda kirib borgan Izzatilla Abdullaev tojikistonlik himoyachini chiroyli uslubda aldab o‘tib, aniq zarba yo‘lladi va hisobni ochdi - 1:0.
Uchrashuvning 70-daqiqasida hisobni yanada oshirish imkoniyati paydo bo‘lgan edi. Ulug‘bek Hoshimov qulay pozitsiyaga chiqib, uzatmani qabul qilib oldi va darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqqach kuchli zarba berdi. Biroq mehmonlar posboni mahorat ko‘rsatib, to‘pni qaytarishga erishdi.
Mehmonlar ham darvozamiz tomon bir necha bor xavfli hujum uyushtirishga erishib, 80-daqiqada jarima to‘pini amalga oshirishdi. Bu vaziyatda mehmonlardan Nozim Bobojonovning yo‘llagan kuchli zarbasi darvozamiz to‘siniga tegib qaytdi. Aks holda hisob tenglashishi mumkin edi. 87-daqiqada faollik bilan harakatlanayotgan Nozim Bobojonovning olis masofadan yo‘llagan navbatdagi kuchli zarbasini bu safar Akbar To‘raev qaytarib qoldi.
Uchrashuvning oxirgi daqiqalari jamoalarning ketma-ket qarshi hujumlari ostida o‘tganligiga qaramay, hisob o‘zgarmadi va yakunda “Neftchi” minimal 1:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
"Neftchi" - "Xo‘jand" – 1:0 (0:0).
25 iyul. Farg‘ona shahri. "Istiqlol" stadioni.
“Neftchi”: Vladimir Nazarov, Zoir Jo‘raboev, Umar Adhamzoda, Sharof Muhitdinov, Lutfulla To‘raev, Mirzohid G‘ofurov, Anvarjon G‘ofurov, Muhsinjon Ubaydullaev, Georgiy Nikabadze, Diyorjon Turopov, G‘ulom-Haydar G‘ulomov.
Zaxirada: Akbar To‘raev, Nodirxon Ne’matxonov, Eduard Emsis, Ulug‘bek Hoshimov, Sunnatilla Abdullajonov, Izzatilla Abdullaev, Rahmonjon Ro‘ziev, Abdulloh Olimov, Aleksey Larin, Fozil Musaev, Doniyor Valiev, Abbosjon G‘ulomov, Bilolxon Toshmirzaev.
“Xo‘jand”: Dilshod Dadaboev, Fahriddin Axtamov, Toni Bekatal, Ramazan Naniev, Firdavs Abdusalamov, Xojiboy Ziyoev, Ehson Boboev, Azizbek Hayitov, Nozim Bobojonov, Jahongir Ergashev, Dilshod Bozorov,
Zaxirada: Zuhriddin Mo‘ydinov, Parviz Boqiev, Muib Saidov, Hushnudbek Bozorov, Javohir Rasulov, Azizbek Daliev,
Gol: Izzatilla Abdullaev, 46 – 1:0.
“Neftchi” matbuot xizmati.
Fikrlar