
O‘runovni rasmiy o‘yinlarda kutinglar!
Rossiya premer-ligasi jamoalari chempionatning ikkinchi qismiga tayyorgarlik olib bormoqda. Oston O‘runov “Ufa” futbolchilari bilan birga qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini Turkiyaning Belek shahrida o‘tamoqda.
Boshqirdistonliklar bu yig‘inda 23 yanvargacha shug‘ullanadi.
Rossiya nashrlari “Ufa” klubi bosh direktori Shamil Gazizovga bog‘lanib, jarohat olgan Oston O‘runovning ahvoli bilan qiziqdi.
Eslatib o‘tamiz, Oston O‘runov Rossiya chempionatining 16-turida o‘zining transfer huquqiga egalik qiluvchi “Spartak” bilan o‘yinda jarohat olib, maydonni erta tark etgandi.
Qisqa suhbat quyidagicha ko‘rinish oldi:
- O‘runov ko‘rinmay qoldi?
- Eng muhimi, maydonda ko‘rinish berish. U kuzda jarohat olgandi. Shunaqasi ham bo‘lib turadi. Biz vaziyat yaxshi tomonga o‘zsharishiga umid qilamiz. Uni rasmiy uchrashuvlarda ko‘rasizlar.
- U chempionat qayta tiklanganidan keyin safga qaytadimi?
- Albatta. Hali bu borada ko‘proq ishlash kerak.
Darhaqiqat, “Ufa” klubi Turkiyadagi dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvida Vengriyaning “Paksh” jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Vengriyaliklarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan bellashuvda Oston O‘runov ishtirok etmadi.
Jarohatidan tiklanishga urinayotgan hamyurtimiz asosan jismoniy tayyorgarlikni kuchaytirishga qaratilgan mashqlarni bajarmoqda.
“Ufa” Turkiyadagi ikkinchi nazorat uchrashuvini 23 yanvar kuni Rossiyaning “Orenburg” jamoasiga qarshi o‘tkazib, shu bilan birinchi xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini yakunlaydi.
21 yoshli Oston O‘runov mamlakatimizning eng iste’dodli o‘yinchilaridan hisoblanadi. 2020 yilning boshida Rossiya premer-ligasiga ko‘chib o‘tgan hamyurtimizning legioner sifatidagi faoliyati juda yaxshi boshlangan edi.
Yarim mavsum davomida “Ufa” tarkibida muvaffaqiyatli o‘ynagan O‘runovni 2020 yilning yozida “Spartak” transfer qilib, besh yillik shartnoma bergandi. Tabiiyki, o‘zbek futbolchisiga takliflar ko‘pligiga qaramay, Shamil Gazizov uni o‘zi bilan “Spartak”ga olib ketgandi.
Keyinchalik Gazizov va “Spartak” xo‘jayini Leonid Fedun o‘rtasidagi kelib chiqqan kelishmovchiliklar oqibatida Oston O‘runovning Moskva klubidagi faoliyati ham katta so‘roq ostida qoldi.
Mana oradan bir yarim yil vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu masala hali echimini topgani yo‘q. Oradan “Ufa”da ijarada o‘ynab, yana “Spartak”ga qaytgan hamyurtimizni moskvaliklar yana o‘ynatgani yo‘q. Natijada “Ufa”dan qo‘nim topgan Shamil Gazizov o‘z futbolchisiga aylanib qolgan Oston O‘runovni mavsum boshida “Spartak”dan bir mavsumga ijaraga oldi.
Ufaliklarda yozda Ostonni bir million evroga to‘liq transfer qilish huquqi bor. Buning uchun jamoa premer-ligadagi o‘rnini saqlab qolishi kerak. Hozircha, “Ufa” 18 ta uchrashuvda 16 ochko jamg‘arib, xavfli zona – 17-pog‘onada bormoqda.
Shamil Gazizov agar “Ufa” quyi ligaga tushib ketsa, jamoa tarqatib yuborilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Oston O‘runov jarohatlar tufayli juda kam o‘ynamoqda. Joriy mavsumda hamyurtimiz atigi ettita uchrashuvda qatnashib, golli vaziyatlarda bevosita ishtirok etgani yo‘q.
“Ufa” qishki tanaffusdan keyingi ilk uchrashuvini 27 yanvar kuni safarda “Axmat” klubiga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar