
Osiyo kubogi U-23. O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni: "Oq bo‘rilar" "sahro lochinlari"ga qarshi (maxsus prevyu)
Bugun soat 18:00 da 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogining final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda mezbon O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi saudiyalik tengqurlariga qarshi bahs olib boradi.
Mazkur o‘yin oldidan SPORTS.uz sayti muxlislarga qiziq ma’lumotlarni taqdim etishga qaror qildi. Marhamat, quyida batafsil tanishib chiqishingiz mumkin.
1. Ikki jamoa ham finalga qadar hali mag‘lubiyatga uchramagan. Guruh bosqichida bittadan durang qayd etgan finalchilar hozircha mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rmagan. O‘zbekiston Iroqqa qarshi chorak final o‘yinida asosiy vaqtda 2:2 hisobida durangga imzo chekkan. Saudiya Arabistoni pley-offda keyingi bosqich masalasini ekstra-taymlargacha qoldirmasdan hal qilgan.
2. Saudiya Arabistoni mazkur musobaqada hali o‘z darvozadan to‘p olib chiqmadi. Ikki jamoa hozirda turnirning eng ko‘p gol urgan jamoalari sanaladi (O‘zbekiston 12 ta gol, Saudiya 11 ta gol).
3. O‘zaro o‘yinlardagi so‘nggi 3 bahsda vakillarimiz raqibni enga olmagan. 2:3, 0:1 va 0:2 hisobida jamoamiz mag‘lubiyatga uchragan. Ushbu uchrashuvlar uchun qasos olish vaqti keldi.
4. "Oq bo‘rilar" safida 3 gol bilan Jasurbek Jaloliddinov to‘purarlikda etakchi bo‘lib turibdi. Ulug‘bek Hoshimov va Husain Norchaev hisobida 2 ta gol mavjud bo‘lib, ular keyingi o‘rinni band etgan. Shuningdek, Hojimat Erkinov, Ruslanbek Jiyanov va Otabek Jo‘raqo‘ziev ham o‘z nomini bir martadan tabloga yozdirib qo‘ygan.
5. "Sahro lochinlari" tarkibida 3 gol urgan Ayman Yaxyo jamoa to‘purari hisoblanadi. Keyingi pog‘onada 2 ta gol bilan Moteb Al-Xarbi ketmoqda. Bu ikki futbolchidan tashqari Hamad Turki Al-Tuhayfan, Muhammad Asiri, Abdulloh Hadi Radif, Abdulloh Salim Abdulhamid, Nosir Al-Brikan va Ahmed Al-Eysa bittadan gol urishga erishgan.
Shohrux Zoirov tayyorladi
Fikrlar