Osiyo Kubogi U-23. Yurtimizga qanday murabbiylar keldi yoxud 16 terma jamoaning "yo‘lboshchilari"ni bilasizmi?

  • 1 iyun, 2022, 14:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun go‘zal mamlakatimizda U-23 Osiyo chempionati start oladi. Qit’amizning ushbu yosh toifasidagi eng kuchli jamoalari O‘zbekistonda bosh sovrinni qo‘lga kiritish uchun jam bo‘lishdi. 16 ta terma jamoa ishtirokida boshlanadigan musobaqa uchun qiziqish juda yuqori. Yurtimizga kelgan har bir termaning o‘z maqsadi bor.

Osiyo chempionatida ishtirok etish har bir murabbiy uchun ham faxr tuyg‘usini beradi. Shuni hisobga olganda, bosh murabbiylar qo‘l ostidagi shogirdlaridan tayyorgarlikka yarasha maksimal natija talab qilishadi. Bunda kimdadir bosim bor yoki kimdadir bosim yo‘q, deyish noo‘rin. Osiyo chempionatida har qanday ishtirokchida katta mas’uliyat bo‘ladi, ayniqsa terma jamoa ustozlarida.

Ushbu maqola orqali nufuzli turnirda terma jamoalar yo‘lboshchilari – 16 nafar bosh murabbiylari xususida so‘z yuritamiz. Darvoqe, ularning olti nafari xorijlik.

Timur Kapadze – O‘zbekiston bosh murabbiyi

U-23 terma jamoamiz uchun eng munosib nomzod edi. Kapadze uchun mazkur lavozimdagi mas’uliyatli vazifa yangi chaqiruv. O‘zini to‘la to‘kis murabbiylikka bag‘ishlagan Timur Tohirovich bu yo‘nalishda ham nom qozonish niyatida. Buning uchun u qo‘l ostidagi terma jamoa bilan qit’a chempioni bo‘lishi hamda olimpiya jamoamizni Parij Olimpiadasiga olib chiqishi lozim. Dastlabki vazifa shubhasiz o‘zimizda o‘tayotgan Osiyo chempionatida muvaffaqiyat qozonish hisoblanadi. Shu sababli bu Kapadze uchun dastlabki katta imtihon. Biz umid qilamizki, bundan muvaffaqiyatli o‘ta oladi.

kapadze12

Mexdi Maxdavikiya – Eron bosh murabbiyi

Osiyoning yaqin o‘tmishdagi yorqin yulduzlaridan biri hisoblangan Maxdavikiyani ayniqsa yoshi katta muxlislar yaxshi eslashadi. Eron futbolining afsonalaridan biri bo‘lgan. Keyinchalik u ham Kapadze singari o‘zini murabbiylikka bag‘ishladi. Mexdi futbolchi sifatida Germaniya Bundesligasida o‘ynagan, murabbiylikka o‘tgach ham o‘sha erda malaka oshirdi. Aniqrog‘i, “Gamburg” akademiyasi hamda qator yosh toifasidagi jamoalarida ishladi. 2021 yildan e’tiboran Eron U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi rolida ishlab kelyapti.

maxdavikiya

Nikolas Kordova – Qatar bosh murabbiyi

9 fevral kuni 43 yoshni qarshilagan chililik mutaxassis. Futbolchi sifatida Chili hamda Italiya chempionatida qator klublarda o‘ynagan. Ayniqsa, “Parma”, “Breshia” kabi jamoalarda etakchilik qilgan. Shuningdek, Chili milliy terma jamoasida ham to‘p surgan. U 2020 yili Qatarga taklif etildi. O‘sha yildan unga Qatar U-23 terma jamoasi ishonib topshirildi. Bu yildan esa parallel ravishda “Al-Rayyan” jamoasida ham faoliyatini boshladi.

kordova

Axmet Agamurodov – Turkmaniston bosh murabbiyi

Bu familiya sizga tanish-a? Ha, adashmadingiz, bu o‘sha muxlislarimizga juda yaxshi tanish bo‘lgan Tachmurod Agamurodovning o‘g‘li. Tachmurod Shamakovich o‘zbek futbolida ko‘p yillar mobaynida mehnat qildi. Uning o‘g‘li ham dadasining izidan borishga qaror qildi. O‘tgan yili Agamurodov Sports.uz saytiga bergan intervyusida o‘g‘li Axmet ham murabbiylikni tanlagani va bu borada malakasini oshirayotgani haqida aytgandi. Ko‘rinib turibdiki, u dadasi singari marrani katta olganga o‘xshaydi. Har holda mamlakat U-23 terma jamoasi topshirilgan ekan, demak unda salohiyat bor. Ammo ko‘pchilik Turkmanistonni “A” guruhi autsayderi sifatida qarashyapti. Lekin Axmet Agamurodov jamoasini kuzatish biz uchun qiziq.

axmet

Trevor Morgan – Avstraliya bosh murabbiyi

Kecha o‘yindan oldingi matbuot anjumanida Trevor Morgan ishtirok etdi. Lekin ayrim manbalarda Avstraliya bosh murabbiyi sifatida Toni Vidmar nomi ham keltirilgan. Agar uning faoliyatiga qaraydigan bo‘lsak, anchadan beri Avstraliyaning turli yosh toifalarida ishlab kelganini ko‘rish mumkin. Ya’ni, U-23 termasigacha barcha yo‘lni bosib o‘tgan. Biroq rasmiy ravishda Trevor Morgan bosh murabbiy sifatida ko‘rsatilmoqda. Ushbu murabbiy oxirgi yillarni Hindistonda o‘tkazgan va shu bois Osiyo futbolini biladi. Avstraliya termasiga Morgan ustozlik qiladimi yoki Vidmarmi, baribir terma jamoa musobaqaning asosiy favoritlaridan biri bo‘lib qolaveradi.

morgan

Axmad Xayel – Iordaniya bosh murabbiyi

Bu yil 38 yoshni qarshilaydigan mutaxassis Iordaniya futbolida muhim shaxslardan biri. Iordaniya, BAA, Suriya kabi klublarda faoliyat olib borgan. 10 yil mobaynida Iordaniya terma jamoasida ham to‘p surgan. Butsalarini mixga ilgach, boshqalar qatori u ham murabbiylikka “sho‘ng‘idi”. Albatta, futbolchi sifatida terma jamoalarimiz va klublarimizga qarshi to‘qnash kelgan. Shu sababli futbolimizdan ham oz-moz xabardor. 2019 va 2020 yillar davomida Axmad Xayel Iordaniya terma jamoasida yordamchi murabbiy bo‘lib ishlagan. Keyinchalik Iordaniya U-23 terma jamoasi bosh murabbiyiga aylandi.

axmad

Miroslav Soukup – Iroq bosh murabbiyi

Chexiyalik ko‘zga ko‘ringan murabbiylardan biri desak adashmaymiz. Soukup ilgari ham jamoalarimizga qarshi to‘qnash kelganini eslaymiz. Chunki oxirgi yillarda asosan Osiyo futbolida ishlab kelyapti. Yaman, Bahrayn kabi terma jamoalarda faoliyat ko‘rsatgandi. Ilgari esa Chexiyaning qator yosh toifalaridagi terma jamoalarida ham murabbiylik qilgan. O‘tgan yildan Iroq U-23 terma jamoasini boshqarib kelyapti. Chexiyalik mutaxassisga aynan shunday ishlar yoqadi, chog‘i. Boisi, aksar holatlarda aynan U-16, U-18 yoki U-20 jamoalarini boshqargan. Yurtimizdagi qit’a birinchiligida chexiyalik mutaxassis Iroq bilan qanday natija ko‘rsatishini birgalikda kuzatamiz.

soukup

Abdul Aziz Hamada – Quvayt bosh murabbiyi

Quvayt futboli rahbariyati mamlakat U-23 terma jamoasini boshqarishni mahalliy murabbiyga ishonib topshirishgan. Abdul Aziz Hamada murabbiylik faoliyati davomida bir qancha klublarda ishlagan va kerakli tajribalarni to‘plagan. Mahalliy mutaxassis bo‘lgani sababli quvaytlik o‘yinchilarning qanday salohiyatga ega ekanini ham boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladi.

abdulaziz

 Xvang Sun Xong – Janubiy Koreya bosh murabbiyi

Janubiy Koreya termasi doimgidek musobaqa favoritlaridan biri sanaladi. Mahalliy murabbiy Xvang Sun Xong o‘tgan yildan beri ushbu jamoaga bosh murabbiylik qilib kelyapti. Ungacha “Pusan”, “Poxang Stilers”, “Seul”, “Tedjon Sitizen” singari klublarda ishlagan. Ilk bor terma jamoani boshqaruviga o‘tgani ham e’tiborga molik. Darvoqe, 1988 yildan 2002 yilgacha Janubiy Koreya terma jamoasi sharafini ham himoya qilgan. Tabiiyki, jahon chempionatida ham ishtirok etgan. Bir so‘z bilan aytganda, 53 yoshli Xvang katta tajribaga ega murabbiy.

xvan

Vorravot Srimaka – Tailand bosh murabbiyi

50 yoshli murabbiy haqida shuni aytish mumkinki, Tailand futbolini ipidan-ignasigacha biladi. Murabbiylik faoliyatini kuzatar ekanmiz, klublardan tashqari terma jamoalar miqyosida ham ancha yildan beri ishlab kelmoqda. Tailand U-23 jamoasini esa ilk marta boshqarayotgani yo‘q. 2016 va 2017 yilgi mavsumlarda ham bosh murabbiylik qilgan. Shuningdek, U-21 jamoasida ham ishlagan. Xullas, yillar davomida Tailandning ushbu yoshdagi termalarida ishlab keldi. 2021 yildan esa yana U-23 termasi unga ishonib topshirildi.

hlv-worrawoot-srimaka-5750

Gong Ox Kyun – Vetnam bosh murabbiyi

Vetnam terma jamoasini koreyalik murabbiy boshqaryapti. Ushbu mutaxassis ham yoshlar bilan ishlashda tajribaga ega. Bunga sabab qilib shuni aytishimiz mumkinki, u Janubiy Koreyaning U-16, U-18, U-20 hamda U-23 termalarida faoliyat ko‘rsatgan. Shundan ham bilish mumkinki, Gong Ox Kyun bu borada bilimi etarli. Bundan tashqari, Indoneziya U-20 terma jamoasida ham ishlash orqali malakaga ega bo‘lgan. Natijada Vetnam futboli rahbarlari bu yil U-23 jamoasini koreyalik mazkur mutaxassisga ishonib topshirishdi.

vetnam

Bred Maloney – Malayziya bosh murabbiyi

Malayziyaliklar ham ushbu terma jamoasini xorijlik mutaxassisga topshirishgan. Bu yil 50 yoshga to‘lgan Maloney 2021 yilda Malayziya U-23 termasini qabul qilib olgan. Bred Maloney 2014 yildan beri Malayziyada ishlab kelmoqda. Shu vaqtga qadar U-19 va Malayziyaning bosh terma jamoalarida ham mehnat ko‘rsatgan. Aynan 23 yoshgacha terma jamoani qabul qilib olishdan avval 19 yoshli jamoalarga bosh murabbiylik qilgan.

bred

Saad Al-Shehri – Saudiya Arabistoni

42 yoshli murabbiy bir necha yildan beri Saudiya Arabistoni U-23 terma jamoasiga bosh murabbiylik qilib kelayotganini aytish darkor. Uning qo‘li ostida tarbiya olgan bir qancha o‘yinchilar hozirgi kunda mamlakat milliy terma jamoasida ham to‘p surishyapti. Umuman olganda, saudiyalik barcha yoshlarning imkoniyatini Al-Shehri juda yaxshi biladi. Doimgidek, uning jamoasi Osiyo chempionatida favoritlardan biri sifatila tilga olinmoqda.

al shexri

Denis Silva Puig – BAA terma jamoasi bosh murabbiyi

BAA terma jamoalari odatda xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlik qilishni yoqtiradi. Shunday ekan, BAAning U-23 terma jamoasi evropalik murabbiylarga topshirilgan. 40 yoshli ispaniyalik Denis Silva bungacha “Barselona”ning U-19 jamoasini boshqargan. Amirliklar terma jamoada aynan uning tajribasidan foydalanishni lozim topishgan.

denis silva

Go Oiva – Yaponiya bosh murabbiyi

Ushbu murabbiy katta muddat davomida “Kamisha Antlers” klubida ishladi. Avvaliga olti yil davomida yordamchi murabbiy sifatida, keyin esa uch yil bosh murabbiy lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. 2021 yili Yaponiya U-23 terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Odatda, yaponlarni qanday mutaxassis boshqarmasin hamma vaqt qit’amizdagi musobaqalarda bosh sovrin uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib kelgan. Go Oiva murabbiy sifatida Yaponiyaning ushbu yoshdagi terma jamoasi bilan qanday natijaga erishishini vaqt ko‘rsatadi.

Go

Asliddin Habibulloev – Tojikiston bosh murabbiyi

Ayrim manbalarda Tojikiston U-23 terma jamoasiga Muhsin Muhammadiev bosh murabbiylik qilayotgani berilgandi. Lekin TFF matbuot xizmati ushbu lavozimda vaqtinchalik Asliddin Habibulloev ishlayotganini ma’lum qildi. Shu sababli yurtimizdagi qit’a birinchiligiga tojikistonlik futbolchilarni 51 yoshli mutaxassis tayyorladi.

asl

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Бахтийор Бобойиб
02/06/2022 14:18
Салом. Нимага спортс.уз сайти яхши ишламаяпти. Сайтга кирмаяпти. Админ? Бошка сайтларга срази киради. Якин орада шундай бошланди.