Osiyolik futbolchilar yana mag‘lub bo‘ldi
2026 yildgi jahon chempionatida ishtirok etadigan Iroq terma jamoasi mundial oldidan Venesuela futbolchilariga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.
Bellashuv AQSHning Illinoys shtatida joylashgan Bridjvyu shahridagi "Sitgik Stedium" arenasida boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Venesuela terma jamoasi raqib darvozasini ikki bor ishgʻol etib, 2:0 hisobida ishonchli gʻalabaga erishdi. Gollar 17-daqiqada Kristian Kasseres va ikkinchi boʻlim boshlanishi bilanoq, 46-daqiqada Jezus Ramirez tomonidan urildi.
Iroq tarkibida esa uchrashuvning 72-daqiqasida Ali Yusif toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan qizil kartochkadan soʻng maydonni tark etdi va jamoa qolgan vaqtni bir futbolchi kamlikda oʻtkazishga majbur boʻldi.
Qayd etish joizki, Iroq 2026 yili oʻtkaziladigan jahon chempionati ishtirokchilari qatoriga kirgan. Musobaqa 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Meksika va Kanada hududlarida tashkil etiladi. Qurʻa natijalariga koʻra, Iroq terma jamoasi "I" guruhdan joy oldi va u yerda Fransiya, Senegal hamda Norvegiyaga qarshi maydonga tushadi. Venesuela terma jamoasi esa saralash bosqichidan muvaffaqiyatli oʻta olmagan va jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritmagan.

Fikrlar