
Otabek G‘ulomxo‘jaev: Agar rahbariyat ishingizdan qoniqmayapmiz desa, iste’foga chiqishga tayyorman, lekin...
“Andijon” klubi O‘zbekiston kubogi doirasida Nukusda “Aral Samali” mehmoni bo‘ldi va uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi. O‘tgan safar esa, o‘z uyida “Lokomotiv”ga yutqazgandi. Ha, hozircha jamoaning chempionatda va kubokdagi ishlari ko‘ngildagidek emas. Superligada hozircha 5 ta o‘yin o‘tkazgan “Andijon” 1 ta g‘alaba, 1 ta durang va 3 ta mag‘lubiyatga uchragan. Muxlislar esa natijalardan xursand emas.
Ustiga-ustak bugun bo‘lib o‘tgan “Aral” – “Andijon” o‘yinida mehmonlar bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaev ishtirok etgani yo‘q. Jamoani uning yordamchilari olib ketgan, tarkib ham to‘liq emas. G‘ulomxo‘jaev esa “Lokomotiv” – “Turon” uchrashuvida stadionda ko‘rinish bergan. Dastlab, shu masala yuzasidan murabbiyga murojaat qilganimizda sababini quyidagicha tushuntirdi.
- Bilasizmi, sog‘ligimda biroz betoblik bor edi. Odatda, har yilning boshida Toshkentda tekshirtirardim. O‘sha muddat kelib qolgandi. Bu haqida rahbariyatni ham ogohlantirib qo‘ygandim. “Aral” bilan uchrashuvga asosan o‘yin amaliyotiga etarlicha ega bo‘lmayotgan futbolchilarni yubordik. Kunning birinchi yarmida shifokorlarning ko‘rigidan o‘tganimdan so‘ng, tushlikdan keyin “Lokomotiv” – “Turon” o‘yiniga bordim. Chunki kubokdagi keyingi raqibimiz “Turon” edi. Ushbu uchrashuvni ko‘rish uchun vaqtim bo‘ldi. Agar bu o‘yin vaqtliroq boshlanganida bora olmasdim. “Andijon” esa “Aral” bilan o‘yinga murabbiysiz ketgani yo‘q. Jamoani yaxshi bilgan inson olib ketdi, - dedi bosh murabbiy.
Nima bo‘lganda ham muxlislar “Andijon”dan g‘alaba kutishgandi. Pro-liga jamoasi bilan qayd etilgan durang borasida G‘ulomxo‘jaev qanday munosabatda bo‘ldi? Umuman, jamoa asosiy e’tiborini kubokdan ko‘ra, Superligaga qaratyaptimi?
- Hali “Aral” – “Andijon” o‘yinini ko‘rmadim, - deya mavzuni davom ettirdi bosh murabbiy. - Ko‘rganimdan keyin fikr bildirishim mumkin. Yordamchi murabbiyimning aytishicha, butun o‘yinni nazorat qildik. O‘zimiz imkoniyatlardan foydalana olmaganmiz. Ayrim pala-partish holatlar kuzatilgan. Asosan o‘yin amaliyoti kam bo‘lgan futbolchilarda shu narsa sezilgan. Etakchilarimizni asradik. Chunki sun’iy maydonda Plamen Dimov, Doniyor Abdumannopov kabi yigitlarimiz qishda jarohat olgan. Masalan, Doniyor o‘shanda ikki haftaga safdan chiqqandi. Sun’iy maydon esa eski jarohatlarni qo‘zg‘aydi. Oldimizda chempionatda kerakli o‘yinlarimiz turibdi. Albatta, kubokda qancha ko‘p uzoqqa borsak shuncha yaxshi. Zaxiradagi futbolchilarga ham bu yaxshigina o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun turtki bo‘ladi. Shuningdek, “Aral”ga qarshi uchrashuvda ayrim yoshlarimiz o‘zlaridan yaxshi taassurot qoldirganliklarini aytishyapti. Kimlar o‘zini ko‘rsatgan bo‘lsa, “Turon”ga qarshi uchrashuvda ham imkoniyat beramiz. Meni o‘yinga bormaganligimning sababini yuqorida aytib o‘tdim. Umuman olganda, futbolchilarimizning kayfiyati zo‘r. “Turon” bilan o‘yin orqali “Qo‘qon-1912”ga tayyorgarlik ko‘ramiz.
Yana bir asosiy masala shundan iboratki, oxirgi paytlarda salbiy natijalar tufayli Otabek G‘ulomxo‘jaevning iste’foga chiqishi mumkinligi haqida ham muxlislar orasida turli gap-so‘zlar yuribdi. “Andijon” rahbariyati u bilan hamkorlikni to‘xtatish niyatidami yoki imkoniyat berilyaptimi?
- Agar rahbariyat ishingizdan qoniqmayapmiz desa, iste’foga chiqishga tayyorman. Lekin rahbariyat bilan gaplashib olganmiz. Biz hozirgi paytda o‘yinni shakllantirish ustidamiz. Jamoamiz yosh, o‘zimizning uslubni yo‘lga qo‘yishga harakat qilyapmiz. “Metallurg” bilan ham, “Lokomotiv” bilan ham uchrashuvlarda ikkinchi raqam ostida o‘ynaganimiz yo‘q. Imkoniyatlar yaratyapmiz, faqat gol ura olmayapmiz. Agar vaziyatlardan birinchi bo‘lib foydalanishni bilsak, boshqacha bo‘ladi. Gollar urishni ko‘paytirsak, istalgan klubga bosh og‘riq bo‘lamiz. Bu yangi jamoa va yillar kerak. Rahbariyat kutishga tayyor. Birinchi davradan keyin yana gaplashamiz. Agar jamoamiz o‘yin uslubini yaxshi o‘zlashtirib olsa, u yog‘i yaxshi ketadi. Bizda o‘yin bor, ammo natija yo‘q. Yana qaytaraman, mabodo, rahbariyat ishimdan qoniqmayotganini aytsa, muammo yo‘q. Lekin hali bu to‘g‘risida gap-so‘z bo‘lgani yo‘q, - dedi G‘ulomxo‘jaev.
Fikrlar