
Otabek G‘ulomxo‘jaev ishtirokida matbuot anjumani! Edgar Bernxardt nega Andijonda qoldi?
“Metallurg” – “Andijon” (2:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaev mag‘lubiyat sabablarini quyidagicha izohladi:
- O‘yinni ko‘rdinglar, keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, birinchi bo‘lim. Bir qator golli vaziyatlarni yaratdik. Faqat har doimgidek imkoniyatlardan foydalana olmayapmiz. Ikkinchi bo‘limda birinchi golni o‘tkazib yuborganimizdan keyin kimnidir ayblamoqchi emasman. Biz bu vaziyatni ko‘rib chiqamiz. Birinchi goldan so‘ng, yana hujum qildik va himoyani esdan chiqarib qo‘ydik. Balki jamoamizdagi bir qator futbolchilarimiz yoshiga nisbatan ham tajribasizligi pand bergandir. Ikki xil bo‘limlar bo‘ldi. Xatolarni o‘rganib chiqamiz va “Metallurg”ni g‘alaba bilan tabriklaymiz.
- Bugun Jasur Jaloliddinov bilan Martin Boake o‘rtasidagi bog‘lamlar unchalik o‘xshamadi...
- Jasur ikkala qanotdagi futbolchilarimizni to‘p bilan ta’minlab turdi. Birinchi bo‘limda nechta vaziyat bo‘ldi? “Metallurg”da bitta, bizda to‘rtta imkoniyat yuzaga keldi. Agar gol ursak, boshqacha hisob bo‘lishi mumkin edi. Martin hozircha jamoaga moslashib keta olmayapti. Oxiri uni zaxiraga ham oldik. Balki keyingi uchrashuvlarda uni boshqacha pozitsiyada sinab ko‘rarmiz yoki zaxiramizdagi iqtidorli hujumchilardan foydalanarmiz.
- “Mash’al” bilan o‘yindan keyin Edgar Bernxardt haqida fikr bildirgandingiz, bilishimcha u bugun Bekobodga ham kelmagan...
- Uni hozirgi paytda oilaviy muammolari bor. U bilan gaplashganimizda shu haqida aytdi va xayoli ko‘proq oilasi bilan bog‘liq. Shuning uchun unga dam berib, Andijonda qoldirdik.
Fikrlar