
Oybek Usmonxo‘jaev: Bosh murabbiylikka chaqirishmayaptimi, demak hali o‘zimni ko‘rsatganim yo‘q
O‘z vaqtida taniqli futbolchi, gol urish borasida sermahsul hujumchi bo‘lgan Oybek Usmonxo‘jaevni ayniqsa, yoshi katta, zukko muxlislar yaxshi bilishadi. O‘sha paytlarda ko‘pchilik yoshlar u kabi hujumchilarga o‘xshashni istashardi. Chunki Usmonxo‘jaevning futbolchilik faoliyatidagi muvaffaqiyatli damlari ko‘p bo‘lgan. Ayni paytda esa u murabbiylik ishi bilan shug‘ullanib kelmoqda. Lekin tan olish lozimki, futbolchi sifatida ko‘proq tanilgan Oybek Usmonxo‘jaevni hozircha murabbiylik rolida bunday darajada deb ayta olmaymiz.
Murabbiylik faoliyati haqida
Chindan ham uning futbolchilikdan keyin murabbiylikdagi ishlari qanday ketayotganini ko‘pchilik yaxshi bilmasa ham kerak. Chunki bu borada u ko‘p ham ko‘zga tashlanmayapti. Lekin o‘zini to‘liq murabbiylikka bag‘ishlagani rost. Shuni inobatga olganda, Usmonxo‘jaev avvalo murabbiylik faoliyati haqida gapirdi.
- Futbolchilik faoliyatimdan so‘ng darhol murabbiylik litsenziyasiga o‘qiganman. Boshlanishiga ikkinchi ligadan ishga kirishdim. O‘shanda Toshkentning «Spartak» jamoasida ishladim. Keyin Marat Kabaev bilan 1991 yilda tug‘ilgan futbolchilardan iborat terma jamoamizda ham faoliyat ko‘rsatdim. Qolaversa, birinchi ligada «Do‘rmon-Sport»da ham ish olib bordim. Bundan tashqari, yarim mavsum davomida «Qizilqum»da ham yordamchi murabbiy bo‘lib ishladim. Samvel Babayan paytida 2011 yili «Paxtakor» akademiyasiga ishga kirdim. Undan so‘ng Olmaliq jamoasida to‘rt yil faoliyat olib bordim. O‘shanda Igor Shkvirinning yordamchisi bo‘lganman. Orada esa bir yil hech qaerda ishlamadim. Uyda muammolarim bor edi, rafiqam kasal edi, afsuski keyin turmush o‘rtog‘im vafot etdi. Oxirgi ikki yildan beri «Paxtakor» akademiyasida ishlab kelyapman. 2002 yilda tug‘ilgan bolalarga murabbiylik qilyapman.
Qachon bosh murabbiyga aylanadi?
Oybek Usmonxo‘jaevning qanday hujumchi bo‘lganligini ko‘pchilik yaxshi biladi. O‘sha paytda u bilan birga o‘ynagan tengqurlarining aksariyati esa hozirgi paytga kelib turli jamoalarda bosh murabbiylik rolida ishlab kelishmoqda. Oybek ham o‘ziga yarasha taniqli futbolchi bo‘lgan va o‘zini murabbiylik sohasiga bag‘ishladi. Lekin hozircha uning bu ishda bosh murabbiylik rolida ko‘zga tashlanganini ko‘rganimiz yo‘q. Asosan yoshlar futbolida va akademiyada ishlab kelmoqda. Xo‘sh, uning katta jamoalarda bosh murabbiy bo‘lib ishlashiga nima to‘sqinliq qilayotgan bo‘lishi mumkin? Ushbu masala bo‘yicha o‘ziga murojaat qilib, quyidagi javobni oldik:
- Menga hech narsa to‘sqinlik qilmayapti. Murabbiylik uchun litsenziyalarim bor. Faqat «Pro»ga o‘qishim kerak. Albatta, bosh murabbiylik rolida ishlashni xohlayman, buni kim ham istamaydi deysiz?! Katta-katta jamoalarda yarim yoki bir yil emas, butun faoliyatim davomida ishlashni istayman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Ayni paytdagi vazifam esa akademiyadagi yosh o‘yinchilarni Superligaga etishtirib berishdan iborat.
Kimnidir yordami kerakmi?
Balki bosh murabbiylik darajasiga ko‘tarilish uchun qandaydir turtki yoki «podderjka» kerakmikin? Albatta, bunday lavozimda ishlash uchun murabbiyning o‘zida ham bilim va salohiyat yuqori darajada bo‘lishi talab etiladi…
- «Podderjka» kerak emas. Shunchaki, murabbiy o‘zining mutaxassisligini, professionalligini ko‘rsatishi kerak. Meni hech kim bosh murabbiylikka chaqirmayaptimi, demak, bu borada hali o‘zimni ko‘rsata olganim yo‘q. Bu albatta, mening tushuncham. Lekin hali vaqt bor, ishlashda davom etamiz. Kimdir ishonsa albatta chaqiradi. Bundan boshqa biror narsa ayta olmayman, - deya munosabat bildirdi Usmonxo‘jaev.
Futbolchilik faoliyati to‘g‘risida
Aytish joizki, Oybek futbolchilik faoliyati davomida ko‘plab muvaffaqiyatli, esda qolarli damlarni o‘tkazgan. Unga hammasi o‘zingiz istagan darajada kechganmi, deya so‘raganimizda shunday dedi:
- Ha, barchasi o‘zim istagandek kechgan. Ammo ba’zi paytlarda vaqtdan yutqazgan paytlarim ham bo‘lgan. O‘shanda bundan-da, yaxshirog‘ini bajarishim ham mumkin edi. Ammo bunday holatlarni katta bo‘lganingizdan keyin tushunib etasiz ekan. Albatta, faoliyatim va hayotimdan roziman, hammasi yaxshi o‘tyapti. Oldingi qilgan xatolarimdan xulosa chiqarib, qo‘l ostimda shug‘ullanayotgan yoshlarga vaqtlarini zoe ketkazmasliklarini aytib to‘g‘ri yo‘nalishda tushuntirib boryapman.
O‘g‘i Diyor Usmonxo‘jaev xususida
Shuningdek, uning o‘g‘li Diyor Usmonxo‘jaev ham boshida futbol yo‘lini tanlagandi. Keyin esa uning uchun voqealar rivoji o‘zgarib ketdi. Oybek esa o‘g‘lining futbolchi bo‘lishini xohlaganini aytib o‘tdi.
- Ha, men Diyorning futbolchi bo‘lishini xohlagandim. Lekin hech qachon bu borada uni majburlamasdim. Bilsangiz, u 2011 yili o‘smirlar terma jamoamiz safida Meksikadagi jahon chempionatiga ham borib keldi. Shundan so‘ng birinchi ligada va «Olmaliq»ning o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynab yurdi. Yoshi 18 dan oshganidan keyin oliy ligadan takliflar bo‘lsa o‘ynayman, bo‘lmasa boshqa futbol o‘ynamayman derdi. Men esa unga o‘zi bilishini, bo‘lmasa o‘qigin deb aytdim. O‘g‘limning xarakteri ham menga o‘xshaydi, birov chaqirmasa hech qaerga bormaydi. Shunday qilib, futbolni tugatdi. Hozir murabbiylik litsenziyasiga o‘qiyapti. Bir yildan beri «Bunyodkor» akademiyasida murabbiy bo‘lib ishlayapti.
Chempionatimiz haqida
Oybek Usmonxo‘jaevda hozirgi futbolimiz va chempionatimizni bemalol taqqoslay oladi. Chunki o‘zi ham ilgari chempionatimizda o‘ynagan holda bugungi chempionatimizning holatini ham yaxshi biladi. Shu sababli Usmonxo‘jaev o‘zi o‘ynagan davrdagi milliy birinchilikdan kelib chiqqan holda hozirgi chempionatimiz haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
- Bu yilgi mavsumda qiziqarli o‘yinlar ko‘p bo‘ldi. Klublar bir-biriga raqobatchilik qila olishyapti. Ko‘rinib turibdiki, «Paxtakor» hammadan kuchli. Shu bois ularning har tomonlama boshqalardan kuchliligi ayni haqiqat. Umuman olganda, chempionat yomon emas. Faqat terma jamoalar o‘ynayotgan mahalda chempionatdagi tanaffuslar cho‘zilib ketdi. Balki bu masalani ham o‘ylab ko‘rishsa kerak. Keyingi yili chempionatimiz bundan ham kuchliroq bo‘lishini kutyapman.
«Paxtakor» to‘g‘risida
«Paxtakor»ning muddatidan ancha avval chempionlikni qo‘lga kiritgani, boshqalarning bu jamoaga raqobat ko‘rsata olmagani chempionat saviyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmayaptimikin?! Bu haqida Usmonxo‘jaevga murojaat qilganimizda shunday dedi:
- Balki bu narsa saviyaga ta’sir qilayotgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin hozir bu to‘g‘risida sizga aniq bir nima deya olmayman. Kuchli jamoa o‘z nomi bilan baribir kuchli. Chempionat haqida emas, «Paxtakor» xususida gapiradigan bo‘lsam, raqiblarni xotirjamlik bilan yutayotgani – bu uning aybi emas va bu chempionatga yomon ta’sir qilmaydi. Shunchaki, «Paxtakor» o‘z ishini qilyapti. Ular g‘alabalar qozonishyaptimi, demak to‘g‘ri yo‘nalishda ishlashayotganidan darak beradi. Agar Osiyo Chempionlar ligasida ham «Paxtakor» shu o‘yinini ko‘rsatsa, bemalol g‘oliblik uchun kurashsa bo‘ladi. Faqat boshqa jamoalarimiz ham «Paxtakor»ga intilib kuchayishga harakat qilishlari kerak.
Fikrlar