
O‘zbek futbolchisiga “Manchester Siti”, PSJ va “Atletiko” xaridor!
Qishki transferlar davri yaqinlashgani sari klublar o‘zlariga kerakli futbolchilarni olish imkoniyatini chamalab chiqmoqda.
Oldindagi transfer oynasi davrida o‘zbek futboli tarbiyalanuvchilaridan Abduqodir Husanovning bozori qaynadigan ko‘rinadi.
Evropa matbuoti “Lans”da porlayotgan himoyachining xaridorlari ko‘payib borayotganini yozmoqda.
Xususan, nufuzli manbalardan biri L'Équipe nashri Abduqodir Husanov uchun kurashga “Manchester Siti”, PSJ va “Atletiko” klublari ham qo‘shilganini ma’lum qildi.
Aslida legionerimizning kuchli klublar e’tiboriga tushgani haqidagi ma’lumotlar bir necha oydan beri tarqatilmoqda.
Bu 20 yoshli markaziy himoyachimizning mavsum boshida Kevin Dansoning o‘rniga “Lans” asosiy tarkibiga kiritilganidan birdaniga yuqori saviyada o‘ynay olganidan keyin boshlangan jarayon hisoblanadi.
Abduqodir Husanov jamoasi qanday natija qayd etishidan qat’i nazar, har bir uchrashuvda ishonchli o‘ynamoqda. Futbolchimizning himoya chizig‘ining istalgan nuqtasida o‘ynay olishi, tezkorligi, yakkakurashlarda engilmasligi, to‘pni har qanday masofaga aniq etkazib berishi, ayniqsa, kutilmagandagi podkatlari va elkama-elga kurashdagi mahorati uning kuchli jihatlari sifatida e’tirof etilmoqda.
Ekspertlar o‘zbek himoyachisining salohiyati va mahoratini inobatga olib, uning Evropaning har qanday jamoasida o‘ynay olishi mumkinligini alohida ta’kidlayapti.
Yuqori nomi keltirilgan “Manchester Siti”, “Atletiko” va “Pari Sen-Jermen” kabi grand klublardan tashqari, Abduqodirga boshqa da’vogarlar ham borligini unutmaslik kerak.
Xususan, turli manbalarda o‘zbek himoyachisi Angliya Premer-ligasidan “Arsenal”, “Chelsi”, “Everton”, “Nyukasl”, Germaniya Bundesligasidan “Bayer” va “Leyptsig”, Frantsiyadan “Marsel” kabi klublar kuzatuvida ekani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda.
“Lans” tez orada byudjetga 40 million evro atrofida tushib qilishi talab etiladi. Bu orqali Frantsiya klubi moliyaviy feyr-pleyni ta’minlagan bo‘ladi. Lansliklar bu miqdordagi tushumni o‘tgan yoz olmoqchi edi. Biroq Kevin Danso va Nil Al-Aynauining “Roma” va “Monako”ga transferlari barbod bo‘lishi ortidan klub moliyaviy jihatdan muammoga to‘qnash keldi.
Transfermarkt portali Abduqodir Husanovni yangilangan reytingda 12 million evroga baholab, Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho futbolchisi aylantirdi. Bu summa mavsum oxiriga qadar yanada ko‘tarilishi kutilmoqda.
Shunga qaramay, 12 million evro “Lans” rahbariyatini qoniqtirmaydi. Lansliklar mavsum kashfiyotiga aylangan o‘zbek futbolchisini ayni paytda nafaqat Frantsiya, balki butun Evropadagi eng iste’dodli yosh himoyachi, deb biladi va uning transferi uchun ancha yuqori narx talab qilmoqchi.
Transferlar bo‘yicha ekspetlarning ta’kidlashicha, “Lans” Abduqodir Husanov transferi orqali klubga 30 million evro tushum qilmoqchi. Bu narx himoyachini yanvarda olmoqchi bo‘layotgan klublar uchun dolzarb. Yozga borib, Husanovning narxi ko‘tarilsa, “Lans”ning talabi ham oshishi tabiiy.
Demak, Abduqodir Husanov atrofidagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz. Balki iste’dodli futbolchimizning Evropaning grandlarida o‘ynash davri kelgandir...
Husanov zo‘rmi yoki Fayzullaev?
Qani ko‘ramiz, endi Fayzullaev osmonda uchadimi yoki erda yuradimi?!
O‘zbek futbolchisiga “Spartak”, “Zenit” va TsSKA qiziqayotgani tasdiqlandi!
Husanov “yondiryapti”, u katta o‘zgarish qildi!
Fayzullaev otlan, Evropaga ketadigan payt keldi!
Fikrlar