"O‘zbekiston chempionati Markaziy Osiyoda eng kuchlisi, iste’fodan qo‘rqmayman, ko‘z ostimizga olib qo‘ygan yangi futbolchilar bor" yoxud Hakim Fuzaylov "Dinamo"ni Superligaga olib chiqishga qodirmi?

  • 6 iyun, 2021, 21:02
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Muxlislarimizga juda yaxshi tanish bo‘lgan tojikistonlik Hakim Fuzaylov bu yil yana yurtimizga qaytdi.

Tecno

Bilasiz, ushbu mutaxassis Samarqandning “Dinamo” klubini boshqarib kelyapti. Uning oldiga jamoani Superligaga qaytarish vazifasi qo‘yilgan. Bu yo‘lda Fuzaylov futbolda to‘plagan bor bilim hamda tajribalarini ishga solishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Sports.uz muxbiri Hakim Qayumovich bilan klubdagi ishi, keyingi rejalar va terma jamoalar haqida suhbatlashdi.

- Hakim Qayumovich, oldinlari “Buxoro”, “Andijon” va “Lokomotiv” jamoalarini boshqarganingizni yaxshi bilamiz. Ammo o‘shanda siz elitada ishlagansiz. Bu safar Superligada emas, balki pro-ligada ish boshladingiz. Yurtimizga ushbu qaytishingiz o‘zingiz uchun murabbiylikdagi ortga tashlangan qadam emasmi?

- Nega endi bu ortga tashlangan qadam bo‘lsin? “Andijon”ga qadar ham “Dinamo”da ishlaganman, o‘shanda bu jamoa oliy ligada o‘ynardi. O‘sha paytda “Dinamo” chempionatda oltinchi o‘rinni egallagan. Bu yaxshi natija. Qolaversa, Samarqand jamoasi Kubok finaliga ham chiqqandi. Meni yana “Dinamo”ga chorlashdi. Men buni ortga tashlangan qadam, deb hisoblamayman. Jamoa oldiga vazifa qo‘yilgan. Murabbiyning ishi esa oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishdan iborat. Men bunda biror-bir qo‘rqinchli narsani ko‘rayotganim yo‘q.

- Jamoadagi ishingizdan qoniqyapsizmi?

- Murabbiy o‘z ishidan hech qachon qoniqish hosil qilmaydi. Shunchaki, u ishida davom etar ekan, qo‘yilgan vazifalarni bajarish payida bo‘ladi.

fuzaylov3_1

- “Dinamo” tarkibida yig‘ilgan barcha futbolchilardan ko‘nglingiz to‘qmi yoki chiziqlar bo‘yicha jiddiy muammolar bormi?

- Bu masalada dabdurustdan hammasidan to‘la qoniqish hosil qildim, deyish oson emas. Chunki klubga yanvar oyi o‘rtalarida keldim. Fevral oyining boshida esa, zayavka berish talab qilinardi. Men kelgan paytda, klubda atiga to‘rt nafar futbolchi bor edi xolos. Shu bois, shoshilinch tarzda futbolchilarni jamlashga harakat qildik, vaziyat shuni taqozo qilardi. Tabiiyki, bunday mahalda selektsiyada xatolar kuzatiladi. Aytmoqchimanki, tarkibdagi bir qancha pozitsiyalarni kuchaytirishimiz talab qilinmoqda. Bu tushunarli. Vazifani bajarish uchun ham transfer oynasi ochilgan zahoti bu masalani hal etish kerak bo‘ladi. O‘z-o‘zidan jamoani kuchaytirish uchun transferlarga qo‘l urishimiz tayin.

- Demak, bu borada yangi o‘yinchilar bilan muzokaralar ketyapti ekan-da?

- Albatta, gapingizda jon bor. Ammo hozirda transfer oynasi yopiqligi bois biz bu borada bir narsa deyishimiz qiyin. Faqat o‘zimizni qiziqtirayotgan futbolchilarni kuzatish bilan cheklanishimizga to‘g‘ri kelyapti. Albatta, boya aytganimdek, pozitsiyalar bo‘ylab ularni kuchaytirish haqida bosh qotiryapmiz.

- Klubdan ketadigan o‘yinchilar bormi?

- Birinchi davra tugab bo‘ldi, ertadan ikkinchi davra boshlanadi. Transfer oynasi 5 iyuldan ochiladi. Tabiiyki, transfer oynasi ochilganidan keyin tarkibni kuchaytirishni boshlaymiz.

fuzaylov1_1

- Yangi o‘yinchilar kim: mahalliy ijrochilarmi yoki legionerlarmi?

- Oldindan aytishim kerakki, biz asosan mahalliy futbolchilarni kuzatmoqdamiz.

- Bir necha yil o‘tib yana O‘zbekiston chempionatiga qaytdingiz. Ayting-chi, chempionatimizda qanday o‘sish va buning aksi o‘laroq, pasayishlarni ko‘ryapsizmi?

- Har erda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham futbol rivojlanib bormoqda. Axir vaqt bir joyda turmaydi. Binobarin, futbol ham shunday. Shuni hech ikkilanmay aytishim mumkinki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda eng kuchli, raqobatbardosh chempionatga ega bo‘lgan davlat sanaladi. Bu erda o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan klublar talaygina. Aksar jamoalarda esa hali yosh va o‘zlarini ko‘rsatish ishtiyoqida yonayotgan murabbiylar ishlamoqda. Bu borada O‘zbekistonda albatta oldinga katta siljish bor, deb baralla ayta olaman. Ma’lumki, endi milliy terma jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlar uchun o‘yinlar boshlanyapti. O‘ylaymanki, O‘zbekiston terma jamoasida o‘zi uchun uzoq vaqtdan beri armon bo‘lib kelayotgan JChga yo‘llanma olish borasida bu safar yaxshigina imkoniyat yuzaga kelgan. Bo‘lajak jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ishtirok etadigan bo‘lsa, bundan sira ajablanmayman.

fuzaylov_6

- Terma jamoalar mavzusi boshlangan ekan, sizdan Tojikiston termasi haqida so‘ramasam bo‘lmaydi. Bilasiz, Usmon Toshev terma jamoani tark etmoqda. Bu haqida fikringiz qanday?

- Tojikiston terma jamoasi o‘zidan yomon taassurot qoldiryapti, deya olmayman. Milliy termamiz tarkibida yosh, iqtidorli futbolchilar to‘p surmoqda. Qolaversa, “Istiqlol” Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtiroki orqali tojik futbolchilari qo‘llaridan ko‘p ish kelishini isbotlab berdi, deyishim mumkin. Bizda yosh futbolchilardan iborat yaxshi avlod kamolga etyapti. Shu ketish bo‘lsa, oxir-oqibat Tojikiston terma jamoasi jahon chempionati yo‘llanmalaridan biriga ega chiqishi mumkin, deb o‘ylayman. Qolaversa, Osiyo Kubogiga chiqish ham asosiy vazifalardan biri.

- Hakim Qayumovich, pro-ligada intriga ancha kuchaygan. Chunki “Buxoro”, “Neftchi”, “Dinamo”, “Olimpik”, “Xorazm” klublari Superliga yo‘llanmalari uchun qizg‘in kurash olib borishyapti. Shaxsan o‘zingiz “Dinamo”ni Superligaga olib chiqish yo‘lida necha foizga ishonyapsiz?

- Hozir bu borada 100 foiz to‘liq ishonch bilan biror narsa deyish qiyin. Chunki “Dinamo”dan tashqari siz sanab o‘tgan boshqa raqobatchilar ham shunchaki tomoshabin bo‘lib turishmaydi. Bari o‘z oldiga Superligaga ko‘tarilish vazifasini qo‘ygan. Albatta, biz shu mavsumni yuqori notada tamomlash uchun oxirigacha harakat qilamiz. To‘g‘ri, “Neftchi” bilan “Buxoro” “Dinamo”ga nisbatan moliyaviy tomondan ancha yaxshi sharoitda. Ammo biz ham o‘yinni to‘g‘ri tashkil qila olsak, vazifani bajara olamiz, deb umid qilish mumkin. Shu yo‘nalishda oxirigacha ishlashda davom etamiz.

- “Dinamo”ning o‘yinlarida qayd etayotgan natijalari juda qiziqarli. Klub hisobida birorta ham durang yo‘q. “Dinamo” o‘yinlarni yo yutyapti, yoki mag‘lubiyat bilan yakunlayapti.

- Agar mag‘lubiyatga uchragan o‘yinlarimizni esga oladigan bo‘lsangiz, “Dinamo”ning raqiblariga yirik emas, balki minimal hisobda imkoniyatni boy berganligini ko‘rishingiz mumkin. Bu o‘yin borasida boshqa raqiblardan aslo ortda qolmaganligimizni isbotlaydi. Aksincha, bir qancha uchrashuvlarda ustunlikka ega bo‘lganmiz. Baxtga qarshi yakuniy natija biz kutgandek bo‘lmagan. Men buni ancha uchrashuvlar videoyozuvini kuzatish orqali tahlil qilganim evaziga gapiryapman. Bu - futbol.

fuzaylov4

- Futbolda natijalar murabbiyning faoliyatini belgilab beradi. Agar natija ko‘ngildagidek ko‘rinish olmas ekan, har qanday jamoada rahbariyat asosiy aybdor sifatida bosh murabbiyni ishdan bo‘shatishga harakat qiladi. Demoqchimanki, “Dinamo”dagi faoliyatingiz oxiriga etmasdan tugashi mumkinligidan xavotirga tushmayapsizmi?

- Yo‘q. Futbolda shunday yozilmagan qoida bor: jamoa yutadi, murabbiy esa yutqazadi. Tabiiyki, natija rahbariyatni qoniqtirmas ekan, murabbiy iste’foga chiqariladi. Bundan qo‘rquvga tushish yaramaydi. Chunki hatto nomi chiqqan manaman degan murabbiylar ham natija o‘xshamay qolgan paytda ishdan bo‘shatilmasdan qolmayotganini hamma ko‘rib turibdi.

- Superligani kuzatayotgan bo‘lsangiz, sizga ko‘proq qaysi jamoalar yoqyapti?

- Men bir yoki ikkita klubni ko‘rsata olmayman. Aksincha, Superligada qator jamoalar ishtirokidagi o‘yinlar menda yaxshi taassurot qoldirmoqda. Albatta, birinchi navbatda “Paxtakor”ning o‘yinini ko‘rsatgan bo‘lardim. Qolaversa, chempionlar tarkibida yosh futbolchilarga imkon taqdim qilinmoqda. Jumladan, menda Diyor Xolmatov yaxshi taassurot qoldiryapti. Shuningdek, Hojimat Erkinovni ham ko‘rsatishim mumkin. Menda yana “So‘g‘diyona” ham yaxshi o‘yinlari bilan iliq taassurot qoldiryapti. Jamoa tarkibidagi futbolchilar 3-4 yil davomida birga to‘p surayotganlari sababli “So‘g‘diyona”ning qayd etayotgan natijalari tobora yaxshilanib boryapti. Yana “Nasaf”ni ham alohida ko‘rsatishim mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, Superligada qator klublar barchada iliq taassurotlar qoldiradigan o‘yinlar namoyish etyapti. Aynan boshqa ishtirokchilar ham maydonda yo‘qolib qolishmayapti. Shuning evaziga Superliga doirasidagi bahslar juda qizg‘in kurashlarga boy tarzda o‘tyapti, deb ayta olaman.

- Pro-liga haqida nima deya olasiz?

- Pro-ligada ham kurash yomon kechmayapti. Ammo baribir Superligaga taqqoslaganda pro-liga darajasidagi o‘yinlarda farq bor.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!