
O‘zbekiston kubogi. "Eski qadrdonlar" yo‘li yana kesishdi
Kecha O‘zbekiston kubogining saralash bosqich uchrashuvlari yakuniga etdi. Unga ko‘ra, "Jizzax" va "Olimpiya" klublari guruh bosqichida ishtirok etish masalasini qo‘lga kiritdi.
Biz ikki mavsumdan buyon bir guruhdan joy olib kelayotgan jamoalar bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar yig‘ishga qaror qildik. Ular qaysi klublar ekani sizga ham qiziq ekani aniq. Qayd etish lozim, muxlis va mutaxassislar nazdida "eski qadrdonlar" kesishgan bu galgi turnir yanada qiziqarli o‘tishi kutilmoqda.
O‘tgan yilgi guruh bosqichining grafik ko‘rinishi.
Bu yilgi guruh bosqichining grafik ko‘rinishi.
"B" guruhi. "Mash’al" - "Qo‘qon-1912".
Ikkinchi guruhda voha va vodiy klublari yana o‘zaro to‘qnash keladi. "Mash’al" bu mavsum ham Pro-ligada ishtirok etayotgan bo‘lsa, "Qo‘qon-1912" Superligadan quyi divizionga "sayohat qilyapti". Qizig‘i, bu jamoalar joriy mavsum Pro-liganing ikkinchi turida ham kuch sinashib ko‘rdi. Unda "uchar tulporlar" "gazchilar"ni kichik 1:0 hisobida mag‘lub etdi. O‘tgan yildagi kubok o‘yinida ham qo‘qonliklar yirik 4:0 hisobida zafar quchgan.
Ko‘ramiz, bu gal muborakliklar ushbu mag‘lubiyatlar uchun revansh ola bilarmikin?!
"C" guruhi. "Metallurg" - "Bunyodkor".
"Ma’danchilar" "qaldirg‘ochlar"ga qarshi. Ikki klub o‘zaro o‘yinlarda maydonni "yondirish"ni juda ajoyib tarzda eplaydi. Masalan, o‘tgan mavsumdagi kubok guruh bosqichidagi bahsda darvozalarga oz emas, ko‘p emas naq 6 ta to‘p kiritilgan. Unda omad Toshkent shahri vakillariga kulib boqqan - 4:2.
2022 yilgi Superliga doirasida o‘tkazilgan bu klublar to‘qnashuvida bitta durang va bitta "Bunyodkor"ning g‘alabasi qayd etilgan. "Qaldirg‘ochlar" maydonida o‘tgan bahs 1:1 hisobida yakun topgan bo‘lsa, Bekoboddagi uchrashuv 2:1 hisobida mehmonlar g‘alabasi bilan yakun topgan.
Gollar bilan muxlislarni xursand qiladigan bu bellashuvda kimga omad kulib boqishini tez orada bilib olamiz.
"D" guruhi. "Turon" - "Sho‘rtan".
Yana bir voha va vodiy klublari to‘qnashuvi. "Turon" Pro-ligadan yuqori divizonga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, "Sho‘rtan" quyi ligada muvaffaqiyat qozona olmadi. 2022 yilda bo‘lib o‘tgan o‘zaro o‘yinlarda ustunlik yaypanliklar tomonida. Ular o‘tkazilgan barcha 3 o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan. To‘plar nisbati ham sezilarli darajada - 7:2.
Ko‘rib turganingizdek, "Turon" uchun "Sho‘rtan" qulay raqib hisoblanadi. Ammo ushbu mavsumda "oq bo‘rilar" "qasos olish" imkoniyatiga ega.
"E" guruhi. "Dinamo" - "Qizilqum".
Ikki qo‘shnilar o‘rtasidagi qiziqarli o‘yin. Bu bahsda muxlislar keskin kurashlar guvohiga aylanib kelgan. Ikki uchrashuv 0:0 hisobida yakunlangan bo‘lsa, yana bir bellashuv 4:1 hisobida navoiyliklarning g‘alabasi bilan tugagan.
Derbi maqomiga tenglashib qolgan bu jamoalar o‘rtasidagi o‘yin shiddat borasida hech kimni xafa qilib qo‘ymasa kerak...
"E" guruhi. "Lokomotiv" - "Zomin".
"E" guruhining navbatdagi juftligi ham bir-biriga begona emas. "Temiryo‘lchilar" va "bo‘rilar" o‘tgan yilgi kubok guruh bosqichida o‘zaro kuch sinashgan. "Lokomotiv" favorit sanalgan uchrashuv kutilmaganda 2:2 hisobidagi durang natija bilan nihoyasiga etgan. Bu safar "Loko" Pro-ligada o‘sha durang uchun revansh olmoqchi bo‘ldi. Ammo endi "Zomin" Birinchi ligaga tushib ketishga ulgurgandi. "Tom va Jerri" multfilmida mushuk sichqonni quvgani kabi poytaxtliklar yana Zomin klubiga qarshi saf tortadigan bo‘ldi. Bu gal ham sensatsiya guvohi bo‘lamizmi yoki yo‘q, tez orada bunga javob olamiz.
O‘zPFL ma’lumotlari asosida Shohrux Zoirov tayyorladi.
Fikrlar