
O‘zbekiston terma jamoasining raqibi Kamerun haqida. Ularning kuchli va kuchsiz tomonlari nimada?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sentyabr oyidagi xalqaro yig‘in doirasida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Vakillarimiz Janubiy Koreyada jahon chempionati ishtirokchilari – Kamerun va Kosta-Rikaga qarshi maydonga tushadi. Aytish joizki, mazkur jamoalar o‘z qit’asining etakchilaridan biri hisoblanadi. Shu bois, bugun ular haqida to‘liq ma’lumot berishga hamda kuchli va kuchsiz tomonlarini ko‘rib chiqishga harakat qilamiz. Dastlab, Kamerundan boshlaymiz.
O‘zbekistonga qarshi o‘yin uchun raqibimizning qaydnomasi:
Kamerun
Laqabi: “engilmas sherlar”
FIFA reytingi: 38-o‘rin
Jahon chempionatining 8 karra ishtirokchisi (1982, 1990, 1994, 1998, 2002, 2010, 2014, 2022)
Bosh murabbiy: Rigober Song
2022 yilning 1 martida Song jahon chempionati saralashi pley-off o‘yinlari oldidan Kamerun milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bungacha u asosiy jamoada yordamchi bo‘lib ishlagan. Shuningdek, Kamerun olimpiya terma jamoasi ustozi sifatida ham faoliyat olib borgan.
Aytish joizki, Song Kamerun terma jamoasidagi faoliyati davomida ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan. Xususan, u futbolchi sifatida to‘rtta jahon chempionati ishtirokchisi hisoblanadi. Hozircha uning bu natijasi yangilaydigan futbolchi topilmayapti. Rigobert Song o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha ham milliy terma jamoa rekordchisidir (137).
Kamerunning o‘yin sxemasi: 4-4-2
O‘yin uslubi: chuqur himoya, tezkor qarshi hujum.
Kamerun yangi murabbiy qo‘l ostida qanday o‘yin ko‘rsatishi hozircha noma’lum. Chunki Song boshchiligida kamerunliklar atigi uchta o‘yin o‘tkazishdi. Aytish kerakki, ular raqibdan kelib chiqib harakat qiladi. Jamoa ko‘proq raqib himoya chizig‘iga yuqoridan uzun pas bergan holda hujum tashkil qiladi. Buni ko‘proq “Manchester Siti”ning o‘yiniga qiyoslash mumkin. Ingliz klubida butun jamoa Erling Xoland uchun o‘ynasa, raqibimizda Leandr Tavambaga yuqoridan to‘p etkazib beriladi. “Engilmas sherlar” ba’zida vaziyatdan kelib chiqib, mayda paslar orqali ham o‘ynashi mumkin.
Jamoa etakchilari
Andre-Frank Zambo-Angissa – yarim himoya chizig‘ining asosiy futbolchisi
"Napoli"ning 26 yoshli yarim himoyachisi ko‘p yillar davomida Kamerun terma jamoasi sharafini himoya qilib keladi. Andre Italiya klubiga o‘tishdan oldin “Vilyarreal”, “Fulxem” va “Marsel” kabi jamoalarda o‘ynagan. Ammo biz Angissa haqida ortiqcha to‘xtalmaymiz. Chunki u terma jamoa yig‘iniga chaqirilmagan.
Karl Toko-Ekambi – Kamerunning asosiy hujumkor futbolchilaridan biri.
“Lion”ning chap qanot vingeri “engilmas sherlar” safida 50 ta o‘yinda 12 ta gol urgan. Uning ajoyib texnikasi bor. Agar unga ta’rif beradigan bo‘lsak, uning harakatlarini oldindan aytib bo‘lmaydi deya olamiz. Eslatib o‘tamiz, aynan Toko-Ekambining Jazoirga urgan goli Kamerunga Qatardagi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yordam bergan.
Vensan Abubakar — jamoa to‘purari va sardori.
30 yoshi futbolchi “engilmas sherlar” safida 87 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, ayni paytda jamoaning eng keksa futbolchisi hisoblanadi. U Kamerun safida 33 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan holda jamoasining eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi. Shu bois, sardorlik bog‘ichi ham aynan “Al Nassr” futbolchisiga ishonib topshirilgan. Abubakar jismonan kuchli hujumchi hisoblanadi. Uning yaxshigina tezligi ham bor. Aytish kerakki, Vensan va Shupo-Moting tandemi kamerunliklarga juda katta foyda keltiradi.
Umaman olganda, Kamerunda Evropa klublarida o‘ynaydigan top darajadagi futbolchilar etarlicha. Ammo biz barchasini sanab o‘tmaymiz, lekin Andre Onana, Brian Mbemo va Erik-Maksim Shupo-Moting nomlarini alohida keltirishimiz lozim.
Afzalliklari va kamchiliklari
Kuchli tomonlari: jismoniy holat, havodagi kurash.
Kamchiliklari: pozitsion hujum, pleymeyker yo‘qligi.
Jismoniy tayyorgarlikka kelsak, hammasi juda oddiy - jamoa juda kuchli va tezkor. Jahon chempionati saralashi doirasidagi Jazoirga qarshi javob o‘yinining 120-daqiqasida ham kamerunliklarning jismonan yaxshi holatda bo‘lganligi, ularning tayyorgarligi qay darajada ekanligidan dalolat beradi.
Shuningdek, ular ikkinchi qavatda ham yaxshi o‘yin namoyish etadi. Statistikaga ko‘ra, Kamerunning gollaridan uchdan bir qismi bosh bilan uriladi. Bundan tashqari, Abubakar-Shupo-Moting tandemi ko‘p hollarda jamoaga katta yordam beradi. Sababi, ikkalasi ham baland bo‘yli hujumchilar hisoblanadi.
Pozitsion hujum - bu Kamerunda deyarli yo‘q narsa. Balki asosiy muammo yarim himoyada kreativ o‘yinchi - pleymeyker yo‘qligidir. Ular odatda 4-4-2 sxemasida harakat qiladi, ammo o‘yin paytida bu 4-2-2-2 ko‘rinishini oladi. Ya’ni, markazda harakat qiladigan ikki futbolchi tayanch chizig‘ida o‘ynasa, yana ikki futbolchi hujumchi ortida harakat qiladi.
Jamshidbek Mahmudov
Fikrlar