
O‘zbekiston xalqaro musobaqa g‘olibligi uchun Afrika chempioni bilan to‘qnashadi
17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tarkib topgan O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilning 10 noyabr – 2 dekabr kunlari Indoneziya mezbonlik qiladigan jahon chempionatida qit’amiz sharafini himoya qiladi.
O‘zbekiston U17 terma jamoasi bosh murabbiy Jaloliddin Rahmatullaev shogirdlari bo‘lajak mundialga puxta hozirlik ko‘rish uchun tayyorgarlik yakuniy bosqichini Turkiyada o‘tamoqda.
Futbolchilar to‘rt mamlakat o‘smirlar terma jamoalari ishtirokida tashkil etilgan Antalya Nations Week xalqaro turnirida qatnashyapti.
Hamyurtlarimiz ushbu musobaqaning birinchi o‘yinida Rossiya yoshlar terma jamoasi bilan kuch sinashib, raqibni 4:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bungacha Rahmatullaev shogirdlari 2022 yili rossiyaliklar bilan ikkita bahs o‘tkazib, bittadan durang va mag‘lubiyat qayd etgan.
Turkiyadagi uchrashuvda rossiyaliklar darvozasiga kiritilgan gollardan ikkitasiga Ollobergan Karimov, qolganlariga Lazizbek Mirzaev va Shodiyor Shodibekov mualliflik qildi.
Aynan mana shu bellashuvda Lazizbek Mirzaev Rossiya klublar skautlari nazariga tushgani va bir necha jamoa uni transfer qilishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar tarqatildi.
Antalya Nations Week xalqaro turnirining ikkinchi turida O‘zbekiston terma jamoasi KONKAKAF vakili Panamaga qarshi maydonga chiqdi.
Ta’kidlash joizki, raqib jamoa yaxshi shakllangan, u tezkor va jismonan baquvvat futbolchilardan tarkib topgan. Ana shunday kuchli jamoa bilang bo‘lgan uchrashuvda hisob ochilmadi va tomonlar o‘z hisobiga bittadan ochko yozdirib qo‘ydi.
Ikkinchi turning ikkinchi uchrashuvida Rossiya va Senegal terma jamoalari o‘zaro bellashdi. Bu bahsda ham darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi.
Ayni paytda musobaqa jadvalida to‘rttadan ochko jamg‘argan Senagal va O‘zbekiston terma jamoalari peshqadamlik qilmoqda.
Xalqaro musobaqa g‘olibi aynan mana shu ikki peshqadam o‘rtasidagi oxirgi uchrashuvda aniqlanadi.
Senegal – Afrika qit’asining bu yosh toifasidagi amaldagi chempioni hisoblanadi. Senegalliklar ham har qanday Afrika jamoalari singari tezkor va jismonan baquvvat futbolchilarni jamlagan.
Turnirni kuzatib borayotgan mutaxassislar O‘zbekiston terma jamoasi salohiyatiga ham yuqori baho bermoqda. Ayniqsa, Jaloliddin Rahmatullaev shogirdlarining hujumdagi imkoniyatlari, futbolchilarning individual mahorati va texnikasi yaxshi rivojlangani alohida e’tirof etilmoqda.
Terma jamoamizning Senegalga qarshi o‘tkaziladigan hal qiluvchi o‘yini 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Ta’kidlash joizki, xalqaro turnir ishtirokchilaridan – O‘zbekiston, Senegal va Panama terma jamoalari Indoneziyada bo‘ladigan jahon chempionatida qatnashadi.
Jaloliddin Rahmatullaev shogirdlari mundialning V guruhidan chiqish uchun Ispaniya, Kanada va Mali futbolchilari bilan raqobatlashadi.
Fayzullaev futbolni qanday o‘ynashni Messi va o‘zi yoqtirgan yana bir yulduzdan o‘rgangan...
Superkompyuter Fayzullaev chempionatni nechanchi o‘rinda yakunlashini aytib berdi
Evropadan futbolchilarimiz chempionligiga munosabat bo‘ldi
Fikrlar