
O‘zimizning Denis Klopp! Balki, Yurgen Klopp vaqti kelganda "Lokomotiv"dagi hamkasbi haqida eshitib qolar...
Chempionatimizdagi har bir tur va undagi har bir o‘yin qandaydir o‘ziga yarasha taassurotlari bilan kishini o‘ziga jalb qilyapti. Masalan, Superliganing 2-turida Toshkentning “Lokomotiv” klubi o‘z maydonida Olmaliqning AGMK jamoasini 2:1 hisobida taslim qildi va ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Xo‘sh, nima bo‘pti, deyishingiz mumkin.
Bu erda gap “Lokomotiv” bosh murabbiyi Denis Korostichenko haqida ketyapti. Balki birgina g‘alabadan keyinoq murabbiyni ko‘klarga ko‘tarish shartmi, deya fikr bildirishingiz tabiiy, ammo biz uni aslo ko‘klarga ko‘tarmoqchi ham emasmiz. Lekin ilk bor Superligada bosh murabbiylik qilishni boshlagan Korostichenko chempionatimizga o‘zidagi boshqacha yangiliklarni olib kirishga urinayotgandek.
Ko‘rgan bo‘lsangiz, “Lokomotiv” AGMK bilan bahsda hisobda ortda qolayotgandi. Lekin Korostichenko futbolchilarning xarakterini uyg‘ota olgan shekilli, ikkita gol urib g‘alabani ilib ketdi. Zaxiradan maydonga tushirishda ham u topqirlik qildi. Sanjar Qodirqulov zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, gol urdi va jamoasining o‘yinini o‘zgartirdi. Yakunda bu futbolchi bellashuvning eng yaxshi o‘yinchisiga aylandi. Superligadagi bosh murabbiy sifatida debyutini o‘tkazayotgan “Loko” ustozi shu kuni to‘g‘ri taktika tanladi va o‘yinchilarni ruhlantirishni epladi.
Rosti, “Lokomotiv”ni bir qator etakchilar tark etgani va bosh murabbiylikka nomdorroq murabbiy olib kelinmaganidan keyin jamoaning kuchiga shubha bilan qaraydiganlar ortdi va hozirda klubni etakchilar qatoriga deyarli qo‘shishmayapti ham. Chempionatning ilk turida “Lokomotiv” “Qizilqum”ga 2:0 hisobida yutqazib qo‘ydi. AGMK bilan bahsda ham Mirjalol Qosimov jamoasining imkoniyati yuqori baholangandi. Ammo o‘ylab qarasak, “Lokomotiv”ning tarkibi ham chakki emas. Islom Qobilov, Kaxi Maxaradze, Diyor Turopov, G‘ulomhaydar G‘ulomov, Sanjar Qodirqulov, Sherzod Fayziev, Islom Rashidxonov, Alisher Salimov, Abdumavlon Abdujalilov, Xurshid Muxtorov, Muhammadanas Hasanov va yana bir qator iste’dodli yoshlar bilan birga ikki nafar legioner ham bor. Xullas, Denis Vladimirovichda yaxshi tarkib bor.
Endi Korostichenkoga alohida to‘xtalamiz. Superligada ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan murabbiy hozirdanoq tez tanilib boryapti. Bunga uning “Liverpul” bosh murabbiyi germaniyalik Yurgen Kloppga tashqi ko‘rinishi o‘xshashib ketishi bilan bog‘liq. Ayniqsa, Korostichenko jamoasining g‘alabasini o‘yindan keyin xuddi Klopp uslubida muxlislari bilan birga nishonlagani xuddi uzukku ko‘z qo‘ygandek. Demak, O‘zbekistonning endi o‘z Klopi bor. Bu – Denis Klopp! Balki uni shunday deb atarmiz. O‘zi ham matbuot anjumanida “Liverpul” va Yurgan Kloppga muxlislik qilishini, ularning o‘yin uslubini yoqtirishini aytdi.
Undan avval esa Korostichenkoga nisbatan “Yangi Nagelsmann” degan ta’riflar ham qo‘llana boshlangandi. “Lokomotiv” klubi bosh direktor o‘rinbosari To‘labek Akromov ham Sports.uz saytiga bergan intervyusida Korostichenkoni “Yangi Nagelsmann” deya atab, unga katta ishonch bildirayotganini aytgandi. O‘z navbatida murabbiy AGMKga qarshi bahsdan so‘ng saytimizga bildirgan fikrlarida bu borada shunday degandi: - Bizning bosh direktorimiz intervyu chog‘ida “Yangi Nagelsmann” haqida gapirgan. U juda kuchli murabbiydir. O‘sha intervyudagi aytgan gapi tufayli endi ko‘pchilik “Yangi Nagelsmann” haqida gapirishga tushdi. Unda yorqin kelajak bor. O‘z navbatida mana shunday murabbiyga o‘xshashni istagan bo‘lardim. Lekin o‘zimni “Yangi Nagelsmann” deb hisoblay olmayman”.
O‘zbek murabbiylari orasida xorijlik hamkasblariga o‘xshashib ketadiganlari yana bor. Misol uchun “So‘g‘diyona”ni boshqarib kelayotgan Ulug‘bek Baqoevni “Atletiko” ustozi Diego Simeonega qiyoslaydiganlar ham bisyor. Ayniqsa, ikkisining o‘yin paytidagi jangovar xarakterini ko‘p gapirishadi, oxirgi paytlarda esa natijalari ham o‘xshab ketmoqda.
Endi bo‘lsa, Korostichenko nemis mutaxassislariga qiyoslanmoqda. Bu yaxshi o‘xshatish. Faqat o‘zimizning “Klopp”ga hali ancha bor. Chunki yuqorida aytdik, Superligada debyutini boshladi. Bu yil 36 yoshni qarshilaydigan murabbiyni oldinda qanday kelajak kutayotganini faqat Yaratgan biladi. Lekin Denis Vladimirovichda xohish va istak yuqoriligi ko‘rinib turibdi. U “Lokomotiv”da salohiyatini qanchalik namoyish eta olarkin, buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin murabbiy haqidagi dastlabki taassurotlar chakki emas (agar u aldamchi bo‘lmasa). Balki vaqti soati kelganida, Yurgen Klopp o‘zbekistonlik Denis Kloppni eshitib ham qolar...
Fikrlar