
O‘zPFL kubok finali oldidan o‘tkaziladigan rasmiy tadbirlar haqida ma’lumot berdi
30 oktyabr kuni O‘zbekiston kubogining final uchrashuvi Buxoroda bo‘lib o‘tishidan xabaringiz bor.
“Navbahor” va “Nasaf” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi bellashuv 17:00 da start olishi haqida avvalroq xabar berilgandi. Final chiptalari qay tariqa sotilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar biroz keyinroq e’lon qilinadi.
29 oktyabr kuni har ikki klub finalga mezbonlik qiladigan stadionda rasmiy mashg‘ulot o‘tkazadi. Nominal mehmon sifatida “Nasaf” futbol klubining mashg‘uloti 17:00 da start oladi. 50 daqiqalik mashg‘ulotning dastlabki 15 daqiqasi OAV vakillari uchun ochiq bo‘ladi. Nominal mezbon sifatida “Navbahor” 16:00 da mashg‘ulotga kirishadi va uning ham dastlabki 15 daqiqasiga jurnalistlar tashrif buyurishi mumkin.
Soat 18:00 da “Navbahor” bosh murabbiyi Samvel Babayan hamda ikki etakchi futbolchi ishtirokida matbuot anjumani start oladi. 18:30 dan boshlab “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiev o‘z futbolchilari bilan OAV savollariga javob qaytaradi. Matbuot anjumaniga Buxorodagi Sahid Zarafshon mehmonxonasi mezbonlik qiladi.
O‘zPFL matbuot xizmati
Fikrlar