
"Parij-2024". Argentina - Marokash o‘yinida nimalar bo‘ldi?
Barcha Ispaniya va O‘zbekiston o‘yinini muhokama qilayotgan bir pallada parallel ravishda yana ikki bellashuv bo‘lib o‘tdi. Birida bizning guruhdagi Dominikan Respublikasi vaMisr o‘rtasidagi qarama-qarshilik o‘tkazilib, unda 0:0 hisobidagi nursiz durang qayd etildi.
Yana bir bellashuv "B" guruhi doirasidaArgentina vaMarokash o‘rtasida o‘tkazildi. Mana bu o‘yin esa haqiqiy dramaga aylanib ketdi. Dastlavval bizga 2023/2024 yilgi mavsum Osiyo chempionlar ligasidagi yorqin o‘yinlari bilan esda qolgan Sofian Rahimi ketma-ket 2 ta gol urib, kutilmaganda Afrika qit’asi vakillarini hisobdagi ishonchli ustunligini ta’minladi. Ikkinchi bo‘limda argentinaliklar hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi. Bir qarashda barchasi shu bilan tugaydigandek. Ammo 90+16 daqiqada Kristian Medina gol urib, dramatik o‘yinga nuqta qo‘ygandek bo‘ldi. Bellashuv yakuniga yaqin maydonga muxlislar yugurib chiqib, tartibsizliklar uyushtirishi natijasida bahs to‘xtab qoldi. Bu vaziyatga qadar mazkur o‘yin yakunigacha atigi 3 daqiqa qolgandi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, bellashuv davom ettirildi va takroriy vaziyatdan so‘ng Argentinaning 2-goli ofsayd holatida kiritilgan deb topilib,(1-rasm) bekor bo‘ldi. Mana shu voqelik atigi bir necha daqiqa ichida katta shov-shuvlarni keltirib chiqardi. Xususan, lotin amerikasi vakillari bosh murabbiyi Xavier Maskerano "Bu o‘yin haqiqiy masxarabozlik bo‘ldi" deya fikr bildirdi. Argentina afsonasi Lionel Messi esa qarama-qarshilikka nisbatan instagram sahifasi orqali "insolito", ya’ni g‘ayrioddiy deya ta’rif berdi
Xullas Olimpiadaning dastlabki kun o‘yinlari ana shunday tarzda yakunlandi. Musobaqa so‘ngiga qadar bizni yana qanday antiqa va kutilmagan voqealar qarshi olarkin bilmadik.
Fikrlar