"Parij-2024". O‘zbekiston raqiblarining biri oltin, ikkinchisi esa bronza uchun o‘ynaydi (Futbol)

  • 6 avgust, 2024, 03:44
  • Jahongir Inomjonov
  • 0
  • Olimpizm
CHERY AUTO

"Parij-2024" Olimpiadasi doirasidagi futbol bahslari ham o‘z yakuniga etib bormoqda. Biroz avval yarim final bellashuvlari nihoyasiga etdi.

Yarim finalning birinchi bahsida Marokash va Ispaniya jamoalari o‘zaro kuch sinashishdi. Avvaliga 37-daqiqada marokashlik futbolchi Rahimi o‘z jamoasini oldinga olib chiqdi. Tanaffusga mag‘lubiyat bilan yo‘l olgan Ispaniya ikkinchi bo‘limda o‘yin taqdirini hal qildi.

Uchrashuvning 65-daqiqasida Marokash himoyachilari bir-birlarini tushina olishmadi va bu vaziyatdan raqib jamoa futbolchisi Fermin Lopes unumli foydalangan holda hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Oradan 20 daqiqa o‘tganidan so‘ng Ispaniyaning ilk goli muallifi Fermin jamoadoshi Sanchesga ajoyib uzatmani amalga oshirdi va jamoaning ikkinchi goliga sababchi bo‘ldi.

Final yo‘llanmasini beruvchi ikkinchi uchrashuvda mezbon Frantsiya Misr jamoasini qabul qilib oldi. Qo‘shimcha bo‘limlarda g‘olib aniqlangan ushbu bahsda frantsuzlar haqli ravishda keyingi bosqichga yo‘l olishdi. Dastavval, uchrashuvning 62-daqiqasida Saber misrliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq, ketma-ket xavfli hujumlardan so‘ng bellashuvning 83 va 99-daqiqasidagi Matetaning goli Frantsiya muxlislari joniga oro kirdi. Qo‘shimcha taymlarning 108-daqiqasida Olise o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi va oradagi farqni yiriklashtirdi 3:1.

Shu tariqa ajoyib kambek amalga oshirgan Ispaniya va Frantsiya finalga, alamli mag‘lubiyatga uchragan Afrika jamoalari Marokash va Misr esa bronza medali uchun kechadigan bahsga yo‘l olishdi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!