"Paxtakor" bosh murabbiyi OChL, terma jamoa, tarkib va Superkubok haqidagi savollarga javob berdi

  • 4 mart, 2021, 11:58
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yangi mavsumi oldidan "Paxtakor" bosh murabbiyi Piter Xyuistra ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Quyida gollandiyalik mutaxassisning fikrlari bilan tanishib olishingiz mumkin:

Tecno

- Milliy terma jamoani muhim o‘yinlar kutmoqda va u erda ko‘plab futbolchilarimiz o‘ynaydi. "Paxtakor" doim bosim ostida bo‘ladi, bizdan ko‘p narsa kutishadi. Bosh murabbiy sifatida vazifam o‘yinchilarni yuqori darajada ushlab turish. Shanba kuni mavsumni boshlaymiz. Ikki marta "Nasaf" bilan o‘ynaymiz. O‘tgan mavsum eng yuqori pog‘ona egalari mavsumni ochib berishadi. Bu o‘ziga xos qiziq sinov.

Har mavsumda jamoalar safida o‘zgarish ro‘y beradi. "Paxtakor" ham ba’zi futbolchilarga ketishga ruxsat berdi, chunki ularga manfaatliroq takliflar bo‘ldi. Yangi o‘yinchilar safimizga kelib qo‘shildi va me’yorni saqlashga urinamiz.

- Tarkibimizga bir necha o‘yinchilarni qo‘shib oldik. Iminov va Yo‘ldoshev esa ijaradan qaytishdi. Ular yaxshi potentsialga ega futbolchilar, bu raqobat kuchayishiga xizmat qiladi. Himoya va yarim himoyada saviyamiz pastga tushmagan, biz darajani saqlab qoldik deb o‘ylayman. Faqat hujumda yo‘qotish mavjud. Tezroq jamoani jipslashtirib, yaxshiroq saviyaga chiqib olishimiz kerak. Chobanov, Azmiddinov, Xoldorxonov va Xolmatov kabi yoshlar esa asosiy jamoa bilan to‘liq shug‘ullanib, tajriba oshirib borishmoqda. Erkinov esa bemalol asosiy tarkibdan o‘rin olishga da’vogarlardan biri.

- U-21 va birinchi liga jamoalari o‘tgan yili faoliyat olib borgandi. Birinchi liga jamoasi Pro ligaga yo‘llanma olgandi, biroq ko‘plab futbolchilar "Olimpik" klubiga jalb etilgani sababli birinchi liga jamoasi faoliyati to‘xtatildi. Asosiy tarkib va U-21 tarkibi birgalikda shug‘ullanadi.

- To‘rt muhim jihat mavjud: Superkubokni qo‘lga kiritish, Superligada chempionlikni himoya qilish, Chempionlar Ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etish, o‘yinchilarni milliy terma jamoaga yaxshi holatda tayyorlab berish. "Paxtakor" bosh murabbiyi katta mas’uliyatga ega ekanini tushunaman, nafaqat o‘zim, balki o‘yinchilar uchun ham javobgarman. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri terma jamoaga ta’sir qiladi. O‘zbek futboli rivojiga kichik hissamni qo‘shishga tayyorman.

"Paxtakor" hozirgacha Superkubokda zafar quchmagan. Jamoa bu sovrinni qo‘lga kiritish ishtiyoqida turibdi. Har bir yangi murabbiy o‘z uslubi, falsafa va yangiligini olib kiradi. Ushbu murabbiy o‘zbek futboli uchun yangi Kroyffni tarbiyalab bera oladimi?

- O‘yinchilarni, tizim, falsafani yaxshi bilaman. Men uchun ko‘p o‘zgarish yo‘q. Chunki ushbu falsafa men sevgan uslub. Ishda katta o‘zgarishlar yo‘q deb aytishim mumkin. Faqat endi klub vakili sifatida ko‘proq OAV bilan muloqotda bo‘laman. Umid qilamanki, Kroyffdek futbolchi paydo bo‘ladi. Har bir klub o‘zining yoshlar jamoalari, akademiyalariga e’tibor berishi kerak. Doim yoshlar bilan ishlab kelganman. Bu klub uchun kelajakka qo‘yiladigan eng yaxshi qadamdir. "Paxtakor"da hamisha ko‘plab iqtidorlar bo‘lgan. Akademiya bilan ishlashda davom etamiz, yoshlarning mehnat qilayotganini ko‘rish doim yoqimli.

Mavsumga hozirlik jarayonidan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- Bu jarayon hamisha qiziqarli. Biz xorijda yig‘in o‘tkazdik, futbolchilar bosh murabbiy bilan yaqinlashishi, jamoaning bir-biriga moslashishida bu katta ahamiyatga ega. Yangi o‘yinchilar moslashib boradi. Jamoa va tarkib bilan ba’zi sinovlarni amalga oshirib ko‘rish mumkin. Yoshlar asosiy jamoa muhitini his qilishadi. Ba’zi futbolchilar "Spartak" va "Zenit"ga qarshi bahslarda boshqa daraja, tezlik, jismoniy imkoniyatlarni ko‘rishdi. Bu ular uchun yaxshi tajribaga aylanadi. O‘z ustida ishlash kerakligini his qilishadi.

Jamoa hujum chizig‘ida muammo bor holda nega boshqa klublarga hujumchilarini berib yubordi?

- Hamisha tanlov imkoniyatiga egamiz. Ba’zan futbolchi ko‘proq o‘ynashi yoki o‘sishi uchun boshqa klublarga berib yuborishga to‘g‘ri keladi. Bu ularning kelajagi uchun muhim. Biz turli xil variantlarni sinab ko‘rishimiz mumkin. Eren maydonga tusha olmaydigan taqdirda boshqa o‘yinchilardan foydalanishga intilamiz. Transfer oynasi hali yopilmadi. Hujumchi qidirish ishlari davom etmoqda. O‘tgan yilga nisbatan taqqoslaganda, hujumda muammo bor, to‘g‘ri. Boshqa tarafdan bu men uchun engib o‘tishim kerak bo‘lgan chaqiruv.

Chempionlar Ligasi markazlashgan holatda o‘tishi qanday ta’sir qilishi mumkin?

- Bunday musobaqa o‘zgacha o‘tadi, jamoalar bir mehmonxonada yashaydi, bir-birini ko‘radi va o‘yinlarda ishtirok etishadi. Turnirning o‘ziga bor e’tiborni qaratasiz. Raqiblarni to‘liq o‘rganib chiqasiz. Jamoani darhol navbatdagi uchrashuvga tayyorlash talab etiladi. Safar bilan bog‘liq muammolar yo‘q bo‘ladi. Yoqimsiz tarafi esa shunday katta o‘yinlarni uyda o‘ynay olmasligimiz. "Sadd" va "Shabab"ga qarshi bellashuvlarni ya’shi eslayman. Stadion deyarli to‘lgandi va bunday muhitda o‘ynash jamoaga qo‘shimcha ishtiyoq beradi. Bunday muhitni sog‘indik.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!