
"Paxtakor" ketma-ket 10 ta o‘yindan buyon bu jamoani mag‘lubiyatga uchratib kelmoqda
Mavsumni muvaffaqiyatli boshlagan "Paxtakor" Superliganing 4-turida "Metallurg"ga qarshi bahs olib boradi.
Klub matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu jamoalar shu kunga qadar o‘zaro 48 marta to‘qnash kelgan. "Sherlar" 40 bellashuvda zafar quchishgan, 4 o‘yinda "Metallurg" g‘olib chiqqan. 4 uchrashuvda jamoalar durang qayd etilgan. “Paxtakor” 128 ta gol urib, o‘z darvozasidan 36 ta to‘p olib chiqqan. "Metallurg"ni ayni paytda Jasur Abduraimov boshqarmoqda. Ushbu mutaxassis oxirgi bir necha yilda "Paxtakor" murabbiylar shtabida faoliyat yuritganini alohida qayd etish lozim.
Ushbu jamoalarning poytaxtdagi o‘yinlarida 22 marta “Paxtakor” ustun kelgan bo‘lsa, 2 uchrashuvda durang kuzatilgan. Poytaxt jamoasi uydagi bahslarda "Metallurg"ga umuman mag‘lub bo‘lmagan. Oxirgi 10 o‘yinning barchasida "Paxtakor" ushbu raqibni mag‘lubiyatga uchratib kelmoqda. So‘nggi marta Bekobod jamoasi 2016 yilgi mavsumda o‘z maydonida 2:0 hisobida g‘alabaga erishgan. O‘zaro bahslarda eng yirik g‘alaba - 6:0 natijasi "Paxtakor"ga tegishli. 2003 va 2006 yillarda "sherlar" raqibni shunday natijalar bilan dog‘da qoldirishgan. "Paxtaktor"ning yirik g‘alabalari soni jami 16tani tashkil qiladi.
Bellashuvni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuboradigan futbolchilar yo‘q.
"Paxtakor" va "Metallurg" o‘rtasidagi uchrashuv 2 aprel kuni "Paxtakor" stadionida soat 18:30da boshlanadi.
Fikrlar