
"Paxtakor" mashhur jamoa. Taklif tushsa albatta ko‘rib chiqqan bo‘lardim" - Sergey Yuran SPORTS.UZ saytiga yana nimalarni aytdi?
Rossiyalik taniqli futbol mutaxassislaridan biri Sergey Yuranni yaxshi bilasiz. U yurtida bir qator klublarni boshqardi. Oxirgi jamoasi “Nijniy Novgorod” jamoasidir. Qolaversa, Sergey Nikolaevich futbolimizga ham befarq emas. Kuni kecha Sports.uz muxbiri Yuran bilan bog‘landi. Vaqti tig‘iz bo‘lishiga qaramasdan savollarimizga qisqacha bo‘lsa ham javob qaytardi.
- Sergey Nikolaevich, suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. Sizdan oxirgi marta 2022 yilning dekabr oyida Sports.uz sayti uchun intervyu olgandim, yodingizdami? Hozir nima ish bilan bandsiz?
- Hozircha uy ishlari bilan bandman!
- Oxirgi klubingiz “Nijniy Novgorod” klubi hisoblanadi. Shundan beri aniq takliflar bo‘ldimi? Rejalaringiz qanday?
- Oxirgi paytlarda aniq bir taklif bo‘lgani yo‘q. Rejam esa tezroq ishga qaytish!
- Yodingizda bo‘lsa, ikki yil avval sizni O‘zbekistonda ishlashingiz mumkinligi haqidagi xabarlar tarqalgandi. Shundan beri sizga yana yurtimizdan jiddiy qiziqishlar bo‘ldimi?
- O‘zbekistondan hech qanday taklif kelib tushgani yo‘q!
- Rossiya chempionatida kashfiyot futbolchiga aylangan Abbos Fayzullaev haqida ko‘p gapirilyapti. U sizni nimasi bilan hayron qoldirdi?
- Rossiya chempionatiga tez moslashishi orqali Abbos meni hayron qoldirmoqda!
- Yaqinda jahon chempionati uchun asosiy saralash bahslari boshlandi. O‘zbekiston 2 ta o‘yinda g‘alaba qozondi. O‘yinlarni kuzatyapsizmi? Mundialga chiqa olamizmi?
- Terma jamoa o‘yinini tomosha qilganim yo‘q. Lekin imkoniyat har doim bo‘ladi, shunchaki ulardan foydalanish kerak xolos!
- Oldingi suhbatimizda Andrey Pyatnitskiyni tilga olgandingiz. U hozirda O‘zbekistonga qaytgan va “Dinamo” (Samarqand) U21 jamoasiga murabbiylik qilyapti. Xabaringiz bormi?
- O‘zbekistonga qaytgani uchun Andreydan xursandman!
- Yurtimizda rossiyalik taniqli futbol mutaxassisi Andrey Kanchelskis ikki marta ishladi. Ammo sovrin yutmadi. Uning O‘zbekistondagi faoliyati haqida nimalarni bilasiz?
- Ha, Kanchelskis bilan gaplashdim. U menga o‘yinlarga juda ko‘p muxlislar kelayotganini, lekin baxtga qarshi ularni g‘alaba bilan quvontira olmayotganlaridan xafa bo‘lganini aytdi.
- “Paxtakor” klubi bosh murabbiy Maksim Shatskixni iste’foga chiqarishi kutilyapti. Agar ushbu klubdan sizga taklif bo‘lsa buni qabul qilarmidingiz?
- “Paxtakor” - juda mashhur jamoa. Uning oldiga hamma vaqt jiddiy vazifalar qo‘yiladi. Taklif kelib tushsa, albatta ko‘rib chiqqan bo‘lardim.
- Yurtimizdagi qaysi murabbiylar bilan yaqin munosabatdasiz?
- Hech kim bilan!!!
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar