
"Paxtakor" murabbiyi uchun bugungi final jamoadagi oxirgi o‘yinmi? - Piter Xyuistra javob berdi
O‘zbekiston kubogi finalidan so‘ng, ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda dastlab "sherlar" ustozi Piter Xyuistra o‘yin borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Og‘ir uchrashuv o‘tkazdik. Ayniqsa, qizil kartochkaga qadar yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan edik. Bellashuv kartochkalarga boy bo‘ldi. “Nasaf” jamoasi bugun o‘zining eng yaxshi o‘yinini namoyish etdi. Afsuski, mavsum davomida ko‘rsatib kelgan o‘yinimizni namoyish qila olmadik. Umuman olganda, mavsumni yomon o‘tkazmadik. Ammo so‘nggi bellashuvda mag‘lubiyatga uchraganimiz ko‘ngilni biroz xira qildi.
Bugungi mag‘lubiyatimizning asosiy sababi - ayrim futbolchilarimizda asabiylik kuzatildi. O‘yinni nazorat qila olmadik, diqqatimizni uchrashuvga qarata olmadik. Bu narsa yakuniy natijaga ham ta’sir o‘tkazdi. Futbol shunday o‘yinki, bellashuv taqdirini birgina xato yoki burchak zarbasi orqali o‘zgarib ketishi mumkin. Biroz hayajon, asabiylashish va bahs so‘nggiga qadar kontsentratsiyani saqlay olmaganimiz – bugun mag‘lubiyatimizga sabab bo‘ldi.
Raqibga ko‘rsatilgan qizil kartochkadan so‘ng, hujum qilish o‘rniga xatolar ko‘paydi va natijada asabiylik yuzaga keldi.
Bir narsani aytib o‘tishni joiz, deb bildim. Hakamlar singari futbolchilar ham VAR bilan o‘ynashni o‘rganishlari lozim. Ya’ni uchrashuv davomida to‘xtalishlar yuzaga kelishi futbolchilarda shijoatning tushishiga olib kelmasligi kerak.
Yaqin kunlar ichida klub rahbariyati bilan kelajagim borasida gaplashib olaman. Muzokaralarning borishi ko‘plab faktorlarga bog‘liq. Masalan, jamoaning kelgusi mavsum uchun rejalari, byudjeti, bugungi bahs natijasi ham muzokaralarning borishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Oldin ham ta’kidlagan edim, menga O‘zbekistonda ishlash, bu erdagi shart-sharoitlar juda ham ma’qul kelmoqda, - dedi Piter Xyuistra.
Fikrlar