Piter Xyuistra: "To‘g‘ri, bugun bizga osonroq bo‘ldi, ammo AGMK bilan boshqacha o‘yin bo‘ladi"

  • 15 mart, 2021, 23:00
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Paxtakor” klubi ikkinchi turda “Mash’al”ga qarshi uchrashuvda ishonchli tarzda raqibini mag‘lub etdi. Kiritilgan uchta golga mehmonlar javob qaytara olmadilar. Bahs yakuniga etgach, o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Paxtakor” ustozi Piter Xyuistra jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

- Barchaga xayrli kech! Biz yana uchta gol urdik va darvozamiz daxlsizligini saqlab qolganimizdan xursandmiz, - deya gap boshladi Xyuistra. - Yaxshi taassurotlarni yuzaga keltirish uchun birinchi o‘yin hamisha katta ahamiyatga ega. O‘yinni yaxshi boshladik. To‘pni va o‘yin sur’atini nazorat qildik. Tez-tez o‘zimiz uchun raqib darvozasi oldida bo‘sh hududlarni yaratdik va bu orqali imkoniyatlarga ega bo‘ldik va 35 daqiqa ichida kiritilgan ikkita goldan keyin biroz sur’atni tushirdik. Natijada xotirjamroq o‘ynashga o‘tdik. Shunga qaramasdan ikkinchi bo‘limda ham yana hujumkorlikni oshirdik va uchrashuvni juda yaxshi yakunladik. Hisobdan ham, o‘yinni munosib o‘tkaza olganimizdan ham qoniqish hosil qildim. Endi uch kundan keyin Olmaliqda AGMK bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaymiz. Bu uchrashuv qiyin hamda qiziqarli bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Bor e’tiborimizni bo‘lajak uchrashuvga qaratamiz.

- Aziz Turg‘unboev jamoaning o‘yin uslubiga kirishib keta olmayapti. Bu haqda nima deya olasiz?

- Yangi kelgan o‘yinchilarning jamoaga qo‘shilib ketishi oson emas. Sardor Rashidov, Aziz Turg‘unboev va Sherzod Temirov jamoaga kirishib ketishi uchun to‘liq moslashish jarayonini bosib o‘tishlari kerak. Lekin hozirni o‘zida ularning jamoa uchun oxirigacha kurashishayotgani meni xursand qilyapti.

- Eren Derdiyok uchrashuv oxirlarida to‘p uchun deyarli kurashmay qo‘ydi. U charchab qolganmidi?

- Eren o‘yindan-o‘yinga yaxshiroq va kuchli bo‘lib boryapti. To‘g‘ri, bugun gol ura olmadi. Ammo jamoangizda shunday futbolchi bor ekan, raqib himoyachilarini doim xushyorlikda ushlab tura olasiz. Erenning butun o‘yinini oladigan bo‘lsak, jamoa uchun yaxshi mehnat qilganini ayta olaman.

- Osiyo Chempionlar ligasi bahslariga ham oz fursat qolyapti. Klubni tark etgan Igor Sergeev darajasidagi hujumchi olib kelinmadi. Bu sizning qaroringizmi?

- Har qanday holatda ham jamoaning byudjetidan kelib chiqib ish tutiladi. Demak, byudjet yo‘l qo‘ymagan taqdirda vaziyatdan kelib chiqib ish tutiladi. Bu borada o‘zimizga mos o‘yinchi topmadik. Lekin boshqa tarafdan tarkibimizdagi yoshlarga o‘zlarini ko‘rsatish uchun yaxshi imkoniyat. Bugun ham maydonda Yo‘ldoshev, Erkinov va Iminov kabi iqtidorlarni ko‘rdik. Ularda katta iqtidor bor. Murabbiy sifatida ular bilan ishlab, rivojlantirishga harakat qilishimiz kerak va bu biz uchun foydali bo‘lishi mumkin. O‘tgan mavsumda zaxira o‘rindig‘imizda tajribali o‘yinchilar o‘tirardi. Lekin bu yil yo‘qotishlardan keyin zaxiramizda asosan yoshlar bor. Bu esa o‘sha tarkib o‘rtasidagi farqni biroz ko‘rsatadi.

- Bugun jamoa ko‘plab sun’iy ravishda o‘yindan tashqari holatlarni yaratdi. Bu borada alohida ko‘rsatmangiz bo‘lganmi?

- Albatta, buni yaratdik. Chunki darvozamizdan uzoqlashgani sari raqib o‘yinchilarini ham uzoqlashtiramiz. Shu bois buni amalga oshirdik.

- Arveladze paytida nomi chiqqan futbolchilarni shunga yarasha o‘yinini ko‘rardik. Endi mehnatkash futbolchilarning jangovor o‘yinlarini ko‘ryapmiz. Shunda ham “Paxtakor” boshqalardan bir kalla yuqori. Bu sizni klubda o‘yinni o‘stirishingizga xalaqit bermaydimi?

- Birinchi navbatda o‘zimizga qabul qilgan sinov va chaqiriq sifatida yosh o‘yinchilarning darajasini ko‘tarishga urinishimizni aytish mumkin. Ularni va yangi futbolchilarni tezlik bilan o‘zimizga moslashtirib chempionlar ligasida yaxshi darajani saqlab qolishimizni ko‘rsatishimiz kerak. “Nasaf” bilan o‘tkazilgan ikkita o‘yinimiz biz uchun keskin uchrashuvlar bo‘ldi. To‘g‘ri, bugun biroz osonroq kechdi, gollarni tezkorlik bilan urib oldik. AGMK bilan o‘yinimizni ham keskin o‘tishini kutyapman. Aynan shuni o‘zi va har bir uchrashuvda yangi darajaga chiqib borishimiz biz uchun yangi sinov bo‘ladi. Shuning uchun ishlashda davom etamiz.

- “Nasaf”ga qarshi o‘yin bilan bugungi bahs o‘rtasida qanchalik farq sezildi?

- Futbolda har doim farq bo‘ladi. Hattoki, maydon masasi, quyosh chiqishi yoki shamol bo‘lishi...umuman, har bir o‘yin o‘rtasida farq bo‘ladi. Bugun meni xursand qilgani futbolchilarimiz o‘yin boshidan oxirigacha o‘zlarini ko‘rsatishga harakat qilishdi. Imkoniyatlarni yaratish, gollar urish, himoyalanish, barchasi yaxshi darajada bo‘ldi. Ammo AGMK bilan o‘yin boshqacha bo‘lishi mumkin. Chunki bu kuchliroq raqib. Demak, o‘yin ham shunga yarasha bo‘ladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!