Pro ligada Temur Kapadze boshqaruvidagi yangi klub paydo bo‘ladi
Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati futbol bo‘yicha Olimpiya terma jamoasini shakllantirish va ularning shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish masalalari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazishdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, O‘FA raisi Abdusalom Azizov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining hamda O‘FA raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, MOQ raisi o‘rinbosari Saken Polatov ishtirok etdi. Rejada, futbol bo‘yicha Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘radigan Temur Kopadze boshchiligidagi yoshlar jamoasidan iborat klub tuzilib, jamoa uchun zamonaviy baza shakllantirish masalalari turibdi. Bugungi uchrashuvda bu borada atroflicha muhokama olib borildi.
“Olimpiya” nomi ostida tuziladigan bo‘lajak jamoa yangi mavsumdan boshlab Pro-ligada ishtirok etishi rejalashtirilgan. Klub Toshkent viloyatidagi “Evrosiyo” (sobiq “Do‘stlik”) sport majmuasida qo‘nim topadi. Uchrashuvda bazadagi sharoitlar yaqindan o‘rganilib, qilinishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha vazifalar belgilab olindi. Unda kompleks tarkibiga 50-60 o‘rinli kichik mehmonxona, qo‘shimcha maydonlar qurish, ob’ektning infratuzilmasini qayta rekonstruktsiya qilish kabi xulosalarga kelindi.
Bu loyihalarning barchasi Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga futbol bo‘yicha Olimpiya terma jamoamizning litsenziya olishini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Qayd etish kerak, Olimpiya terma jamoasini shakllantirish bo‘yicha bunday amaliyot o‘zbek futboli tarixida birinchi bora amalga oshirilmoqda. 4 yil avval OTJ shakllantirilyapti va yaxlit klub sifatida musobaqalarda ishtirok etishi futbolchilarni yanada jipslashtirib, ularda muntazam o‘yin amaliyoti bo‘lishi ta’minlaydi.

Fikrlar