
Pro ligadan Superligaga "Turon" bilan "Andijon" chiqadi! Negaligini bilasizmi?
Yaypanning “Turon” klubi ayni damda pro ligada yakka peshqadamlik qilmoqda. Ularning maqsadini bilasiz, yana Superligaga qaytish. Bu borada tarkib ham shunga yarasha shakllantirilgan. Ammo murabbiylar hozirda ixtiyoridagi barcha o‘yinchilardan foydalana olmayapti.
Masalan, 28 yoshli yarim himoyachi Doniyor Ismoilov jamoa o‘yinlarida ko‘rinish bermay qo‘ydi. Natijada muxlislarda turli savollar paydo bo‘ldi. Bu yil hisobidan u faqat ikkita uchrashuvdagina maydonga tushdi xolos. “G‘ijduvon” hamda “Zomin” bilan o‘tkazilgan bahslarda Doniyor zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Sports.uz muxbiri esa Ismoilov bilan bog‘landi.
“Jarohat olgandim, endi umumiy mashg‘ulotlarga qo‘shildim”
- Yilning boshida biroz jarohatim bor edi. Chempionat boshlanmasidan avval shunday bo‘lib qolgandi. Albatta, davolandim. Aslida maydonga qaytgandim va ikkita uchrashuvda “Turon” safida o‘ynadim. Afsuski, o‘sha ikkita uchrashuvdan keyin yana jarohat oldim. Shuning uchun bir qator bellashuvlarni o‘tkazib yuborishimga to‘g‘ri keldi. O‘tgan vaqt davomida muolaja oldim. Mana, endi kechadan umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarda qatnashishni boshladim. Asta-sekin tiklanib boryapman. Xudoga shukr, operatsiya bo‘lmadim. Davolanish jarayonini muolajalar bilan o‘tkazdim.
“Boshqa takliflarga qaramadim”
- Bu yilgi mavsumni yana “Turon” klubida boshladim. Klubda qolish o‘zimning qarorim edi va bundan tashqari jamoa bilan amalda yana bir yilga mo‘ljallangan shartnomam mavjud edi. “Turon”dagi yaratilgan sharoitlar qoniqtirgani uchun faoliyatimni shu klubda davom ettirishga qaror qildim. Boshqa takliflarga qaramadim. Shu erda ham hammasi yaxshiroq.
“Pro liga musobaqasi ijobiy tomonga o‘zgarib ketdi”
- Bu yilgi pro liganing plyus jihatlari ko‘proq. Chempionat saviyasi ancha o‘sdi, buni o‘zingiz ham bilasiz. Yildan-yilga mavqei ko‘tarilyapti. Ayniqsa, pro liga uchrashuvlari “Futbol TV” telekanalida jonli ravishda efirga uzatilishni boshlagach, unga bo‘lgan qiziqish ham, saviyasi ham ortib ketdi. Shuning uchun o‘ylaymanki, bu musobaqada hammasi ijobiy tomonga o‘zgarib ketdi. Borgan sari Superliga darajasiga etib qolyapti, o‘rtada ozgina farq qolyapti xolos.
“O‘tgan yilgidan qiziqarliroq”
- Pro ligada intriganing oshishiga yana bir sabablardan biri Superligaga chiqish uchun kurashayotgan klublarning ortganligidir. O‘z oldiga elitaga qaytish vazifasini qo‘ygan jamoalar kurashga jiddiy kirishishgan. Maqsadi bor klublar ko‘proq. Shuning evaziga pro liga o‘tgan yilgidan ham qiziqarliroq o‘tyapti. Turnir jadvalini ham ko‘rib turibsiz, yuqori o‘rinlardagi klublarni ochkolari deyarli teng va bir-biriga yaqin. Hech kimni befarq qoldirmayapti.
“Turon” kuchliroq”
- “Turon” jamoasini boshqalardan kuchliroq deb o‘ylayman. Jismoniy tomondan ham yaxshiroq. Lekin raqobat juda yuqori. Superligaga chiqish uchun intilayotgan jamoalar ko‘proq. “Mash’al”, “Andijon”, “Buxoro” singari klublar biz uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri asosiy raqobatchilarimiz.
“Bunaqangi ishqibozlarga Superliga yarashadi”
- Superligaga kim chiqadi? “Turon” bilan birga “Andijon” elitaga qaytadi deb o‘ylayman. O‘tgan yili o‘zim ham “Andijon” jamoasida o‘ynaganman. Shuning uchun bu klubni yaxshi bilaman. Ajoyib jamoa. Muxlislari ham jonkuyar. Bunaqangi ishqibozlarga faqat Superliga yarashadi. O‘z jamoasini kuchlilar orasida qo‘llab-quvvatlashga munosib. Balki “Buxoro” ham qo‘shilib qolar. Umuman, barchasi yaxshi klublar. Muhimi, hammasini maqsadi bor.
“Har doim jamoamga yordam bergim keladi”
- Maydon chetida o‘yinlarni kuzatish qiyin. Jamoadoshlarimga yordam bergim keladi. Ammo jarohat bilan o‘ynasa, keyinchalik undan-da yomon oqibatlarga olib kelishi turgan gap. Tezroq sport formamga qaytib, “Turon”ga yordam berishga harakat qilaman. Har bir uchrashuvni ko‘rgan paytimda jamoamga yordam bergim kelaveradi. Faqat hozir biroz sabr qilib turishimga to‘g‘ri kelyapti. “Turon”da menga hammasi qulay, o‘z uyimdek bo‘lib qolgan. Shu bois jamoani o‘zgartirish niyatim ham yo‘q. Hamma narsa yoqadi. Xudo xohlasa, bu yil muxlislarimizni xursand qilib, “Turon” bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan holda Superligaga qaytmoqchimiz. Barcha klublarga omad tilayman.
Fikrlar