
Professional boks olamidagi sensatsiyalar (Birinchi qism)
Professional boks olami bizga bir-biridan keskin, ajoyib bahslarni taqdim etadi. Ular orasida o‘ziga hos sensatsiyalar ham juda ko‘p uchraydi. Axir, bu boks, unda esa har doim kuchlilar etishib chiqaveradi. To‘g‘ri, mag‘lubiyatga uchramagan charmqo‘lqop ustalari ham bor. Ular odatda, aqlli bokschilar sarasiga kiradi. Chunki, faoliyati mobaynida etarli mablag‘ni ishlab olib, unga qanoat qilgan holda, katta sportni mag‘lubiyatsiz tark etadilar. Garchi, yulduzlik davrini surayotgan bo‘lsada... Bunga yaqqol misol qilib, Floyd Meyvezerni keltirish mumkin. Bu borada ham uzoq fikr yuritsa bo‘ladi. Biroq biz bugun boshqa mavzuda yozmoqchimiz. Ya’ni professional boks olamidagi o‘ziga hos sensatsiyalar, mo‘jizaviy janglarga e’tibor qaratish niyatidamiz. Bunday janglar juda ko‘p bo‘lgan. Biz ana shunday qarama-qarshiliklarni seriya tarzida sizning e’tiboringizga havola etish istagidamiz. Demak, birinchi qismda biroz tarixga yuzlanamiz...
Charlz "Sonni" Liston va Muxammad Ali
1964 yilda, Luisvill shahridan bo‘lgan 22 yoshli Kassius ismli yosh yigit dunyoni larzaga solib, boks tarixidagi eng dahshatli nokautchilardan biri bo‘lgan "Sonni" laqabli Charlz Listonni mag‘lubiyatga uchratdi. Boks olamidagi deyarli barcha taniqli mutaxassislar tomonidan berilgan asosiy savol: "Kley Listonga qarshi jangda ikkinchi raundga qadar dosh bera oladimi?" Kassiy nafaqat ikkinchi raundgacha turib bera oldi. Balki Listondan chempionlik kamarini tortib olishga ham muvaffaq bo‘ldi (Charlz jangning ettinchi raundiga chiqishdan bosh tortgan). Keyinchalik Kley islom dinini qabul qilib, Muxammad Ali nomini oladi.
Mayk Tayson - Djeyms "Baster" Duglas
1990 yil 11-fevral kuni Tokiodagi ringda nafaqat professional boks, balki umuman sport olamida eng kuchli shov-shuv ko‘tarildi. O‘sha kuni Temir Mayk chempionlikka da’vogarlar orasidagi eng zaif hisoblangan bokschi bilan ringga chiqadi. Professional boksning taniqli mutaxassislaridan hech biri Basterning zarracha bo‘lsada, Taysonni mag‘lub eta olishiga ishonmagan edi. Tayson bilan jangdan uch xafta avval Duglas hayotida fojia yuz beradi. Ya’ni uning onasi vafot etadi. Bundan tashqari, jang kechasidan bir necha kun oldin, uning rafiqasi jiddiy buyrak kasalligi bilan kasalxonaga yotqizilgan. Shunday achinarli holatda, Baster hayotidagi eng muhim jangga yo‘l oladi. Jeymsning o‘zi shunday deydi: "Boshimga tushgan bunday fojialardan so‘ng, Taysondan mag‘lubiyatga uchrash hayotdagi eng yomon narsa emasligini angladim va ringga mutlaqo xotirjam va sovuqqonlik bilan chiqqanman". Duglas bilan jang arafasida Taysonning ishlari ham orqaga ketadi. Xotinidan ajrashish, davomiy sud jarayonlari, murabbiyi Kevin Runini uni tark etishi, aql bovar qilmaydigan yuk Maykning ruhiy holatiga bosim o‘tkazadi. Qolaversa, u raqibining kuchiga to‘g‘ri baho bermaganliga ham ushbu jangni boks ishqibozlari asrlar davomida eslab qolishlariga sabab bo‘ldi. Ajoyib to‘qnashuvda Duglas o‘n birinchi raundda Taysonni nokautga uchratadi va shu bilan boks bo‘yicha mutloq jahon chempioniga aylanadi.
Lennoks Lyuis- Oliver Makkol
1994 yil sentyabr oyida AQShning Kaliforniya shtati Sakramento shahrida WBC yo‘nalishi bo‘yicha yosh va engilmas jahon chempioni Lennoks Lyuis Mayk Taysonning sobiq sparring sherigi Oliver Makkol bilan ringga chiqadi. “Atom buqasi” nomi bilan mashhur Makkoll jangning ikkinchi raundida Lyuisni sensatsion tarzda nokautga uchratdi. Bu Lennoksning faoliyatidagi birinchi mag‘lubiyati edi. Makkolning g‘alabasi nafaqat boks tarixidagi eng kutilmagan voqealardan biri sifatida qayd etiladi. Shuningdek, Oliverni "omadli laki panch" sohibi sifatida ham eslashadi.
Vladimir Klichko - Laymon Bryuster
2004 yil 10 aprelda AQShning Las-Vegas shahrida ukrainalik Vladimir Klichko hamda AQShlik Laymon Bryuster o‘rtasidagi vakant bo‘lgan, WBO kamari uchun jang kechadi. Mazkur to‘qnashuvda kichik Klichkoning mag‘lubiyatini juda kam odam kutgan edi. Biroq, oxir-oqibat aynan shunday bo‘ldi. Juda og‘ir va achinarli mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Laymon dastlabki to‘rt raundda to‘liq imkoniyatni boy berayotgan edi. Beshinchi raundda esa kutilmaganda Vladimirni nokautga uchratadi.(Davomi bor)
Ahmadbek EShMATOV tayyorladi.
Fikrlar