
PSJ, Xoland, Sterling - transfer olamidagi so‘nggi yangiliklar
SPORTS.uz transfer bozoridagi yangiliklar bilan o‘rtoqlashadi. Sizlarga yanada qulaylik tug‘dirish maqsadida bir necha xabarni bir sahifaga jamladik.
“Real” Madridning ikki futbolchisi “Napoli”ga o‘tishi mumkin.
“Napoli” jamoasi Luka Yovich va Mariano Diasni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Hujumchilar Madridda etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgani uchun neapolliklar nishoniga tushgan.
PSJ bir necha kundan beri Zidan bilan muzokara o‘tkazmoqda.
“Le Parisien” xabariga ko‘ra, Maurisio Pochettinoning kelajagi so‘roq ostida qolgan va parijliklar bir necha bor Zidan bilan gaplashgan. Argentinalik mutaxassis “Yunayted”ga o‘tishi deyarli aniq bo‘lgani uchun Zinedin Parij jamoasining yangi murabbiyi bo‘lishga da’vogarlar orasida etakchi bo‘lib turibdi.
"Nyukasl" Dembeleni o‘z safiga qo‘shib olish uchun harakat qilmoqda.
"Nyukasl" "Barselona" yarim himoyachisini sotib olishga harakat qilmoqda. “Mundo Deportivo” xabariga ko‘ra, Premer-liga jamoasi yanvar oyida Usmon Dembeleni qo‘lga kiritish uchun muzokaralar olib boradi. Kataloniyaliklar murabbiyi Xavi 24 yoshli futbolchini qo‘yib yuborishni istamayapti. Biroq APL klubi muzokaralarni to‘xtatmoqchi emas va qishki transfer oynasida taklif jo‘natishni niyat qilgan.
“Manchester Siti” Rahim Sterling bilan yangi shartnoma imzolashiga ishonmoqda.
"Manchester Siti" rahbarlari Sterling tez orada formaga qaytishi va jamoada qolishiga ishonmoqda. Shu bois, klub unga yangi shartnomani tayyorlayapti, deya xabar beradi “The Sun” nashri. “Barselona”dan taklif olgan futbolchining "shaharliklar" bilan amaldagi shartnomasi tugashiga hali 18 oy vaqt bor.
Arauxoning yangi shartnoma imzolashiga APL klublari to‘sqinlik qilmoqda.
ESPN xabariga ko‘ra, Ronald Arauxoning va "Barselona" o‘rtasidagi yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Bunga Premer-liga klublarining qiziqishi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
Bir qator ingliz grandlari 22 yoshli himoyachini amaldagi shartnomasi yakunlanishini kutmoqchi. Tomonlar o‘rtasidagi bitim 2022 yilning may oyida nihoyasiga etadi. “Barsa” Arauxo bilan yangi shartnoma imzolashni istaydi, ammo uning maoshi ham bunga to‘siq bo‘lishi mumkin.
"Chelsi" Kristian Pulishichni sotishga tayyor
“El Nacional” nashrining ma’lum qilishicha, "Chelsi" Pulishichni 2022 yilda sotishga tayyor. 23 yoshli futbolchi qishki transfer oldidan bir nechta takliflar oldi. Unga qiziqayotgan klublar orasida “Barsa” ham bor, ammo "Chelsi" Pulishich uchun kamida 42 million funt talab qiladi.
"Manchester Yunayted" Dushan Vlaxovich uchun kurashga qo‘shildi
MYu "Fiorentina" hujumchisi Vlaxovich uchun kurashga qo‘shildi, deya xabar beradi “Daily Mail”. Kelasi yozda Florentsiyani tark etishi kutilayotgan 23 yoshli futbolchiga "Manchester Siti", "Tottenxem" va "Yuventus" jamoalari qiziqish bildirmoqda.
Fikrlar